Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bosh prokuratura tanqidiy maqolasi uchun tahdidga uchragan «Xabar.uz» muxbirini himoyaga oldi

Bosh prokuratura tanqidiy maqolasi uchun tahdidga uchragan «Xabar.uz» muxbirini himoyaga oldi

Foto: «Uznews.uz»

Kattaqo‘rg‘onlik o‘qituvchi Diana Yenikeyevaning fojiaviy o‘limi tafsilotlarini yoritganidan so‘ng «Xabar.uz»ning Samarqand viloyatidagi maxsus muxbiri Karimberdi To‘ramurodga noma’lum shaxslar tomonidan bosim va tahdidlar bo‘layotgani, u yashaydigan ko‘p qavatli uyning «domkom»idan o‘zini viloyat IIBdan deb tanishtirgan ikki nafar shaxs jurnalist haqida surishtirgani haqida xabar bergan edik.


Mavzuga doir:
«Xabar.uz» surishtiruvi: 23 yoshli o‘qituvchining o‘limida kim aybdor?


Karimberdi To‘ramurod o‘zining «Facebook»dagi sahifasida yozishicha, bugun unga O‘zbekiston Bosh prokuraturasidan qo‘ng‘iroq qilishgani, uning himoyasi va xavfsizligi nazoratga olinganini aytishgan.

«Do‘stlar, xavotirlar ortda qoldi! Bugun menga Toshkentdan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasidan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. «Sizni viloyat prokuraturasiga chaqirishadi, kim qanaqa tahdid qilgan bo‘lsa, hammasini yozib bering, xavotir olmang, siz himoyadasiz va xavfsizligingiz nazoratimizda. O‘zingizga nisbatan salgina shubhali harakatni sezsangiz, mana shu telefonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqing va biz sizdek jurnalistlarni himoya qila olamiz», deyishdi. Juda xursand bo‘ldim. Nihoyat, yengil nafas oldim», — deb yozadi u.

Jurnalistning ma’lum qilishicha, shu kunning o‘zida uni Samarqand viloyat prokuraturasiga chaqirishgan va u o‘ziga nisbatan kimlar tomonidan qanday tahdidlar bo‘lganini, ularga tegishli chora ko‘rishlarini so‘rab ariza yozgan. «Menga huquqni himoya qiluvchi idora tomonidan xayrixohlik bilan qilingan muomala va e’tibordan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi», — deydi Karimberdi To‘ramurod.


Mavzuga doir:
23 yashar o‘qituvchining o‘limi tafsilotlarini surishtirgan jurnalist o‘ziga bosim va tahdid bo‘layotganini aytmoqda


U mushkul vaziyatda uni qo‘llab-quvvatlaganlarga minnatdorlik bildiradi. Ularni duo qiladi. «Sizlar bilan birgalikda shu yurtni, shu elni deb, Haq yo‘lida, adolat tantanasi yo‘lida yanada kuch-g‘ayrat bilan ishlaymiz, O‘zbekiston taraqqiyoti, tarixi sahifalarida yangi sahifa ochayotgan, xalqimiz necha yillar orzu qilgan hur, obod va ma’mur, adolatli davlatni tiklash yo‘lida shijoat bilan tinmay ishlayotgan, eng muhimi, xalqning, shu jumladan, biz, jurnalistlarning ham ishonchini uyg‘ota olgan prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga kamarbasta bo‘lib, imkonimiz yetganicha el dardiga darmon bo‘lib, mehnat qilamiz!», — deya so‘zlarini yakunlaydi jurnalist.

«Facebook» foydalanuvchilari mazkur xabarni xursandchilik bilan qarshi olganini ko‘rish mumkin. Jumladan, Abdubosit Yakubov «Yangi siyosat ham joylarga siz kabi jurnalistlar orqali kirib boradi. Sizdek jurnalistlar kupayaversin!», degan bo‘lsa, Ismoil Abdulloh ismli foydalanuvchi: «Prokurotura ishlayapti ekan. Ofarin!» deb yozadi.

Otabek Usonov nomli foydalanuvchi: «Qani edi, tahdid qilganlarga chora ko‘rilsa va bu bo‘yicha ochiq hisobot berilsa, boshqalarga dalda, ishonch, bu kabi pastkashlarga o‘rnak bo‘lar edi», deya munosabat bildirgan bo‘lsa, Farrux Berdiqulov: «Alloh Sizni va siz kabi insonlarni panohida saqlasin. Bu xabaringizdan juda sevindim. Bu holat sizni yanada ko‘p ishlarni amalga oshirishga, adolat uchun kurashishga berilgan signaldir. Ishlaringizga omad!» deya tilak bildirgan.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring