Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Boshqarmada duv-duv gap: «Kim boshliq bo‘larkan-a?»

Boshqarmada duv-duv gap: «Kim boshliq bo‘larkan-a?»

Foto: «Xabar.uz»

Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Furqat Buzrukov Jalaquduq tumaniga hokim etib tayinlandi (Buzrukov mamlakat miqyosida taniqli shaxs emas, biroq u bloger Otabek Nuritdinov «ishi»da «jabrlanuvchi»lardan biri sifatida qayd etilganini aytsak, ko‘plar tanir ehtimol? — «Xabar.uz»). Bizningchayam, to‘g‘ri tanlov bo‘ldi – Buzrukovda ziyolilar qatlamiga yetakchilik qilishdan ko‘ra hokimlar uchun zarur bo‘lgan xususiyat – tashkilotchilik qobiliyati kuchliroqday. Tag‘inki, bu borada ozmi-ko‘p tajribaga ega – o‘tgan yili Andijon tumaniga vaqtincha hokimlik ham qilgan.

Xullas, boshqarma boshlig‘i boshqa ishga o‘tgach, viloyat ziyolilari jam bo‘lgan davralarda bir suhbatlarning («g‘iybatlarning» degimiz kelmadi) bosh mavzusi bo‘lib turibdi: «Boshqarmaga kim boshliq bo‘larkan-a?».

Albatta, bu mutasaddilarning vakolatidagi masala. Baski, bo‘lajak rahbar kim bo‘lishi jamoatchilikka hozircha noma’lum. Biz ham ayni masalada fikr bildirishdan avval tizimning yaqin tarixiga umumiy bir nazar tashlasak.

Ochiq aytganda, oxirgi 15 yilda viloyatda (nainki viloyatda?) ta’lim sifati judayam pastlab ketdi. Bu jarayonning boshlanish nuqtalari tizimga Dilmurod Rahmatullayev (Andijon shahrining «og‘zipolvon» sobiq hokimi) uzoq yillar bosh bo‘lgan kezlarga to‘g‘ri keladi desak, birov og‘zimizga urmasa kerak.

Sifat ko‘rsatkichini nega endi birinchi rahbarga bog‘layapmiz?

Har qanday tizim yoki tashkilotning nufuz-darajasini birinchi shaxslar belgilaydi, degan tajribada sinalgan aqidaga asoslanib, hech ikkilanmay aytish mumkin: ta’lim sohasida yuzaga kelgan qoloqlikka ham, eng avvalo, viloyatdagi bosh maorifchilar sababchi. Oddiy mantiq: tizimdagi katta-kichik rahbarlardan tortib tuman bo‘limlari mudirlarigacha – barcha kadrlar boshqarma boshlig‘ining salohiyat darajasiga qarab shakllantiriladi. Mudirlardan esa maktab direktorlari andaza oladi. Shu tarzda ta’lim tepasida o‘tirganlarning ish tutumi va dunyoqarash doirasi pog‘onama-pog‘ona quyiga – o‘qituvchilarga qadar ta’sir ko‘rsatib boraveradi. O‘rik o‘rikdan rang olibdi, degan gap bekorga aytilmagan axir.

Bir haqiqatni tan olishimiz kerak: nazarda tutilayotgan vaqt oralig‘ida aksariyat maktab direktorlari qay darajada ziyoli yoki ta’limparvar ekanligiga qarab emas, eng avvalo tashkilotchiyu uddaburonligiga (!), har qanday topshiriqni o‘z o‘rnida ijro etishiga, kiyinish madaniyatiga qarab tanlandi. To‘g‘ri, vakolat doirasida yuqoridan berilgan vazifani bajarishga har bir rahbar burchli. Biroq direktor birinchi o‘rinda tashkilotchilikdan tashqari bilimdonligi, madaniyati bilan qo‘l ostidagi o‘qituvchi va o‘quvchilarga o‘rnak bo‘lishi kerak emasmi?

Direktorlar ishtirokidagi yig‘inlarda bashang kiyingan aksar tamanno ayollarni ko‘rib, bular ta’lim muassasasi rahbarimi yoki modelmi deb yuborsangiz, ajablanish yo‘q! Shulardan «Oxirgi bir yil ichida, boring ana, rahbarlikka tayinlanganingizdan beri nechta kitob o‘qigansiz?» deya so‘rab ko‘ring-chi?! Ishonchim komil – savol berganingiz uchun o‘zingiz uyalib ketasiz (birov-yarim kitobni tushunadiganlarini istisno qilganda). Chunki aksar muassasa yetakchilari o‘z ustida ishlash, kitob o‘qish, savodi bilan qo‘l ostidagilarga o‘rnak bo‘lishdan ko‘ra, bo‘lar-bo‘lmas tashkiliy topshiriqlar bilan o‘ralashaverib, shunga ko‘nikib ulgurishgan.

He yo‘q, be yo‘q – shu-uncha iddao qayerdan deysizmi? Uzoqqa bormaylik, Andijon tumanida o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi arafasida rahbariyat talabi bilan diktant yozgan direktorlardan 50 nafari «2» baho olganligi uyat emasmi? Holbuki, hududda 54 ta ta’lim muassasasi bor.

2018-2019 yil yakuniga ko‘ra, maktab bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtlariga kirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha respublika hududlari orasida Andijon 12-o‘rinni egallaganligi, viloyatdagi 141 ta maktab bitiruvchilaridan birortasi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirolmaganligining o‘ziyoq sohaning bugungi ahvoliga tutilgan ko‘zgudir.

Xo‘sh, bu natijalar bir oy yoki bir yilda shakllangan deb o‘ylaysizmi? Hecham-da! Qaytanga, muammoning tub ildizi maktab direktorlaridan tortib viloyat boshqarmasidagi katta-kichik rahbarlar orasida o‘qituvchining dars o‘tish uslubini tahlil qila oladigan, xato-kamchiliklarini ko‘rsatib, yo‘l-yo‘riq beradigan yetakchilarning barmoq bilan sanoqli darajada ekanligida!

Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasiga turli yillarda rahbarlik qilgan Anvar Abdullayev, Jo‘ra Xalilov, O‘ktam Oxunovlar davrida nima uchun tizimda jiddiy ijobiy o‘zgarishlarga erishilgan? Chunki ularning o‘zlari chin ma’nodagi ziyoli edi – kitobxonlikda ham, madaniyatu ma’naviyat, kamtarlik bobida ham, ish tutumida ham qo‘l ostidagi barcha-barchaga ibrat bo‘lishgan. Shuning barobarida mudiru direktorlardan ham ayni shu jihatlarni talab qilishgan, rahbarlar tarkibini eng munosib o‘qituvchilardan shakllantirishgan.

Bundan xulosa chiqadiki, viloyat xalq ta’limi tizimidagi og‘riqli nuqtalar so‘nggi 15 yil ichida ishlagan bosh maorifchilarning faoliyatiga bevosita bog‘liq.

Xullas, yana jamoatchilikni qiziqtirayotgan yuqoridagi savolga qaytsak: xalq ta’limi boshqarmasiga kim rahbar bo‘larkin?

Bugun boshqarmaga maktab yetakchilariga «shakal» deb o‘shqiradigan, tizimni korrupsiya botqog‘iga botirib, kuni kelganda kabinetidan qo‘liga kishan solinib olib chiqib ketiladigan, direktorlarga tanbeh berayotganda barmog‘ini bigiz qilib ko‘ziga tiqvolgudek vajohatda majlis o‘tkazadigan va nihoyat, komandir buyrug‘ini so‘zsiz bajaruvchi askar yanglig‘ yetakchilar emas, balki  keng dunyoqarashga ega, chin ziyolilar juda zarur!

Judayam zarur. Zero, ta’lim — hayot va mamot masalasini o‘zida jamlagan tizim.

Nurillo No‘’monov,
jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring