Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevrokomissiya prezidenti Markaziy Osiyo davlatlarini uch muhim yo‘nalishda hamkorlikka undadi

Yevrokomissiya prezidenti Markaziy Osiyo davlatlarini uch muhim yo‘nalishda hamkorlikka undadi

YeI va MO vakillari ma’lum tanaffusdan keyin ilk bor yuzma-yuz ko‘rishdilar. Foto: YeI delegatsiyasi matbuot xizmati

Foto: YeI delegatsiyasi matbuot xizmati

Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi. YeIning 2019-yilgi Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi doirasida o‘tkazilgan yuqori darajadagi uchrashuvda mintaqa davlatlari bosh vazirlari, hukumat rahbarlari o‘rinbosarlari, xalqaro moliya institutlari va hamkor xalqaro tashkilotlarning yuqori martabali vakillari jam bo‘ldi. Mashvaratda YeI nomidan Yevropa komissiyasining iqtisodiy va savdo masalalari bo‘yicha ijrochi vitse-prezidenti Valdis Dombrovskis ishtirok etdi.

Anjuman doirasidagi muhokamalar uchta asosiy mavzu – yashil tiklanish, raqamlashtirish va biznes muhiti tegrasida kechdi.

Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen forum ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida YeI va Markaziy Osiyo hamkorligi mintaqa iqtisodiyotini tiklashda qay darajada muhim ekaniga e’tibor qaratdi.

Ursula fon der Lyayen: «Markaziy Osiyoning gullab-yashnashi Yevropa uchun muhim». Foto: AP

«Markaziy Osiyo Yevropa uchun ahamiyatli. Yevropa ham Markaziy Osiyo uchun ahamiyat kasb etadi. Mustaqillikka erishilganidan keyingi 30 yil davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti muttasil o‘sib bordi. Pandemiya esa barchamizni tang ahvolga soldi. O‘zaro hamkorligimiz iqtisodiy dvigatelingizni qayta ishga tushirishda asqotishi mumkin. Ayni choqda, robitalarimiz Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotini uzoq istiqbolda yanada kuchli, adolatli va barqaror etishga xizmat qilsa ajab emas», – dedi Yevrokomissiya prezidenti.Qayd etilishicha, ayni paytda Yevropa iqtisodiyotini qayta isloh etish, xususan, yashil energiya hamda raqamli infrastrukturaga o‘tishga jiddiy e’tibor qaratmoqda. «Ekologik tiklanish, raqamlashtirish va yanada qulay ishbilarmonlik muhiti. Bugungi kun tartibimizda ham ushbu uch masala mavjud. Yevropa ushbu sohalar bo‘yicha benazir tajribaga ega. Shu bois ham biz mushtarak manfaatlarimiz uchun Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlariga yanada yaqin hamkorlikni taklif etamiz», – dedi Ursula fon der Lyayen xonim.   Ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyo allaqachon iqlim o‘zgarishlaridan aziyat chekmoqda. Joriy yil yozda mintaqadagi qurg‘oqchilik sabab hosil nest-nobud bo‘ldi, jonivorlar qirildi, suv havzalari quridi.  «Lekin Markaziy Osiyo qayta tiklanadigan energiya borasida hali foydalanilmagan ulkan salohiyatga ega. Puxta o‘ylab kiritilgan sarmoya orqali mintaqangiz ko‘mir va boshqa qazilma ko‘rinishidagi yoqilg‘i turlariga tobelikdan xalos bo‘lishi, sifatli ish o‘rinlari yaratilishi va nafas olayotgan havomiz tozaligiga erishish mumkin. Keling, yashil sarmoya iqtisodiyotni tiklashga ko‘mak bermog‘i yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilaylik!» – deya mintaqa davlatlarini hamkorlikka chorladi Yevrokomissiya prezidenti.

Xalqaro mashvaratda O‘zbekiston nomidan bosh vazir Abdulla Aripov qatnashdi. Foto: YeI delegatsiyasi matbuot xizmati

YeIning yuqori martabali mansabdori raqamlashtirish, qulay ishbilarmonlik muhiti borasida ham mintaqaga ko‘mak qo‘lini cho‘zish mumkinligini ta’kidladi. Bu borada esa Global Gateway Europe strategiyasi muhim ahamiyat kasb etadi. «Markaziy Osiyo jug‘rofiy xususiyatiga ko‘ra global darvoza sanaladi. Sizlar Yevroosiyo markazida joylashgansizlar. Sizlarning gullab-yashnashingiz Yevropa uchun muhim. Hamkorligimiz xalqingiz koriga ham yarashiga ishonchim komil», – deya so‘zlarini yakunladi Ursula fon der Lyayen xonim. Anjuman davomida COVID-19 pandemiyasi oqibatida yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy inqirozdan keyingi tiklanish va oyoqqa turish muammolari hamda ularni yechish yo‘llari ham muhokama etildi. YeI Markaziy Osiyo mintaqasining muhim iqtisodiy hamkori bo‘lib qolmoqda. Forumda qayd etilishicha, so‘nggi 10 yilda YeIga a’zo mamlakatlar Markaziy Osiyoga 105 milliard yevrodan ziyod sarmoya kiritgan. Bu esa mintaqaga yo‘llangan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalarining salmoqli qismini tashkil etadi. 

Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi yakunida matbuot uchun qo‘shma bayonot berildi.

Unda tomonlar atrof-muhitni tiklash, raqamlashtirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash hamda barqarorlik, farovonlik va mintaqaviy robitalarni rag‘batlantirishga qaratilgan  hamkorlikni mustahkamlash istagida qat’iy ekanlarini ma’lum qilganlar. Qolaversa, Markaziy Osiyoda COVID-19 Inqiroziga qarshi kurashish dasturi doirasida va Markaziy Osiyo uchun 2021-2027 yillarga mo‘ljallangan Mintaqaviy indikativ dastur doirasida Yevropa Ittifoqi ko‘magi muhim ekani qayd etilgan. Qo‘shma bayonotda forumning uchta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring