Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

1-yanvardan skuter haydovchilaridan ham «prava» so‘ralishi mumkin

1-yanvardan skuter haydovchilaridan ham «prava» so‘ralishi mumkin

2024-yil 1-yanvardan boshlab DYHXX organlarida dvigateli 25 va undan ortiq kub.sm ish hajmiga ega bo‘lgan yoki konstruksiyaviy tezligi soatiga 25 va undan ortiq kilometr bo‘lgan avtomototransport vositalari, elektrodvigatelining quvvati 0,25 kVt va undan ortiq yoki soatiga 25 kilometr va undan yuqori tezlikka ega bo‘lgan elektromobillar (elektromototsikllar, elektroskuterlar va boshqalar), shuningdek, tirkama va yarim tirkamalar davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Shuningdek, davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan transport vositalarini boshqarish faqat tegishli toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslarga ruxsat beriladi.

Bu borada Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga doir Hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Hujjat loyihasi bilan:

  • yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligi ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rish;
  • individual harakatlanish vositalarida harakatlanish tartiblarini belgilash, yo‘l belgilarini tegishli belgilar bilan to‘ldirish hamda ulardan foydalanishda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash;
  • skuter tushunchasiga ta’rif berish, ular bilan bog‘liq qo‘shimchalarni Yo‘l harakati qoidalarida aks ettirish hamda yo‘l belgilarini tegishli belgilar bilan to‘ldirish kabilar nazarda tutilmoqda.

Mazkur tartib amaliyotga tatbiq qilingan taqdirda IIVga uch oy muddatda ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rgangan holda elektrosamokatlarni ijraga berishni taqiqlash, ularni soddalashtirilgan tartibda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘linmalarida ro‘yxatga olish va ularga alohida davlat raqam belgilarini berish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklanmoqda.

Ma’lumot uchun, Toshkent shahrida joriy yilning 14-iyun kunidan boshlab o‘tkazilayotgan reyd tadbirlari davomida skuterlar boshqaruvchilari tomonidan 190 marta yo‘l harakati qoidalari buzilganligi aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 11-may kuni «Tovarlarni yetkazib berish xizmatlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolangan va unda yuqoridagi tavsiflarga ega bo‘lgan moped, kvadritsikl (kvadrotsikl), tritsikl, skuter hamda yo‘lning qatnov qismida harakatlanishga moslashtirilgan boshqa mexanik moslamalarni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi bo‘lishi shartligi to‘g‘risidagi talab 2024-yil 1-yanvarga qadar to‘xtatib turilishi aytilgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring