Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Notiqlar taqdirlandi (foto)

Notiqlar taqdirlandi (foto)

Foto: Xabar.uz

Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash «Ulug‘bek» jamg‘armasi va «Notiqlik san’ati akademiyasi» ta’lim markazi hamkorligida turli vazirlik va idoralar, madaniyat va ma’naviyat tizimlarida, jurnalistika sohasida samarali mehnat qilayotgan va nutqiy faoliyati bilan ibrat-namuna bo‘layotgan bir guruh kasb egalarini turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlash tadbiri o‘tkazildi.

«Ijtimoiy-ma’rifiy ehtiyojdan kelib chiqqan holda og‘zaki va yozma nutqni yaxshi o‘zlashtirishni rag‘batlantirish, bunday ma’rifiy maqsadga qaratilgan tadbirlar samaradorligini oshirishni qo‘llab-quvvatlash ushbu marosimning muhim shartidir», — deydi ta’lim markazi rahbari, professor Rahimboy Jumaniyozov.

«Notiqlik san’ati akademiyasi» ta’lim markazi mutaxassislari tomonidan bir yil davomida olib borgan turli tadqiqotlar va o‘rganishlar tahlillari orqali ona tilimizning betakror nafosati va boy imkoniyatlarini kreativ muloqot usullaridan unumli foydalangan holda samarali qo‘llab kelayotgan bilimdon notiqlar 16 ta nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.

Jumladan, quyidagi yo‘nalishlar e’lon qilindi: «Xorijiy mamlakatlarda milliy she’riyatimiz jozibasi va nafosatini tarannum etishda jo‘shqin ijodiy faoliyati uchun» (iste’dodli shoir Nosirjon Jo‘rayev),

«O‘zbek qiziqchilik san’atini eng yaxshi an’analari nutq ohanglarini saqlagan holda boyitishga va xalqaro maydonda targ‘ib qilishga qo‘shgan munosib hissasi uchun» (marhum qiziqchi Obid Asomov),

«Jahonning nufuzli xalqaro anjumanlarida O‘zbekiston va o‘zbek tili shuhratini yoyish va mamlakatimiz obro‘sini yuksaltirishga qo‘shayotgan beqiyos jurnalistik faoliyati uchun»,  (xalqaro jurnalist, taniqli publitsist va mohir shoir Karim Bahriyev),

«Ijtimoiy tarmoqlarda tahliliy materiallarni yoritishda o‘zbek yozma nutqidagi zamonaviy kommunikativ kompetensiyasi uchun» (taniqli jurnalist Ilyos Safarov),

«Media makonda saylovchilar manfaatlarini ifoda qilishda faol va qat’iy deputatlik pozitsiyasi uchun» (Siyosiy fanlar doktori, professor Qodir Jo‘rayev),

«Mamlakat hayotidagi dolzarb voqealarni chuqur mushohada salohiyati va o‘zbek tilining boy jozibasi bilan yetkazish borasidagi mahorati uchun» (taniqli jurnalist Xayrulla Nuriddinov),

«Yetakchining notiqlik mahoratini oshirish masalalarini ilmiy-tahliliy o‘rganishdagi yangicha ilmiy-nazariy yondashuvlari uchun» (pedagogika fanlari nomzodi, dotsent, Otabek Hasanov),

«Aholining keng qatlamlarida ijtimoiy-ma’naviy targ‘ibotni sodda va xalqchil tilda yetkazib berishga qo‘shayotgan favqulodda faolligi uchun» (falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova),

«O‘zbek tili suxandonlik va dublyaj maktabini rivojlantirish ishiga qo‘shayotgan ulkan shaxsiy xizmatlari uchun» (taniqli aktyor, mohir suxandon, dublyaj ustasi Afzal Rafiqov),

«Oila institutini mustahkamlash bo‘yicha o‘tkazilgan qator tadbir va anjumanlarda nutq vositasida fikr va mantiqni ijtimoiy yukini tugal yetkazib berishdagi zamonaviy yondashuvlari uchun» (pedagogika fanlari doktori, professor Nodira Egamberdiyeva),

«Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va kitob targ‘iboti yo‘lidagi zamonaviy yondashuvlari va ulkan amaliy hissasi uchun» (Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona direktori Umida Teshaboyeva),

«Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini xalq bilan samarali muloqot va noan’aviy tashviqot orqali yetkazishdagi shaxsiy ibrati uchun» (Po‘lat Bobojonov),

«O‘zbek tilining rasmiy nutq madaniyatini yuksaltirishga qo‘shayotgan yuksak mahorati va fidokorona xizmatlari uchun» (taniqli jurnalist va publitsist Murtaza Qarshiboyev),

«Xalq og‘zaki poetik ijodini pedagogik, germenevtik va lingivistik mahorat orqali samarali yetkazishdagi buyuk xizmatlari uchun» (O‘zbekiston milliy universiteti O‘zbek mumtoz adabiyoti kafedrasi dotsenti, marhum ustoz Omonulla Madayev).

 «Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda diniy mavzulardagi chiqishlari orqali ma’rifiy islomni qat’iy himoya qilishdagi jonbozligini uchun» (Jaloliddin Hamroqulov),

«Yoshlarda diplomatik etiket, verbal va noverbal muloqot ko‘nikmalarini oshirishga qo‘shgan hissasi uchun» («Spiker» notiqlik klubi rahbari Ikrom Xudoybergenov).

Vazirlar mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi «Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi» mutasaddi rahbarlari aynan sohaga oid kitoblari bilan g‘oliblarni rag‘batlantirdilar.

Bahriddin MUQIMOV,
«Notiqlik san’ati akademiyasi» ta’lim markazining uslubchisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring