Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Vaksina ishlab chiquvchilar Trampning bosimidan qo‘rqishmoqda

Vaksina ishlab chiquvchilar Trampning bosimidan qo‘rqishmoqda

Foto: «Cherkessk.sm-news.ru»

Koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiquvchilar ularning ishiga siyosat aralashayotganidan hayiqishmoqda: Amerika yetakchisi Donald Tramp ularga bosim o‘tkazishi mumkin. Bu haqda «The New York Times» Oq uydagi manbalariga tayanib xabar bergan.

Ta’kidlanishicha, AQSh ijtimoiy xizmat va sog‘liqni saqlash vazirligi aprel oyida pandemiyaga qarshi kurashishning eng yaxshi yo‘li COVID-19 vaksinasini ertaroq ishlab chiqish ekanligini ma’lum qilgandi. Uni 2020-yil oktyabrda ishlab chiqishni va’da bergandi. Bu Trampning noyabrda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovlarigacha «virusni jilovlash» xohishiga to‘la mos kelardi. Biroq muddatni kechiktirishga to‘g‘ri keldi: endi 2020-yilning oxiri — 2021-yilning boshlarida millionlab doza vaksina ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Hukumatdagi ekspertlar Tramp tezroq dori ishlab chiqarish uchun oziq-ovqat va dori-darmon sifatini nazorat qilish boshqarmasiga (FDA) bosim o‘tkazishi mumkinligidan cho‘chishmoqda. Chunki bu saylovda g‘alaba qozonish uchun kerak: prezident vaksinani saylovchilarga «syurpriz» qilmoqchi. Ekspertlarning fikricha, natijada u virus haqida yetarli bo‘lmagan ma’lumotlarga e’tibor bermasligi va sifatsiz vaksinani chiqarishi mumkin.

«The New York Times»ning yozishicha, Amerika yetakchisi chindan ham vaksina ishlab chiquvchilarni shoshirmoqda. Chunki Tramp Shimoliy Karolinadagi biotexnologik laboratoriyaga borib, u yerda dorini rekord darajada qisqa fursat ichida chiqarishga va’da berdi. Bundan tashqari, u FDA «ishini yaxshi uddalayotgani» va preparatni «muddatidan ancha erta» ishlab chiqishga ulgurishini bir necha bor ta’kidlagan. Gazetaning yozishiga qaraganda, bularning bari farmatsevtika kompaniyalarini boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yadi: ular ma’muriyat talablari bilan to‘liq tekshirilmagan vaksina ishlab chiqarishga oid xavfsizlik masalalari o‘rtasida muvozanat saqlashga to‘g‘ri keladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring