Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yaponiya agentligi Ipak yo‘li madaniy merosini muhofaza qilishga mablag‘ ajratadi

Yaponiya agentligi Ipak yo‘li madaniy merosini muhofaza qilishga mablag‘ ajratadi

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) O‘zbekistonda «Ipak yo‘li madaniy merosini raqamli arxivlar orqali saqlash» loyihasiga 490 ming dollar ajratadi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi direktori Shahriyor Nurulloyev va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining yurtimizdagi vakolatxonasi direktori birinchi o‘rinbosari Yoshimasa Takemura uchrashuvida ma’lum qilingan.

Qayd etilishicha, JICA tomonidan 2021 yil iyun oyida O‘zbekiston tarixi davlat hamda Termiz arxeologiya muzeylarida va Termiz shahri yaqinidagi arxeologik ob’yektlarda o‘rganish ishlari olib borilgan. Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra 2021 yil 29 oktyabrida Madaniy meros agentligida «Ipak yo‘li madaniy merosini raqamli arxivlar orqali saqlash» loyihasining dastlabki muhokama yig‘ilishi o‘tkazilgan.

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi O‘zbekiston bilan 1993 yildan buyon hamkorlik qilib keladi. 1999 yilda mamlakatimizda mazkur tashkilotning  vakolatxonasi ochilgan. E’tiborga molik jihati, bu – Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining MDHdagi ilk xorijiy vakolatxonasidir.

JICA O‘zbekistonga iqtisodiy infratuzilmani takomillashtirish (xususan, energetika va transport sohalarida), xususiy sektor ravnaqiga ko‘maklashish, qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlarini rivojlantirish hamda ijtimoiy islohotlar kabi yo‘nalishlarda ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda.

O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yilning dekabr oyida JICA bilan umumiy qiymati 3,5 mlrd dollarga teng bo‘lgan Hamkorlik dasturi imzolangan. Ushbu dastur o‘rta muddatlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun asos hisoblanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring