Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Shomahmudovlarning 16 farzandi

Shomahmudovlarning 16 farzandi

Foto: arxiv materiallari.

Shomahmudovlar — insonparvarlikning yuksak namunasini ko‘rsatgan oila. Ikkinchi jahon urushi davrida toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov (1890 — 1970) va uning xotini Bahri Akramova (1903 — 1987) turli millatlarning qarovsiz va yetim qolgan bolalarini asrab olib, ta’lim-tarbiya berishdi. Bu er-xotin Telman nomidagi zavodda temirchi bo‘lib ishlardi.

Toshkent shahri ayollarining O‘zbekiston ayollariga qarata qardosh xalqlarning yetim qolgan va evakuatsiya qilingan bolalarini tarbiyaga olish haqidagi 1942 yil yanvar murojaati ularni shahardagi 17-bolalar uyiga olib keldi.

Shu tarzda boshpanasiz qolgan, turli millat vakillari bo‘lgan 13 bolani va urushdan so‘ng yana 3 nafar bolani o‘z tarbiyalariga olishdi. Bular: Habiba, Vova, Shuhrat — rus, Hamidulla — ukrain, Rafiq, Rahmatulla — tatar, Xolida — moldavan, Samug‘ — chuvash, Yo‘ldosh, Ergash — yahudiy, Halima — qozoq, Qoravoy, Ne’mat, Muazzam, Hakima, Ulug‘bek — o‘zbek. Aksariyat bolalarga o‘zlari ism berishgandi.

Aytishlaricha, oilaga ukrain bolasining qabul qilinishi o‘ziga xos tarixi bor. Temirchi Shomahmudovning ulkan oilasi haqidagi xabar uzoq-uzoqlarga, hatto frontgacha yetib borgan edi. Bu haqda eshitgan katta leytenant Levitskiy Shoahmad otaga bir necha yuz rubl yubordi — komandir oladigan maoshning katta qismi edi mazkur miqdor — toki tirik ekan, yana pul yuborib turishini va’da berdi. Levitskiy bolalarni voyaga yetkazishga qanday qilib bo‘lsa-da, hissa qo‘shishni istardi.

Shoahmad ota pullarni nima qilishni bilmay qoldi. Axir bolalar o‘zining farzandidek, oilasini yedirish va kiydirish uchun kimdandir pul olish g‘alati edi. Biroq yaxshi odamni ranjitishni ham istamasdi. Shoahmad ota o‘ylab-o‘ylab, yana bir bolani — ukrain Sanya Brininni o‘z bag‘riga oldi. Shunday qilib Sanyaning ikki otasi bor edi — hozirgina tanishgan temirchi o‘zbek va hali ko‘rmagan rus leytenanti! Leytenantning bolalari bor edi. Endi ular yo‘q — nemislar yaqinda o‘ldirishgan...

Shomahmudovlar chinakam insonparvarlikni ulug‘lovchi oila sifatida katta jasorat, qahramonlik ko‘rsatishdi. Yozuvchi Rahmat Fayziyning «Hazrati inson» romani, «O‘zbekfilm» kinostudiyasining «Sen yetim emassan» badiiy filmi yaratilishiga ularning hayoti asos bo‘lgan. Bu oila sharafiga 1982 yilning 26 mayida Toshkentda Xalqlar do‘stligi monumenti ochildi (haykaltaroshlar D.Ryabichev, me’morlar L.Adamov, S.Odilov). keyinchalik mazkur yodgorlik Toshkent shahriga kirish joyiga ko‘chirildi. Bugun esa mazkur haykal avvalgi joyida qo‘nim topdi.

Eslatib o‘tamiz, urush yillarida o‘zbek oilalari jami 4,5 ming nafardan ziyod yetim bolalarni asrab olishgan. Shomahmudovlar singari samarqandlik Samadovlar 13, F.Qosimovalar esa 10 bolani parvarishlab o‘stirganlar.

Ha, o‘zbekning bag‘ri hamisha keng, u mehribon, jonkuyar.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring