Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Hokim kelarmish...» To‘rtta sektor hududida duv-duv gap

«Hokim kelarmish...» To‘rtta sektor hududida duv-duv gap

Aholi bilan amaldorlar o‘rtasidagi tafovut kundan kunga qisqarib  bormoqda. Bir paytlar «obkom»lar tugul raislar ham oddiy odamlar tasavvurida juda katta amaldor shaxs sifatida namoyon bo‘lgan. Ammo ularning bugungi vorislari u qadar mavhum kishilar emas. Bugun ularning ayrimlari chin ma’noda xalq orasida oddiylikda namoyon bo‘layotgani quvontiradi, albatta.

Ammo o‘sha oddiylikka intilish so‘ngi paytlarda amaldorlar uchun xuddi qo‘shimcha «ochko» olishga intilishdek tuyulmoqda. Bu borada hokimlarimiz kimo‘zarga kirishib ham ketishgandek. Qaysidir amaldorimiz boshlab bergan bu chellenjda ssenariy deyarli bir xil. Kimdir kam ta’minlangan oila dasturxonida birga yemak yesa, qaysilaridir shunaqa oila kulbasida bir kecha tunab qolishdanam qaytmayapti. Yana boshqasi to‘yda oqsoqollar qurshovida namoyon.

«Ha nima bo‘pti, buni nimasi yomon» deysizmi? Albatta, bir qaraganda yomon tarafi yo‘qdir. Lekin  qishloq joylarda qish qirovli kunlarda oilalar zo‘rg‘a bitta uyda tunni kunga ulayotgan bir paytda, yoki to‘y-hashamlarni soddalashtirishga intilayotgan bir paytimizda, unga shunday aziz mehmon kelib tursa bormi...

To‘yda xizmatkorlarning o‘zi 200 nafardan oshib ketmasa ayting. «Falon qishloqqa viloyat hokimi kelayapti, svet o‘chsa o‘lasan» vahimasi bilan «elektroset»dan to‘rt nafar, yo‘l qurilishidan, gazdan va qator tashkilotlardan shunchadan xizmatchilar. Yoki ular to‘y tashqarisida «stoyanka»chimi.

Xalqona mehmonnovozliklar tasodifiy amalga oshsa yomon tomoni yuq. Lekin bizda har voqelikdan rang oluvchi, salla desa kalla oluvchi, sal quyiroqdagi amaldorlar ham borki, bu «mehmonnovozlik» chellenjini avj oldirishni boshlab yuborishmoqda.

Baraka topgur Xorun ar-Rashid taqlidchilari siz xalqqa yaqin bo‘lishni, avom dardini tinglashni istasangiz, buni birgina qishloqdagi mezbon so‘zlaridan xulosa qilmay, zamonaviy  usullardan ham foydalaning. Bilsangiz, ko‘p uslublar bugun eskirgan. Siz bugun axborot texnologiyalari asrida yashayapsiz. Feysbukdagi nomingizga ochilgan va  siz ishtirokingizdagi tadbirlarni targ‘ib etib charchamaydigan mulozimlaringiz nazoratidagi sahifalardan boshqa, jonli muloqot kanallarini ishga tushiring. Ana shunda rostakam xalq dardi bilan yuzlashasiz. Internet tarmog‘idagi murojaatlar bilan, albatta, o‘zingiz tanishib boring. Yo‘qsa, mulozimlaringiz aholining zori sizga yetmasidanoq, ulardan tushuntirish xati talab qilib, bechoralarning «duxi»ni sindirmasin.

Ha aytgancha, ertaga Pastdarg‘om tumanida bir to‘y bor emish, bugundan to‘y egalari yomg‘irdan botqoq bo‘lgan ko‘chalarga qum va tosh sepayotganmish, kimdir uchoqqa o‘tin yorayotganmish, negaki u yerlarga gaz baloni 70 kunda bir kelarmish, qishloq ahli esa gaz kelmasayam, tantanaga «katta»  kelishidan, to‘yning to‘rtta sektor hududida duv-duv gap bo‘lishidan umidvor bo‘layotgan emish...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring