Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Chorvoqda tezkor reydlar o‘tkazildi: hademay «buz-buz»lar boshlanadi...

Chorvoqda tezkor reydlar o‘tkazildi: hademay «buz-buz»lar boshlanadi...

Foto: Xabar.uz

Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan Bo‘stonliq turistik zonasida tezkor reyd tadbirlari o‘tkazilib, noqonuniy qurilgan inshootlar aniqlashga tushildi. Ushbu xabarni qo‘mita matbuot xizmati rahbari Bunyod Abdullayev tasdiqladi.

Unga ko‘ra, Chirchiq daryosi qirg‘oqlarining katta qismi Chimyon-Chorvoq kurort zonasiga kiradi, afsuski, ayni hududlarda qonun va boshqa ma’yoriy hujjat talablariga teskari ravishda qurilgan inshootlar oz emas. Holat shundayki, u yerdagi dala hovlilaridan ba’zilarining atrofi shaxsiy sohilga ega bo‘lish maqsadida to‘siqlar bilan berkitilgan. Vaholanki, daryodan 300 metrgacha bo‘lgan daryo hududi, 100 metr esa qirg‘oq mintaqasi hisoblanadi.

Bunyod Abdullayevning ta’kidlashicha, tezkor reyd tadbirlari O‘zbekiston Respublikasining «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi, «Ekologik nazorat to‘g‘risida»gi va «Suv va suvdan foydalanish»gi qonunlar asosida o‘tkazilmoqda. Hozirgacha bir yuz ellikdan ortiq korxona va xonadonlar ko‘zdan kechirildi. Ularning barchasiga noqonuniy qurilmalarni olib tashlash bo‘yicha ogohlantirish xatlari berildi hamda tegishli tartibda tushuntirish xatlari olindi. Shu bilan birga, ma’muriy javobgarlikka tortilish bo‘yicha ogohlantirildi. Shuningdek, tadbir doirasida suv yoqasida qonun-qoidalarga rioya qilmasdan qurilgan savdo rastalari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ham boshqa joylarga ko‘chirilmoqda.

Albatta, noqonuniy qurilmalarni buzish ishlari oson amalga oshirilmaydi. Shundan kelib chiqib, Ishchi guruh hozirda ma’lumotlarni umumlashtirmoqda. Yakunda sudga taqdim etiladi. Nizoli inshootlarning buzilishi yoki qolishi sud tartibida hal etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring