Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

E’tiqod muhimmi yoki farosat?

E’tiqod muhimmi yoki farosat?

Erta tongdan ijtimoiy tarmoqlarni ko‘zdan kechirish asnosida bir saytda e’lon qilingan xabarga ko‘zim tushdi: «Namozxon qotilga 18 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi». Ha, aynan «namozxon» so‘ziga qotilning asosiy sifati tariqasida urg‘u berilgan!

Albatta, bunday xabar o‘quvchining e’tiborini tortmay iloji yo‘q. O‘qib chiqdim.  Ajabki,  ushbu qotillik va jinoyatchining «namozxon»ligi orasida hech bir bog‘liqlikni topa olmadim. Xabarning asl manbasi bo‘lgan boshqa saytga o‘tdim:  ular ham sarlavhani «qoyil qilishgan» – «O‘zim namozxonman...». Xabar matnida keltirilishicha, sudlanuvchi sud majlisida o‘zining namozxonligini aytgan. Lekin undan buni isbotlashni so‘ralmagan, buning ahamiyatiyam yo‘q-da. Zero, insonning e’tiqodi sudda yengillashtiruvchi yoki og‘irlashtiruvchi holat hisoblanmaydi. Bundan tashqari uning 54 yoshda ekanligi, 3 nafar farzandi borligi xabarda keltirib o‘tilgan.

Tabiiy savol tug‘iladi: e’tiborni jinoyatchining «namozxon»ligiga qaratishdan maqsad nima? Nega 54 yoshida ham farzandlari, qo‘ni-qo‘shnisi-yu mahallasidan uyalmay, ichib, mast bo‘lib yurgani yoki millati (agar sud amaliyotida bunga aniqlik kiritiladigan bo‘lsa), qolaversa, ish joyi, kasbi va boshqa sifatlariga e’tibor berilmasdan aynan musulmonligiga urg‘u berilyapti? Keyin, aholisining aksarini islom diniga e’tiqod qiluvchi insonlar tashkil qiladigan diyorda bu qanchalik e’tiborga molik?

Bu ketishda sud majlisida har bir sudlanuvchining e’tiqodiga qarab «musulmon sudlanuvchi» yoki «xristian sudlanuvchi», «buddaga ibodat qiluvchi sudlanuvchi» deb atash odat tusiga kiradiganga o‘xshaydi.

Xabarni e’lon qilgan sayt xodimlarini tushunishga harakat qilib ko‘rdim. Shu bois ular bilan «farosat» masalasida bahs qilishni o‘zimga ravo ko‘rmayman.  Faqat aytgim keldiki, agar maqsad o‘quvchilarni ko‘paytirish bo‘lsa, jilla qursa namozxon so‘zi qo‘shtirnoqqa olinmaydimi?

Savollar ko‘p...

G‘ayratxo‘ja Sayidaliyev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring