Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Adolat» partiyasi – tinchliksevar, adolatli va progressiv tashqi siyosat tarafdori

«Adolat» partiyasi – tinchliksevar, adolatli va progressiv tashqi siyosat tarafdori

Yurtimizda 7-iyundan boshlab  davom etayotgan partiyalarning saylovoldi tashviqoti zamonaviy, raqamli va innovatsion uslublari hamda rang-barang shakllari bilan insonning diqqatini jalb qilmoqda.

Ertalab ishga ketayotib katta video-tabloda «Adolat» partiyasi nomzodining «Tinchliksevar, adolatli va progressiv tashqi siyosat tarafdorimiz!» degan shioriga ko‘zim tushdi. Saylovoldi dasturini qiziqish bilan o‘rganib chiqar ekanmiz, undagi quyidagi muhim tashabbuslar e’tiborga loyiqdir:

Birinchidan, yer yuzidagi eng oliy va bebaho ne’mat bu - tinchlikdir. Dasturda shu masalaga alohida e’tibor qaratilgani uning qadr-qimmatini yanada ko‘taradi.

Ikkinchidan, nomzod yurtimizning jahon hamjamiyatiga integratsiyasini yanada chuqurlashtirish, uzoq va yaqin xorijiy mamlakatlar bilan ikki tomonlama manfaatli aloqalarni mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar faoliyatida ishtirokini yanada kengaytirishni dolzarb vazifa ekanligini ta’kidlaydi. Bu esa, yangilangan Qomusimizning 18-moddasida O‘zbekiston Respublikasi xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tashqi siyosatni amalga oshirishiga hamohangligi bilan ahamiyatlidir. 

Uchinchidan, yurtimizning taqdiri Markaziy Osiyo mintaqasidagi qo‘shni mamlakatlar taqdiri bilan chambarchas bog‘liqdir. Nomzodning Markaziy Osiyoni amalda barqaror, har tomonlama rivojlangan va yaxshi qo‘shnichilik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan dinamik mintaqaga aylantirish, qo‘shni mamlakatlar bilan savdo iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy sohalarda aloqalarni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishi e’tiborga loyiqdir. Demak, bu yo‘nalishda oxirgi 5-6 yillarda qilinayotgan muhim qadamlar va islohotlar bardavom bo‘ladi.

To‘rtinchidan, bugun O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zoligini jadallashtirish yo‘lidan bormoqda. Nomzodning saylovoldi dasturida bu masalaga e’tibor qaratilgani,  kelajakda JSTga a’zolik milliy iqtisodiyotimizda tarkibiy o‘zgarishlarni tezlashtirishga, uning raqobatbardoshligini oshirishga, Tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan barqaror savdo munosabatlarni o‘rnatishga imkon yaratiladi.

Beshinchidan, nomzodning «O‘zbekiston – bizning umumiy uyimiz. Shunday ekan, uning har bir fuqarosi erkinlik va adolat, tinchlik va farovonlikda yashashga haqlidir!» degan g‘oyasi diqqatga sazovordir. Nega deganda, O‘zbekiston ko‘pmillatli davlat. Bugungi kunda yurtimizda 136 millat va elatlar, 150 dan ortiq milliy madaniy markazlar inoq, tinchlik va osoyishtalikda yashab kelmoqda.Davlat ta’lim muassasalarida o‘qitish 7 tilda olib borilmoqda. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi o‘z ko‘rsatuvlarini 12 tilda namoyish etmoqda, o‘ndan ortiq tilda gazeta va jurnallar nashr etilmoqda. Nomzodning bu g‘oyasi yurtimizda millatlararo totuvlik va madaniyatlararo muloqotning bardavom bo‘lishni anglatadi.

Xulosa qilar ekanmiz, «Adolat» SDP nomzodining saylovoldi dasturidagi tinchliksevar, adolatli va progressiv tashqi siyosat olib borish borasidagi tashabbuslari, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni, yaqin va uzoq xorij davlatlari bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlashda, ilg‘or taraqqiy etgan mamlakatlar bilan yuqori texnologiyalar, zamonaviy innovatsiyalar, investitsiyalar sohasida hamkorlik qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Demak, 9 iyul - xalq irodasini ifoda etuvchi Prezident  saylovida barcha partiyalarning saylovoldi dasturlarini o‘rganib chiqqan holda,  xalqimiz o‘zining shaffof va oqilona fikrini bildiradi.

Feruza Usarova
O‘zR FA huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi markazi direktori v.b.,
siyosiy fanlar nomzodi, dotsent

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring