Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Firuz Allayev

Pessimist shamoldan noliydi, optimist uning to‘xtashidan umid qiladi, realist esa shamolga qaramasdan qanot yozib uchadi.

Toshkentda o‘qituvchilar maoshi 1,5 barobar oshirilishi taklif etildi. Shu to‘g‘rimi?

Toshkentda o‘qituvchilar maoshi 1,5 barobar oshirilishi taklif etildi. Shu to‘g‘rimi?

Foto: Google.com

Toshkent shahrida keyingi yildan boshlab mahalliy budjet hisobidan o‘qituvchilarning maoshini 1.5 marotabaga ko‘tarishni taklif qilishibdi. Bu ijtimoiy tarmoqlarda kuchli e’tirozga sabab bo‘ldi. Lekin, e’tirozlar to‘g‘ri emas deb o‘ylayman.

Toshkent shahrida bugun aksar maktablarda o‘qituvchilar yetishmaydi. So‘nggi yillarda kuchli o‘qituvchilar maktablardan xususiy o‘quv markazlariga ketib boshlashdi. Tadbirkorlikni tushunadigan o‘qituvchilar o‘zlari o‘quv markazlari ochishdi. Erkak o‘qituvchilar maktablarda deyarli qolmadi.

Bunga bir necha sabablar bor. Toshkent shahrida yashash boshqa joylarga nisbatan qimmat, deyarli har bir qadam pul turadi. Bugun, hatto ko‘chada Matizda taksi qilib yurgan odam ham oddiy o‘qituvchidan ko‘proq daromad qiladi. Bugun o‘qituvchining maoshi bilan oila boqish qiyin. Buni ustiga ish sharoiti, asablar charchashi, o‘quvchilar va ota-onalar bilan muomala qilish kundan-kunga og‘irlashib borayotganligini hisobga olsa, bu kasb o‘zining maftunkorligini butunlay yo‘qotadi.

Hozirgi vaziyatda yaxshi maosh orqali o‘qituvchilarni jalb qilmasa yoki ushlab qolmasa, boshqachasiga vaziyatni to‘g‘rilab bo‘lmaydi. E’tiroz maoshni oshishiga emas, faqat Toshkentda oshishiga bo‘ldi. Bu ko‘pchilikka yana bir bor Toshkentni ajratib qo‘yganday ko‘rindi.

Lekin, qarorga qaralsa «kalit so‘z» bu «mahalliy budjet»dan deyilgan joyi. Ya’ni Toshkent shahri budjetning yoki soliqlarning o‘ziga qoladigan qismidan ta’limga investitsiya qiladi. Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelgandan so‘ng budjetdagi ortiqcha mablag‘lar, soliqlarning bir qismi viloyatlarning o‘ziga qaytarib boshlandi. Uni nimaga ishlatish nazariyada mahalliy hokimiyatning ishi. Amalda, markaz bunga aralashish yoki aralashmasligi haqida manda ma’lumot yo‘q. Bu masalani hokimiyat o‘zi hal qilsa kerakki, Masalan, Navoiy viloyatida o‘sha budjetdan hokim va hokim o‘rinbosarlari uchun «Malibu»lar sotib olishgan edi.

Manimcha, o‘qituvchilarni maoshini mahalliy budjetdan oshirish tashabbusi Toshkent shahar hokimiyatidan kelgan bo‘lsa kerak va bu shahar kelajagi uchun ajoyib investitsiya deb o‘ylayman. Boshqa viloyatlarda ham mahalliy budjetdan buni qilish imkoni bor bo‘lsa va agar qaysidir viloyatda shu qarorga kelishsa, buni faqat olqishlayman. Masalan, Buxoro viloyati Oliy ta’limga qabul qilingan talabalar sonidan kelib chiqsa ta’lim sifati bo‘yicha O‘zbekistonda birinchi o‘rinda turadi. Bundan foydalanib, ta’limni rivojlantirib, Buxoroni kelajakda ta’lim markaziga aylantirish, xizmat sifatini yaxshilab, butun O‘zbekistondan keladigan yoshlarni o‘qitish mumkin. Faqat mahalliy hokimiyat bu yo‘nalishda nimadir ishlar qilishi kerak. O‘ylaymanki, viloyat hokimiyati markazga o‘z budjetidan ta’limga investitsiya qilish g‘oyasi bilan chiqsa, markaz bunga qarshilik qilmaydi.

Xullas, ta’limga qilingan har qanday investitsiya foydali va kelajakda o‘z mevasini bermay qolmaydi. Shifokor va o‘qituvchilarning maoshini yillar davomida oshirib borish, ularning jamiyatdagi statusini ko‘tarish mamlakat kelajagi uchun juda muhim. Toshkentda mahalliy budjetdan pul ajratilib o‘qituvchilarning maoshi oshirilayotganligi faqat va faqat olqishga sazovor.

Izohlar 3

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring