Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

YI O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashga ko‘maklashadi

YI O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashga ko‘maklashadi

Yevropa Ittifoqi, GIZ boshchiligidagi YeI konsorsiumi, BMT Taraqqiyot dasturining Toshkentdagi vakolatxonasi va O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishga qaratilgan katta tashabbusga start berdi. Bu haqda 19 aprel kuni Toshkentda o‘tkazilgan anjumanda ma’lum qilindi.  

YI tomonidan moliyalashtiriladigan tashabbus o‘zaro uzviy bog‘liq ikki loyiha doirasida amalga oshiriladi. «Inklyuziv ravishda korrupsiyaning oldini olish» loyihasi GIZ boshchiligidagi YeI konsorsiumi tomonidan «Mintaqaviy muloqot» va Latviya  markaziy moliya va shartnomalar agentligi hamkorligida amalga oshiriladi. Germaniya hukumati bilan birgalikda moliyalashtirilgan loyiha budjeti 4 mln 550 ming yevroni tashkil etadi.

«O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash» deb nomlangan loyiha esa BMTTD tomonidan 2,5 mln yevro hajmidagi budjet bilan amalga oshiriladi. 2024–2026 yillarga mo‘ljallangan loyihalar O‘zbekistonning 14 viloyatini qamrab oladi.

«Ushbu tashabbus Yevropa Ittifoqi O‘zbekistondagi ulkan islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashda davom etayotganini anglatadi. Korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash barqaror va adolatli rivojlanishni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi», – deydi YeIning mamlakatimizdagi elchisi Sharlotta Adrian xonim.

O‘z navbatida, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov «Halollik reytingi» tashabbusini joriy etish, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimiga raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni tatbiq qilish, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirish kabi katta hajmdagi ishlar rejalashtirilganini ta’kidladi.

YeI delegatsiyasi xabariga ko‘ra, loyihalar korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha sa’y-harakatlarning zaif institutsionalizatsiyasi kabi muhim muammolarni hamda milliy va mintaqaviy tafovutni hal etishga qaratilgan. Bu sa’y-harakatlar sezilarli natijalarga olib kelishi, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashning milliy mexanizmlarini mustahkamlash, mintaqaviy va mahalliy darajada halollik va vijdonlilikni oshirish, fuqarolarning faolligi va xabardorligini kuchaytirishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring