Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Olimpiada g‘oliblariga Inha universiteti o‘quv markaziga bepul yo‘llanma berildi

Olimpiada g‘oliblariga Inha universiteti o‘quv markaziga bepul yo‘llanma berildi

Foto: Inha

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Toshkent axborot texnologiyalari hamda Toshkent shahridagi Inha universitetlari bilan hamkorlikda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi fizika va matematika fanlari bo‘yicha Respublika olimpiadasini tashkil qildi.

Respublika olimpiadasida mamlakat hududida joylashgan akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining bitiruvchi yoki bitirgan o‘quvchilari, shuningdek, o‘n bir yillik umumiy o‘rta maktablarning 11-sinf bitiruvchilari ishtirok etdilar.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi fizika va matematika bo‘yicha Respublika olimpiadasiga 2018-yilning 20-yanvarida start berilgan edi. Dastlabki bosqich tanlovning www.matfiz.uz saytida 20-yanvardan 10 fevralga qadar onlayn rejimda o‘tkazilgandi. Unda jami 4755 nafar yoshlar ro‘yxatdan o‘tib, 4 ming nafar o‘quvchi onlayn testda ishtirok etganlar. Mazkur bosqichda 80 balldan yuqori natijaga erishgan 585 nafar ishtirokchi navbatdagi bosqichda qatnashish huquqini qo‘lga kiritdilar.

Shundan so‘ng Toshkent axborot texnologiyalarining viloyatlarda joylashgan bo‘linmalarida shu hudud hamda mintaqaviy viloyatlardan kelgan o‘quvchilar ishtirokida olimpiadaning ikkinchi bosqichi o‘tkazildi.

Yozma imtihonlar yakuniga ko‘ra, eng yuqori natijani qayd etgan 13 nafar o‘quvchi 23-fevralda o‘tkazilgan so‘nggi bosqichda ishtirok etdilar.

Natijalarga ko‘ra, O‘tkir Sultonov (Samarqand), Umrbek Masharipov (Xorazm) va Muhriddin Sa’dullayev (Buxoro) Respublika olimpiadasining g‘oliblari deb topildilar.

G‘oliblarga hamda so‘nggi bosqichga yetib kelgan o‘quvchilar diplom va «O‘zbekiston pochtasi» AJ, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish fondi, Elektromagnit moslashuv markazi DUK, «UNICON.UZ» hamda Toshkent shahridagi Inha universitetining qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Shuningdek, so‘nggi bosqichning barcha qatnashchilariga Toshkent shahridagi Inha universitetining o‘quv markazida ingliz tilini bepul o‘rganish uchun yo‘llanma taqdim etildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring