Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Yaxshi odam niqobi ortidagi bilimsiz odamga aylanib qolmaylik

Yaxshi odam niqobi ortidagi bilimsiz odamga aylanib qolmaylik

Foto: «Xabar.uz»

Sabru shukr – yaxshi fazilat. Hayotimizda sabr-toqat, shukr qilishga arziydigan holatlar juda ko‘p: ro‘zg‘ordagi yetishmovchilik, yostiqdoshning ba’zi kamchiliklariga ko‘z yumish, ishdagi g‘urbatlarni o‘tkinchi sinov tariqasida qabul qilish... Tanimiz sog‘, raiyat tinch-xotirjamligi uchun shukr keltiramiz. Boshimizga biror kulfat tushganida bardosh bilan yengamiz. Biroq, hamma narsaning me’yori bo‘lgani yaxshi. Hamma narsaga shukr va sabr qilish harakatsizlikka olib keladi... «Sabr-toqat juda chiroyli amal, ammo uzoq vaqt sabr qilish uchun hayot juda qisqa», degan edi  donishmandlardan biri.

Shubhasiz, saodatga erishish uchun sabrli bo‘lmog‘imiz, osoyishta kunimizga shukr qilmog‘imiz lozim. Alisher Navoiyning «Mahbub ul-qulub» asaridagi bir qimmatli fikrga e’tibor bering-a: «Urug‘ni qara. Oldin uning hammayog‘i loyga, changga belandi. So‘ng u yerga qadalgandan keyin qattiq yerni yorib, qiyinchiliklarga sabr-toqat bilan chidab, yuzaga chiqadi. U zabardast daraxt bo‘ladi, meva tugadi, qancha-qancha odamlarning hojatini chiqaradi. Har qanday ishning, har qanday yutuqning kamchiligi bo‘ladi. Unga sabr-toqat qilgan inson keyin rohat farog‘atda yashaydi». Sabrga berilgan juda chiroyli ta’rif. Ammo u urug‘: unib chiqishi uchun suv quyiladi, o‘g‘it solinadi, ya’niki, rivojlanishi uchun shu tariqa yordam beriladi. Yerga qadalgan-u ammo suv quyilmagan, o‘g‘it berilmagan urug‘ unmaydi, rivojlanmaydi. Aksincha, qadalgan joyida chirib ketishi mumkin.

Inson ham shunaqa: faqat sabr  va shukr qilib saodatga erishishi qiyin. Harakatda – barakat, degan gap ham bor-ku. Ya’ni, harakat qil, bu jarayonda to maqsadga yetishguncha sabr qil, harakatga keltirayotgan aql-farosating borligiga esa shukr... Chunki, odamlardangi ortiqcha sabru shukrni suiiste’mol qiluvchilar, o‘z manfaati yo‘lida foydalanadiganlar doim topilgan.

Bugun fikrlar, g‘oyalar bir-biri bilan kesishmayotgan zamonda, odamlar nohaqliklarga, yulg‘ichlarga, poraxo‘rlarga nafratini ayta oladigan davrda yashayapmiz. Ammo faqatgina nafratni ko‘rsatish bilan nimagadir erishish mumkinmi? Agar huquqimizni bilmasak, adolatsizlikka qarshi faol kurashmasak, kosamizning oqarishi qiyin. Haqiqat yo‘lini izlash lozimligi haqida atoqli adibimiz Ibrohim G‘afurov «Tanlangan asarlar»ida shunday yozadi: «Yashash va o‘z faoliyati uchun zarur qonunlarning me’yorlarini  bilish to‘g‘ri va sog‘lom kun kechirishda zaruratga aylanib qoldi. Qonunlardan bexabar yashash ko‘zni mahkam boylab, hozirgi zamonning serharakat ko‘chalarida yurish bilan barobar... Faqat o‘ta sodda odamlargina: «E, qonunlarning hammasini o‘rganib oxiriga yetib bo‘larmidi, Xudo yetkazganiga qarab shukr qilib yashayver-da», deb o‘git qiladir. Holbuki, endilikda sodda odamning aravasi loyga botib yotaveradi... Huquqiy madaniyatning yo‘qligi yoki zaifligi tushkunlik, bo‘shanglik, qo‘rqoqlik, og‘zidagi nonini oldirib qo‘yishga olib keladi. Bo‘shang odamning rizqini vahshiylar talab yeydilar. Vahshiylarning talonchligiga yo‘l qo‘ymaslik – mana shu huquqiy madaniyat...»

Qo‘yliqdagi bozorda yuklarimni bekatgacha olib borgan aravakashni gapga soldim. Kuniga 60 ming so‘m ishlarkan, shuning teng yarmini arava ijarasi uchun berarkan. To‘rt g‘ildirakli bitta temir aravaning bir kunlik narxi – 30 ming so‘m. Bunday aravadan bozorda, eh-he, qancha bor. Qaysidir bir uddaburon bir paytlar 30 ming so‘mga sotib olgan aravasi kuniga 30 ming so‘m olib kelyapti. Noinsoflik ham evi bilan-da. 

Aravakash bilan suhbatim hali tugamadi. «Shunisiga ham shukr, tinch yashayapmiz, hech yo‘g‘i kuniga shuncha pul topish imkoniyati bor-ku», deydi u turgan og‘zi ochiq poyabzali bilan yer chizib. 

Shukr qilayotgan aravakashga tahsin aytishim kerakmi? Yo‘q, ammo aytgim kelmaydi: uning mana shu tinch mamlakatda boshqacharoq yashashga haqqi bor...

Taqdir taqozosi bilan xorijda yashayotgan bir vatandosh shunday yozadi: «Men uchun ideal jamiyat – bu qonun-qoidalarga asoslangan, deyarli barcha uchun teng jamiyat edi. Men ularni Kanadadan topdim. Biror marta tanish-bilishlar orqali ishimni bitirmadim, birovga pora bermadim, kelishmadim. Chunki, jamiyatning har bir bo‘g‘ini maromida ishlamoqda... Tibbiyot, tish doktorlaridan tashqari, mutlaqo bepul. Uchinchi farzandim shu yerda tug‘ilgan. Tug‘ruqxona uchun bir tiyin ham sarflamaganman. Hamma kerakli narsalar tug‘ruqxonada bor, hech narsaga sizni yugurtirishmaydi». U biz uchun ertakday tuyuladigan bir voqelikni aytadi: «Bir yoshli bolakay hovliga chiqib ketadi. Va yuragi to‘xtab qolgan Erikani do‘xtirlar hayotga qaytaradi. Ammo uning onasi Leyla o‘sha hududning «JEK» o‘rnidagi kompaniyani eshikni vaqtida tuzatib qo‘ymagani uchun sudga beradi. Sud onaga yuz ming dollardan ziyod pul undirib beradi». 

Bir kuni uning uyida gaz isini sezuvchi detektor chiyillaydi. Uy egasi  qarasa, detektor 2011 yil ishlab chiqarilgan – muddati tugagan ekan. Vatandoshimiz uni almashtirish uchun firmaga murojaat qilganida shunday javob keladi: «2011 yilning mart oyigacha chiqarilgan detektorlarning bir aybi bo‘lgan, biz sizga uch kun ichida yangi detektorni yetkazib beramiz», deydi. Va 60 dollarlik detektorni tekinga tashlab ketishadi...

...Yaqinda bir xonadondan is gazidan zaharlangan besh nafar (!) go‘dakning tobutlari chiqdi, yana bir oilada qo‘l bola isitgich sabab beshikdagi go‘dak yonib ketdi. Bu fojealar ortida qanchadan-qancha oilalarning musibati, faryodi yotibdi. Aytishingiz mumkin: o‘zlari bee’tiborlik qilgan, deb. Masalan, Turkiyada ballondagi gaz tugasa, tegishli joyga telefon qilisharkan, mutaxassislar darhol kelib, o‘zlari tekshirib, o‘rnatib  ketisharkan. Bizdagiga o‘xshab navbat talashib, jiqqa-musht bo‘lish yo‘q, aravaga ortib o‘z bilganicha qo‘yib olmas ekan... 

Bir paytlar arava tortib yurgan, ayni paytda xorijda bog‘bon bo‘lib ishlayotgan yana bir aravakashning gapi hech esimdan chiqmaydi. «Yurgan ekanmizda arava tortganimizga ham shukr qilib. Boshqacha hayot ham bor ekan. Bu yerda hatto hamshiralar oladigan maoshiga chet elma chet el sayohatga chiqishadi». 

Chetga chiqqan aravakashning hayotga qarashlari o‘zgardi. Ammo oramizda afsuski, o‘zining qishlog‘idan nariga chiqmagan, chiroq, gaz bo‘lmasa ham shukr qilib yashayotgan, hayot shu ekan-da, deb o‘tib ketayotgan hamyurtlarimiz juda ko‘p. 

Topgan pullarimizni faqat to‘ylarga sarflaymiz, degan iddaoli gaplarni yaqin-yaqingacha men ham qo‘llab-quvvatlardim. Ammo o‘zbekning to‘ydan boshqa yana nima ko‘ngil ochar narsasi bor?! «Yurgan daryo o‘tirgan bo‘yra», deyishadi. Bu gapda katta hikmat bor. Albatta, dard-u fikri pul topish uchun chetga ketganlar uchun hayot bir xil. Sayru sayohat haqida o‘ylash, o‘zga xalqlar urf-odatlariga qiziqish yo‘q ularda. Chunki ular musofir yurtda faqat oilasi uchun pul topishni o‘ylaydi. Men xuddi Turkiyadagi hamshira chet elga sayohatlarga chiqish darajasida oladigan moyana haqidagi  orzuim haqida aytmoqchiman. Lekin bu orzu, xolos. Hatto o‘zim necha yillardan beri Xorazm va Buxoro kabi yurtimiz shaharlarini ko‘rish orzusidaman, ammo...  Ko‘pchilik  xuddi shunday.

Tinch yashayotganimiz uchun shukr qilishimiz lozim. Ammo qarashlarimizni o‘zgartirishimiz, mehnatimizni oyoq osti qilayotgan korchalonlar bilan kurashishni, haqiqatni so‘rashni o‘rganishimiz kerak. 

Yaqinda Farg‘onada safarda bo‘ldim. Ochiq ko‘ngilli xalqimiz borligini yana bir bor kashf qildim. Muxbir ekanligingizni eshitib,  najot kutadi, ularga yordam berishingizni xohlaydi. Ammo ular sizga yordam berolmaydi. Bir bog‘chaga borib qoldim. Atrofi biram ko‘rimsiz, bino vayrona holatda. Muxbir kelganidan bog‘cha opalarning ko‘zidagi hadik. Jonsarakligini ko‘rib rahmingiz keladi. Nari borsa, 500 ming ham maosh olmaydigan, qalin kiyimi bilan ishlayotgan bog‘cha opalardan «nima kamchiliklar bor bog‘chalaringizda?», desangiz, dovdiragancha, qunishgancha «hammasi yaxshi», deb javob beradi. Ochig‘i, shunday joylarga borishdan yuragim bezillaydi. Odamlarning ko‘zidagi jonsaraklikni, hadikni ko‘rib, bir donishmand aytganidek, «yuzingdagi so‘ranish xorligini ko‘rishga mening kuchim yetmaydi». Bog‘chadagi tarbiyachining yoki kasalxonadagi oddiy hamshiraning nima aybi bo‘lishi mumkin? Meni xafa qiladigan narsa oddiy xodimlarning birlashib adolatsiz, ochko‘z rahbarga qarshi kurashmasligi, kurasholmasa-da, yordam bermoqchi bo‘lganlarga kamchiliklarni ro‘y-rost aytmasligi, yanayam achinarlisi, xuddi butun boshli bog‘chani talagan odamdek hadiksirash bilan qarashi... 

To‘g‘ri, qishloqlarda yaxshi yashayotgan odamlar ham ko‘p. Ammo mening ko‘zimga baribir ularni dard ezib tashlagandek. Bir tadbirkor soliqchilar bilan qanday olishganini aytib beradi: «Jonimga tegib ketganidan ularga qarab bolta ko‘tarishgacha bordim. Shundan keyin tinch qo‘yishdi», deydi. Yo‘lda kelayotganimda taksi haydovchisi «Qo‘qon bozoridagi avtoturargohning egasi hech qanday sharoitsiz har bir taksidan 5000 so‘mdan oladi. Bir kunda yuzlab mashina chiqib ketadi bu yerdan», deydi.  Yana o‘sha gap: qaysidir taksi haydovchisi ming mashaqqat bilan, turli jarimalarni to‘lab, uyiga arzimagan pul bilan kirib boradi, avtoturargoh boshlig‘i esa o‘tirgan joyida bir kunda kamida million so‘mga ega chiqadi...

Men xalqimizning o‘z qishlog‘idan chiqmay shukr qilgancha o‘tib ketishini emas, o‘zga yurtlarga sayohatlarga chiqqqanida shukr qilishini istayman. Qishloq odamlarining sabr-toqatiga yarasha gaz, chiroq bilan ta’minlanishini istayman. Men xalqimizni bundan yaxshiroq hayotga munosib ekanliklarini TUShUNIB yetishini, ana undan keyin «shukr, mana shunday kunlarni ko‘rdik», deyishini istayman. Urush vaqtida tinchlikni istaysiz, tinchlik uchun kurashasiz. Tinchlik zamonida bu ne’mat uchun shukr qilasiz. Ammo bu kamlik qiladi. Tinchlik hukm surayaptimi, demak, yaxshi hayot, yaxshi kunlar uchun yo‘l bor. Tinchlik nimaga kerak? Yaxshi yashash uchun-da. Ozod va mustaqil yurtda men yaxshi yashashim, bundan ko‘prog‘iga munosibman, deya yashash kerak emasmi? Ana o‘shanda aytgan shukronaligimiz samimiy chiqadi.

Bilasizmi, odam depressiya, ya’ni tushkunlikka qachon tushadi? Bolaligi yaxshi o‘tmasa. Juda ko‘p narsalarga sabr qilib, hammasini ichiga yutsa... Men jamiyatni bolaligi yomon o‘tgan odamga o‘xshataman – mana endi katta bo‘lganida hamma salbiy hissiyotlari  yuzaga chiqayotgan – depressiyani boshidan kechirayotgan insonga. Bundan chiqish uchun esa hamma birdan harakat qilishi, ya’ni barcha yomon hissiyotlar – poraxo‘rlar, munofiqlar, adolatsizlik uchun birga kurashmog‘i shart. Masalan, o‘zga millat vakili biror idoraga borib, haq-huquqini talab qilsa «zakunni yaxshi biladi», deymiz va ishini iloji boricha bitirib berishga harakat qilamiz. Agar millatdoshimiz o‘z haq-huquqini talab qilib borsa, «shallaqi», «yozg‘uvchi» deymiz... Va bunday «malomatga» qolmaslik uchun ko‘pda o‘z haq-huquqimizni talab qilishga istihola qilamiz. Yomon odam nomini olmaslik uchun yaxshi odam niqobi ortidagi bilimsiz odamga aylanib qolish kerak emas. 

Psixologiyada bir gap bor. Uzoq sabr qilish befarqlikni, loqaydlikni keltirib chiqaradi. To‘g‘ri-da, inson sabr qilaveradi, sabr qilaveradi, kutaveradi, lekin o‘ylaganiga sira yetishmaydi, keyin miyada, ko‘ngilda hammasiga qo‘l siltash, befarqlik yuzaga keladi. Demak, faqat sabr qilish, kutish bilan inson va jamiyat ham hech narsaga erishib bo‘lmaydi. 

Farzandlarimizga sabr-toqatga undashdan oldin baxtli bo‘lishga, yo‘l izlashga o‘rgatishimiz kerak. Nimaga faqat qizlarimizni yoshligidan sabr toqatli bo‘lishga o‘rgatamiz? Nimaga qizlarni yoshligidan birovning bolasiga zug‘um qilmaydigan qaynona emas, inson qilib voyaga yetkazish haqida o‘ylamaymiz? O‘g‘ilga kelajakda xotinini baxtli qilish yo‘lida sabr qilishga o‘rgatmaymiz? Oilaning baxti uchun faqat boshqa oiladan kelgan ayol o‘z sabrini qurbon qilib kurashadimi? Aslida bu boshqa mavzu. Ammo bugun yaxshi jamiyat qurish uchun – JAMIYaT degan oila qurish uchun oiladagi faqat kelin, jamiyatdagi faqat xalq sabr, shukr qilish kerak emas. Oiladagi qaynona, er, jamiyatdagi mas’ul rahbarlar ham o‘zini tuzatishi, tarbiyalashi lozim. Oilaga kelgan kelin yillar davomida ham zug‘umga, ham yo‘qchilikka sabr qilib hech narsaga erishmaganidek, xalq ham xuddi shunday. Yashash uchun sabr-toqat emas, haq-huquqini talab qilish, haqiqatga erishmaguncha kurashish lozim. 

Xalqimiz mehnatkash, xalqimiz sabrli, xalqimiz shukr qilishni yaxshi ko‘radi. Ana shunday andishali xalqni aldashga, haq-huquqlarini poymol qilishga, ularning sabrini, shukrini suiiste’mol qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Xalqda bir maqol bor: «Sabr tagi sariq oltin» va yana bir ibora: «Sabr kosamni to‘ldirmang...» .

Sabr tagidan sariq oltin chiqmasa, kosa to‘lib-toshib ketishi ham mumkin, shuni unutmasak, bas!

Shu topda bir multfilm qahramoni Vinni Puxning qo‘shig‘i yodga tushadi – «Kimning qo‘lida pufagi bo‘lsa u baxtiyor...» Havo shari esa shunday o‘ylaydi: «Meni shishirayotganda menga hayot berishdi», afsuski, yorilganda bildiki, uni shunchaki shishirib qo‘yishgan ekan. Sabr-toqat pufagini qachongacha ko‘taramiz, axir uning ichida havodan boshqa hech narsa yo‘q...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring