Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Alam va g‘azab intihosi (Sud ocherki)

Alam va g‘azab intihosi  (Sud ocherki)

Illyustrativ surat

Ziyodulla Elmirzayev (ism-familiyalar o‘zgartirildi) o‘tgan yili uyini buzib, qayta qurdi. Qurilishning kami bitishi qiyin ekan. Qish eshik qoqishga tushgach, ishlar taqa-taq to‘xtadi. Shu tariqa xonadonning ko‘cha devori tiklanmay qoldi.

Devor tiklanmay qolgani, darvoza yonida ochiq joy qolganiga bejiz urg‘u berilayotgani yo‘q. Z.Elmirzayevning xonadonida bosqinchilik sodir etilishiga ayni shu ochiq joy imkon bergan.

...O‘sha kuni kechki payt Ziyodulla bir tanishining to‘yiga ketdi. Turmush o‘rtog‘i Mahliyo bilan qizi Nasiba kechki ovqatdan so‘ng televizor tomosha qilishgan. Bir payt tashqaridan Ziyodullaning baqirgan ovozi eshitiladi. Ona-bola tashqariga chiqishsa, mast holda uyga qaytgan Ziyodulla eshikka yetolmay supada yiqilib qolibdi. Ona-bola uni ko‘tarib, ichkariga olib kirishadi, dahlizga joy qilib yotqizishadi. Shundan so‘ng Mahliyo yotoqqa, Nasiba esa o‘ziga ajratilgan xonaga dam olish uchun kirib ketadi.

Oradan ma’lum fursat o‘tib, Mahliyo supada qandaydir oyoq sharpasini sezadi. Dahlizga chiqsaki, noma’lum kimsa sovuqdan saqlanish maqsadida derazaga tortilgan yelim selofanni pichoq bilan kesayotgan ekan. Mahliyo ovoz chiqarishga ulgurmaydi. Selofan qirqilgach, deraza oynasi chil-chil sindiriladi. Noma’lum kimsa Mahliyoni mo‘ljallab avval belkurakni, keyin esa oshxona pichog‘ini otadi. Ayol chap berib qolgani uchun belkurak ham, pichoq ham unga tegmaydi.

Bir qultum suv ichgunga qadar o‘tadigan vaqt ichida yuz bergan hodisadan uy bekasi hangu mang bo‘lib qolgandi. Bunisi yetmaganidek, hovliga o‘rnatilgan avtomat qurilmadan elektr tarmog‘i birdan uzib qo‘yiladi. Mahliyo hanuz o‘zini o‘nglab olmagandi. Bir payt og‘zida fonar tishlagan kimsa sindirilgan derazadan ichkariga oshib tushadi. Mahliyo qizi Nasibaning xonasiga kirib, uyga o‘g‘ri tushganidan xabar bergan, chiqmay turishni tayinlagandi.

Uyda bo‘layotgan shovqin-suron hamda xotinining chinqirig‘idan uyg‘ongan Ziyodulla o‘rnidan turib, boyagi kimsaga yuzlanadi. Shunda bosqinchi qo‘lidagi belkurak bilan Ziyodullaning boshiga ikki marta uradi. Uy egasi yiqilgach, uning beliga yana bir marta zarba beradi. Shundan so‘ng u Ziyodullaning tepasiga kelib, tomirini ushlab ko‘radi. So‘ng o‘zidan bir necha qadam narida hushi boshidan uchib, serrayib qolgan Mahliyoga qo‘li bilan o‘ldi, ishorasini qiladi.

 Kimsa endi Mahliyoga hujumga o‘tadi. U dastlab ayolning chap tomon ko‘kragiga, qochib ketayotgan chog‘da chap yelkasiga belkurak bilan tushiradi. Mahliyo qo‘shni xonaga kirib ketgan, eshikni orqasidan tambalashga urinayotgandi. Bosqinchi esa og‘zida fonarni tishlagan kuyda Nasiba o‘tirgan xonaga kiradi. Ranggi qo‘rquvdan huddi dokadek oqarib ketgan qizning bo‘yniga belkurakning uchini tiraydi.

Qiziga zarar yetmasin, degan qo‘rqinch xavotirida Mahliyo ham Nasibaning xonasiga eshikdan bosh suqadi. Noma’lum shaxsdan nima kerakligini so‘raydi. Qo‘li bilan ko‘rsatilgan ishoradan so‘ng Mahliyo bir million so‘mdan qilib, taxlangan ikki o‘ram pulni unga uzatadi. Fonar yorug‘ida pullarni ko‘zdan kechirgan boyagi odam ularni Mahliyo tomonga otib yuboradi va temir seyfni ko‘rsatib, AQSh dollari berishga ishora qiladi.

Jon shirin, ilojsizlik qiyin. Ayol hozir deya mehmonxonaga kiradi. Shkafdan oq qopchiqda saqlanayotgan 4 ming 401 AQSh dollarini oladi va bosqinchiga keltirib beradi. Maqsadiga yetgan sharpa qo‘li bilan birovga og‘iz ochsa o‘ldirishlikni ishora qilib, derazadan tashqariga chiqib ketadi.

...Jinoyat ochilishiga unchalik ko‘p vaqt ketmadi. Chunki Nasibaning xonasida fonarning yorug‘i oynaga tushgandi. O‘shanda uylariga g‘araz niyatda kirgan jinoyatchining aft-angori qizga aniq ko‘ringan. U jabrlanuvchi Z.Elmirzayev bilan bir korxonada ishlovchi, qo‘shni mahallada yashaydigan Nurbek Qarshiboyev bo‘lib chiqdi...

Aslini olganda, Nurbek bilan Ziyodullaning o‘rtasida biron-bir kelishmovchilik bo‘lmagan. Ziyodulla qatnashgan o‘sha to‘yda Nurbek ham bo‘lgan. Nurbek qo‘shnilari bilan boshqa stolda o‘tirgan. Bir necha piyola qadahdan so‘ng o‘rnidan turgan Nurbek tashqariga chiqayotib, Ziyodullaga duch kelib qolgan. Mastlikda har narsa bo‘lishi mumkin ekan. Ichkilikdan kayfi oshib qolgan Ziyodullaning ko‘ziga negadir Nurbek yomon ko‘ringan. Shu sabab u he yo‘q, be yo‘q Nurbekni haqoratlagan.

Bundan Nurbekning jahli chiqsada, to‘y buzilmasin, degan o‘yda gap qaytarmagan. «Boshqacha gaplashish»ni diliga tuyib, uni o‘sha tuniyoq amalga oshiradi.

Sud sudlanuvchining qaramog‘ida ikki nafar voyaga yetmagan farzandi borligi, oilada yagona boquvchi ekanligi, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararning aksariyat qismi qaytarib berilganligini va ulardan kechirim so‘raganligini inobatga oldi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattirishni belgilab hukm chiqardi.

 Habibullo Chiniyev,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Qiziltepa tuman sudining raisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring