Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xorijga yuborish oson ekan-da?

Xorijga yuborish oson ekan-da?

Foto: «365daily.one»

Bu aka-ukalar birovni Yaponiyaga yuborishiga o‘zgalar tugul o‘zlari ham ishonmasa kerak. Ammo xorijga ketish ishqibozlari kammi?! Xayolida xuddiki ummon oshib o‘tsa bas: moyanasi katta ish tayyor, sanoqli oylarda boyvachchaga aylanadi-qoladi...

Shunaqa «ajoyib xayolparastlar» bor ekan, firibgarlarning tegirmoni aylanaverar ekan-da. Yo‘qsa, Zokir va Tohir Teshayevlar (ism-familiyalar o‘zgartirildi) kim: odamlarni Yaponiyaga yuborish qo‘llaridan kelar ekan, o‘zlari Jizzaxda nega «laylak haydab» yurishibdi?

Shugina savol aka-ukalarning firibiga laqqa tushgan olti nafar odamning kallasiga tepmadimikan?! Tepmabdi-da. Chunki xayol — ummon ortida, u yerdagi ertaknamo shart-sharoitlarda! Shu bois oltovlonning har biri uch ming AQSh dollaridan yig‘ib, naq o‘n sakkiz ming «ko‘ki»ni Zokir va Tohirga tutqazishgan: mana aytgan puling, qani samolyot chiptasi?

Chiptadan esa darak bo‘lavermadi. Aka-ukalarning bahonasini-ku qo‘yavering! Shu tariqa ikki yil o‘tdi. Shundagina oltovlon aldanganini his etib, tegishli organga murojaat qildilar...

Firibgarlar-ku, qonundan oladiganini olishdi. Biroq yana Yaponiya yoki boshqa davlatga ishga yuboramiz deb yuruvchi «vallomatlar» yo‘qligiga kafolat bormi? Albatta, yo‘q. Shunday ekan, o‘zga yurtni «jannat» deb tasavvur qiluvchilarga aytamiz: har yerning o‘z tosh-tarozusi bor. Xorijda hech kim sizni «kel, mana tayyor ish» deb, ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutmayapti.

Hushyor bo‘lavering!

M.Rayimov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Mirzacho‘l tuman sudining raisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring