Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yulduz Usmonova vs IIV: nimalar bo‘lyapti o‘zi?

Yulduz Usmonova vs IIV: nimalar bo‘lyapti o‘zi?

Foto: «YouTube»

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova ijtimoiy tarmoq orqali ichki ishlar organlari xodimlarini tikka haqoratlagani ortidan unga nisbatan surishtiruv ishlari boshlangandi.

Kecha bu haqda xabar tarqatgan Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati bugun Mirzo Ulug‘bek tumani ma’muriy sudida xonadaning «ishi» ko‘rib chiqilajagini ham ma’lum qilgandi.

Biroq sud bo‘lmadi.

Sud binosida hozir bo‘lgan hamkasblarimizning aytishicha, soat 14:00 ga belgilangan sud majlisi tushunarsiz sabablar bilan avvaliga bir soatga ortga surilgan. Biroq shundan keyin ham sud bo‘lmagan. Soat 18:30 gacha kutgan ommaviy axborot vositalari xodimlari qachonki «ish vaqti tugadi, bino yopiladi» deyilgandan keyingina tuman ma’muriy sudi binosini tark etishgan.

Manbamizga ko‘ra, Yulduz Usmonovaga oid «delo»ning o‘zi hali sudga yetib kelmagani aytilmoqda. Xonanda qanday huquqbuzarlikda ayblanayotgani xususida ham aniq ma’lumot yo‘q. Katta ehtimol bilan unga «haqorat qilganlik» aybi qo‘yilishi mumkin.

«Yulduz Usmonova mojarosi»ga oid tushunarsiz holat shundangina iborat emas. Kecha IIV tarqatgan axborotda u «...jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimasdan, o‘ta madaniyatsizlik bilan turli haqoratomuz so‘zlarni gapirayotgani»ga qaramay, xonandaga «...belgilangan tartibni tushuntirishga uringan xodimlar, ziddiyatli vaziyat keskinlashib ketishining oldini olish maqsadida, ushbu ayol bilan muloqotni to‘xtatib, o‘z xizmat vazifalarini davom ettirgan»liklari qayd etiladi. Ya’nikim, xodimlar o‘sha paytda oddiy fuqarolarga nisbatan qilishgani kabi «o‘ta madaniyatsizlik bilan turli haqoratomuz so‘zlarni gapirayotgan» xonandaning qo‘lini qayirib, mashinaga tiqib (shu jarayonda och biqiniga bir-ikki tushirib), kerakli joyga olib ketishmagan! Balki «muloqotni to‘xtatib, o‘z xizmat vazifalarini davom ettirishgan». Shundan keyin ham tinchimagan «...Yu.Usmonova ijtimoiy tarmoq orqali «onlayn» tarzda ichki ishlar organlarini obro‘sizlantiruvchi, asossiz haqoratlar aks ettirilgan videorolikni tarqatgan».

Nihoyat, pichoq suyakka yetgach, xonandaga nisbatan surishtiruv ishlari boshlanadi.

Surishtiruv ishlari yakunlanib, «delo» tayyor bo‘lgani rostdirki, bugun IIV axborot xizmati «Yulduzning sudi bo‘ladi», deya OAV xodimlariga xabar beradi. Biroq, ko‘rib turganingizdek, sud majlisi bo‘lmadi. Bunday tushunarsiz va sirli vaziyatga mantiqli izoh ham berilgani yo‘q.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring