Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Laziz Rahmatov

El ozodligi buyuk ne’mat, shaxs ozodligi esa undan-da ulug‘roq!

Endi kuyovxonto‘rani chillada kelin tomon boqmaydi...

Endi kuyovxonto‘rani chillada kelin tomon boqmaydi...

Foto: «Tog‘ora.uz»

So‘nggi paytlarda to‘ylarda kamxarj, kamchiqim, ixcham tarzda o‘tkazish bo‘yicha ko‘p bahs-munozalar kechmoqda.

Andijon viloyatida, xususan Bo‘z tumanida muqaddam to‘ylarga ketadigan xarajatlar qanday edi?    

Kelin va kuyov tomondan ketadigan xarajatlar:

— Kuyov tomonidan kelin tomon uchun o‘rtacha 15 turda sarpolar berilar edi. Ular asosan 8 ta turli material, uning ichida qimmatbaho atlas va adras, begoyim materiallari albatta bo‘lishi shart edi. Bitta material uchun 150 mingdan ketsa, jami 1 million so‘mdan oshardi.

— Kelin tomonidan kuyov uchun 4 turdagi mavsumiy kiyim-kechaklar, jumladan bazm kuni kiyiladigan kostyum-shim, toza oq ko‘ylak, tiniq tufli, to‘n va do‘ppi qilinar edi. Bunga ham o‘rtacha 1 million so‘m sarflanardi.

— Katta to‘ydan oldin bo‘ladigan maslahat kunida ikkala tomonning oila a’zolariga o‘zaro oddiy sarpolar almashinardi. Har bir tomondan 400 ming so‘mdan, jami 800 ming so‘m xarjlanardi.

— Kuyov tomonidan kelin tomoniga fotiha to‘yi uchun 1 ta qo‘y,  300 ta non, 1 qop un, 10 litr o‘simlik yog‘i, 1 qop piyoz, 1 qop kartoshka, 1 qop sabzi, sarxil mevalar, turli ichimliklar va shirinliklar berilar edi. Jami 1,7 million so‘mdan ketardi.

— Kelin tomonidan katta to‘ydan bir kun oldin bo‘ladigan «Kichik mazar» marosimi uchun kuyovga atab bosh-oyoq yengil sarpo — bitta ko‘ylak, bitta yaxshi shim taqdim qilinar edi. Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlari (somsa, qatlama, patir, shirinliklar, ichimliklar, meva-chevalar, tort), kuyovning 10-15 ta oshna-og‘aynilari uchun (ro‘molcha, tufli tozalash vositalari, shokolad) sovg‘a qilinar edi. Jami 600 ming so‘m ketadi.

— Kelin tomonidan to‘y kuni kelin-kuyov stoli bezatilar edi. Buni «Katta mazar» marosimi deyishadi. Unga 300 ming so‘m ketar edi.

— To‘ydan bir kun oldin yigit tomonda «Sabzi artdi» marosimi o‘tkazilar edi. Unda yaqin qarindosh-urug‘lari, mahalladoshlari ishtirok etishar edi. Ushbu marosimda shovla taomi tayyorlanib, mehmonlarga ulashiladi. Kamida 100 ming havoga uchardi.

— To‘y kuni nahorgi oshni («Nonushta» marosimi) har ikki tomon ham berar edi. Kamida 100-150 ta odam qatnashar va 15-20 kilogramm osh damlanar edi. Marosimida mahalladagi yoshi ulug‘ keksa, nuroniy otaxonlar ishtirokida «Xatmi qur’on» ham o‘qitilardi. Bunga 300 ming ketiladi.

— To‘y kuni kuyov tomonidan 5 ta yengil avtomashinada kelin tomonga kuyov oshna-og‘aynilari kelar, ular sharafiga qiz tomoni yaxshi ziyofat berar edi. «Kuyov o‘tirmayapti» marosimi o‘tkazilardi. Shundan so‘ng diniy nikoh o‘qitish marosimi rasmiy imom ishtirokida o‘tkazilardi. Chiqim 200 ming bo‘lardi.  

— Avtomobil va bitta avtobusda kelin, uning amma-xolalari, qarindosh-urug‘lari, dugonalari ishtirokida kuyov uyiga olib ketilardi. Bu kuyov tomoni hamyoniga 100 ming so‘mga tushardi.

— To‘y bazmida 15.00dan 18.00gacha davom etar, bazm bilan muqobil ravishda kelin tomonidan kelgan qudalarga alohida xonada ziyofat berilar edi va u to‘ydan keyingi «Yuz ochar» marosimiga ulanib ketardi. Bazm kuyov tomoniga 3 million so‘mga tushardi.

— To‘ydan keyin kichik chillasi chiqqunicha ya’ni 20 kun mobaynida birinchi haftada 3 marotadan, ikkinchi haftada 2 mahaldan, 3-haftada 1 bora kelin tomoni kuyov uyiga yegulik yetkazib berar edi. Ertalab nonushtaga qaymoq, issiq non, pishloq, tushlikda somsa, patir, kechki paytga osh, qovurma, go‘shtli va quvvatli ovqatlar keltirilardi. 20 kun davomida kelinning ota-onasiga kamida 700 ming so‘m sarflashga to‘g‘ri kelardi.

— Kelin tomon qizga mebel va gilam, parda, maishiy texnika vositalarini qilib beradi. Bunga o‘rtacha 5 million chiqib bo‘lardi.

Bu sarflarning barchasi eng kamida 2 ming dollarga tushardi. Bu Andijon viloyatining olis tumanlaridagi oddiy kishining xarajat lari. Andijon shahrida esa restoran va to‘yxonalarda o‘tadigan tadbirlar yanada ko‘proqqa tushadi Kimdir yanada qimmatbaho «importniy» mebel bersa, yana kimdir to‘yni ko‘p million ketqazib, koshona va restoranlarda o‘tkazmoqda. Ayrim qaynona va qaynotalar 40 kunlar kelin tomondan mazar ya’ni to‘yimli taomlar olishdan or qilmayapti. Taksiga o‘tirib qolib bir gapni eshitib ochig‘i lol qoldim. To‘yga ko‘p pul sarflab qo‘ygan yigitlar bir haftadan keyin Rossiyaga ishlashga ketishar ekan. Eng yomoni, u yerdan qaytgach, «kuni to‘lmay qolgan» mazarni to‘liq qilishlarini talab qilisharkan. Homilador kelin esa tug‘ruqxonadan qo‘lida chaqalog‘i bilan chiqqach, qaynona xonadoniga emas, o‘z otasi uyida 40 kunlik chillani chiqarib berishi noma’qul urfga aylanib bormoqda. Bu ham yetmaganday, chilladan keyin bosh oyoq sarpo, beshik, bolalar kiyimlari, to‘y vaqtida qila olmagan boshqa maishiy texnikalarni chaqaloq bilan birga olib kelishi shart ekan.    

Xo‘sh, bu kabi ortiqcha marosimu keraksiz «urf»larga, kelin tomonga soliq solishlarga, qudalar o‘rtasida moddiy munosabatlarning kuchayib, turli tushunmovchiliklar tug‘dirishiga qachon barham beriladi?

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring