Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident ochiqlikni talab qilmoqda, mutasaddilar esa... Yana bir muhim tadbirga OAV xodimlari chaqirilmadi

Prezident ochiqlikni talab qilmoqda, mutasaddilar esa... Yana bir muhim tadbirga OAV xodimlari chaqirilmadi

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Bugun Bosh prokuraturada Yer maydonlaridan noqonuniy foydalanish va egallab olishning oldini olish bo‘yicha Respublika komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tibdi.

O‘tgan zamon fe’lida yozilayotgani boisiki, mahkama matbuot xizmati «siqib, suvi chiqarilgan» ma’lumotnoma taqdim etmaganida bunday o‘ta muhim tadbir bo‘lishi ne, hatto bo‘lib o‘tganidan ham bexabar qolardik, rosti.

Ma’lumingizkim, o‘tgan 2019-yilning 25-dekabr kuni Bosh prokuror raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining yig‘ilishi bo‘lgandi. O‘shanda sog‘liqni saqlash tizimidagi poraxo‘rlik, suiiste’molchilik va boshqa illatlar ochiq-oshkora aytilib, kim-kim — vazir «oborib-olib kelingandi»ki, ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif etilgani yig‘ilishga doir axborotlar nainki «pardoz-andozsiz», balki «qaynoq holda» yoritib borilgandi.

Turgan gap, «issig‘ida» yoritilgan tadbirlarning aks-sadosi shunga yarasha bo‘ladi...

Shu yilning 18-yanvar kuni esa mazkur Idoralararo komissiyaning nabatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘tgan galgi yig‘ilishga jurnalistlarni taklif etib, bilib-bilmay katta shov-shuvlarga sabab bo‘linganidan «tegishli xulosa» chiqarildimi, kim bilsin, bu safar ommaviy axborot vositalarida xodimlari chiqarilmadi. Vaholanki, idoralararo komissiyaning keyingi yig‘ilishida oliy ta’lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish ahvoli va qonuniylikni ta’minlashga doir masalalar muhokama qilindi.

Jamiyatni ichidan yemirib turgan illat muhokamasiga doir bunday tadbirlar ommaviy axborot vositalari xodimlarisiz o‘tgani, juda yumshoq aytganda, tushunarsiz. Mamlakat rahbari davlat idoralarini ochiqlik va shaffoflikka da’vat etayotgan bir paytda mutasaddilar yana «yopiqlikka» qarab harakat qilayotganini o‘zlari izohlar, balki?!

Bugungi tadbirga qaytsak.

Bosh prokuratura matbot xizmati tarqatgan xabarga qaraganda, videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, sug‘oriladigan ekin yerlarining ajratilishi va foydalanilishi ahvoli hamda sohada qonuniylikni ta’minlashga doir masalalar muhokama qilingan.

Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimlari, komissiya a’zolari, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi vakillari, Vazirlar Mahkamasi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, «Davyergeodezkadastr» qo‘mitasi, shuningdek, sohaga aloqador boshqa vazirlik va idoralar rahbar va mas’ul xodimlari ishtirok etgan yig‘ilishda yer maydonlaridan samarali va oqilona foydalanishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etilib, bu borada erishilayotgan muayyan yutuqlar e’tirof etilgan. Kamchiliklar ham ro‘y-rost aytilib, sohada poraxo‘rlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, yer maydonlari talon-toroj qilinishiga oid jinoyatlar haqida axborot berilib, mas’ullardan bunga izoh so‘ralgan.

Pirovardida, aholi soni tobora oshib boradigan, yer maydonlari hajmi esa cheklangan sharoitda, bu sohadagi korrupsiya, tizimli kamchilik va qonunbuzilishlarni bartaraf etish, ona zaminimiz yer maydonlarini asrab-avaylab kelajak avlodlarga yetkazish zarurligi ta’kidlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring