Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

FHDYo ma’lumotlari DXM orqali olinmoqda

FHDYo ma’lumotlari DXM orqali olinmoqda

Fuqarolarga yanada qulaylik yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 15 fevraldagi 134-sonli qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan arxiv hujjatlarini berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga muvofiq, Toshkent shahrida jismoniy shaxslarga fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari (FHDYo) haqidagi (tug‘ilish, nikoh, nikohdan ajralish, o‘lim, yolg‘iz ona, otalikni belgilash, ma’lumotlar mavjud yoki mavjud emasligi haqida va boshqa) ma’lumotnomalarni berish davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladi.

Joriy yilning 7 iyunidan boshlab murojaatchilar mazkur davlat xizmatidan eksterritorial tamoyil asosida o‘zlariga qulay bo‘lgan, istalgan Davlat xizmatlari markazlariga kelgan holda foydalanishlari mumkinligi to‘g‘risida OAVlarda xabar berilgan edi.

Mazkur davlat xizmatidan bugungi kunga qadar jami 1075 ta murojaat Davlat xizmatlari markazlariga kelib tushgan, shulardan 640 ta murojaatchilarga ma’lumotlar berilgan, 435 tasi esa ko‘rib chiqish jarayonida.

Davlat xizmatidan foydalanish uchun Markaz xodimi murojaatchi nomidan so‘rovnoma to‘ldiradi va so‘rovnomaga quyidagilar ilova qilinadi:

— pasport yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat nusxasi;
— ariza beruvchi ishonchnoma asosida harakat qilayotganda – ishonchnoma nusxasi;
— ariza beruvchining marhumga qarindoshligini tasdiqlovchi hujjatlari;
— ariza beruvchi vasiyatnomaga asosan merosxo‘r bo‘lganda — vasiyatnoma va marhumning o‘limi haqida guvohnoma nusxalari, ariza beruvchi qonuniy vakil bo‘lsa – uni tasdiqlovchi hujjat nusxasi ilova qilinadi.
— Ariza beruvchi taqdim etgan hujjatlar nusxalari Davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan ularning asl nusxalaridan olinadi.
— Qarorga ko‘ra, davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun eng kam oylik ish haqining 5 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.

Fuqarolardan davlat xizmatini ko‘rsatish jarayonida ortiqcha hujjatlar talab etilganda yoki ta’magirlik holatlariga yo‘l qo‘yilganda Davlat xizmatlari agentligining 1148 qisqa raqamli Ishonch telefoniga murojaat etishlari so‘raladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring