Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Talonchilik qilgan shaxsga sud hukmi o‘qildi

Talonchilik qilgan shaxsga sud hukmi o‘qildi

Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanida yashovchi 28 yoshli fuqaroni mast holatda o‘z uyiga olib borishga urinishi zoye ketgach, uni urib, tepib, so‘ngra tunab ketgan fuqaroga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumani sudi sudyasi ma’lum qildi.

Holatga ko‘ra, fuqaro Sh.X.spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda kech soat 23:00 larda tuman markazidagi bekatlardan birida uyiga ketish uchun turgan va o‘ziga notanish bo‘lgan 28 yoshli S.R.ni ko‘rgan. Mast holda bo‘lgan Sh.X. fuqaro S.R.ni ham spirtli ichimlik iste’mol qilishga taklif qilgan. S.R. rozi bo‘lgan va buning uchun tuman markazidagi kafelardan biriga borishni o‘rtoqlashishgan. Har ikki fuqaro yarim tunda yo‘lovchi-taksiga o‘tirishgan. Bu paytda Sh.X. fuqaro S.R.ni kafegamas, o‘z uyiga borishini talab qila boshlagan. S.R. uning uyiga borishi talabini rad etgach, mast holda bo‘lgan fuqaro tuman Davlat xavfsizlik xizmati bo‘limi oldida yo‘lovchi-taksini to‘xtatgan va shu yerda S.R.ni tushib qolishga majburlagan. Avtomashinadan tushishgach, Sh.X. yana S.R.ni o‘z uyiga olib ketishga urinavergan. S.R.ning qat’iy qarshiligidan so‘ng Sh.X. uni G‘ijduvon tuman hokimligi binosi orqa tomonidagi bog‘ ichiga sudrab borgan hamda ochiqdan-ochiq S.R.ga hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatish yo‘liga o‘tgan. Uni shu yerda urib, oyoqlari bilan tepib, tan jarohati yetkazgan va S.R.ga tegishli bo‘lgan mol-mulkni talon-taroj qilib ketgan.

O‘zbekiston Respublikasi SSV Respublika sud tibbiy ekspertiza ilmiy amaliy markazi Buxoro filiali G‘ijduvon tuman bo‘linmasining sudga oid tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, Sh.X. fuqaro S.R.ga «chakka, o‘ng bilak panja bo‘g‘imi, chap bilak sohalaridagi shilinmalar» kabi yengil tan jarohati yetkazgan.

«Spirtli ichimlik iste’mol qilgan Sh.X. fuqaro S.R.ga tan jarohati yetkazgani yetmagandek, uning egnidagi kurtkasi cho‘ntagida bo‘lgan 630.000 so‘m pullarni, «Huawei» rusumli qo‘l telefonini hamda qo‘lida bo‘lgan ikkita polietilen paketlarni tortib olib, uning mulkini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilib, voqea joyidan qochib ketgan», – dedi sudya.

Ertasi kuni Sh.X. fuqaro S.R.dan talon-tarojlik  orqali olgan pullar bilan turli do‘konlardagi qarzini ham qoplagan. «Huawei» rusumli qo‘l telefonini sotgan hamda ikkita poltietilen paketdagi oziq-ovqat mahsulotlardan o‘z iste’moli yo‘lida foydalangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudi hukmi bilan Sh.X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi (Talonchilik), 2-qismining, «a» bandi qo‘llanilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring