Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mirzo Boburning harbiy notiqlik mahorati

Mirzo Boburning harbiy notiqlik mahorati

Notiqlikning bir qancha turlari bor. Bular ijtimoiy-siyosiy, akademik, diniy, sud notiqligi, harbiy va ijtimoiy-maishiy notiqlikdir. Bular ichida alohida ajralib turadigani harbiy notiqlikdir. Tinchlik sharoitida ham, davlat boshqaruvi, hatto urush sharoitida ham qo‘shinni boshqarishda notiqlik san’atining alohida o‘rni bo‘lganligiga uzoq asrlik tarix guvoh. Chunki ko‘zlangan maqsad bu strategiya bo‘lsa, uni amalga oshirish yo‘llari bu taktikadir. Demak, har qanday strategiyaning ta’sirchan mexanizmi bu — til taktikasidir.

Harbiy notiqlik mohiyat e’tibori bilan  jangovarlikni, xitob va da’vatni anglatadi. Shuning uchun ham mashhur Rim notig‘i Mark Tulliy Sitseron «Tarixda yo yaxshi harbiy sarkarda yoki notiq bo‘lish kerak», degan. U ko‘rib kuzatgani va anglab yetganidan so‘ng shu fikrga kelgani aniq. Notiqlik va harbiy sohadagi faoliyat o‘zaro uzviy bog‘liqdir. Har qanday g‘alabani ta’minlash mezoni bevosita notiqlik mahorati bilan bog‘liq.

Sohibqiron Amir Temur ham jang san’atida, boshqaruv tizimida notiqlikning alohida o‘rnini e’tirof etgani va amal qilgani bejiz emas. Jangda g‘alabaning garovi o‘ziga ishonch bilan bog‘liq bo‘lgani kabi so‘zga ham bevosita bog‘liq. Qo‘mondon qo‘shiniga o‘z nutqi orqali ishonch ruhini bersa, u dadil harakat qiladi va zafar quchadi, aks holda, mag‘lubiyatga uchraydi. Shuning uchun ham notiqlikning asl mohiyati ishontirish orqali ta’sirlantirish san’atidir.

«Temur tuzuklari»ni nutq san’atining noyob namunasi deyish mumkin. Keyingi avlod temuriyzodalardan bo‘lgan Zahiriddin Muhammad Bobur  sohibqiron Amir Temurning jang san’ati va boshqaruv mahoratidan tashqari, o‘z so‘zi, nutqi va voizlik mahoratiga ega bo‘lganini ham eshitgan, bilgan. «...har kim o‘z so‘ziga ega bo‘lsin, ishini bilib o‘zi qilsin, ya’ni raiyat podshosi aytgan so‘zini, qilgan ishini o‘zi aytadi, o‘zi qiladi...» degan «Temur tuzuklari»dagi bitiklar ham o‘sha davrda notiqlik san’atining rutbasi yuqori bo‘lganini bildiradi.

«Yaxshi nutq egasi – uquvli, qat’iyatli, o‘ziga ishongan bo‘lishi darkor, chunki va’zxonlik – kuch. Voiz bo‘lish uchun, so‘zning qudrati va sehrini egalash lozim. Amir Temurning qudrati, avvalo, uning donishmand fikrlarida, maslahatli kengashlardagi so‘zlangan nutqlarida namoyondir, chunki XIV asrda markazlashgan feodal davlatni tuzish, ulkan qo‘shinga sarkardalik qilish uchun har taraflama bilimdon, qat’iyatli, voiz-shaxs bo‘lish lozim edi», — deb yozadi A. Aripova o‘zining «Iqtisodiy nutq asoslari» o‘quv qo‘llanmasida.

 Ushbu sifatlarni hech ikkilanmasdan Zahiriddin Muhammad Bobur haqida ham aytish mumkin. Hind xalqining buyuk davlat arboblaridan Javoharlal Neruning ushbu mulohazasi ham yuqoridagi fikrimizga dalildir.  «Bobur dilbar shaxs, Uyg‘onish davrining tipik hukmdori, mard va tadbirkor odam bo‘lgan. U san’atni, adabiyotni sevardi, hayotdan huzur qilishni yaxshi ko‘rardi...»

Mard va tadbirkor,  san’atni sevgan kishigina qat’iy iroda, o‘z so‘ziga, fikriga ega inson bo‘lishi tayin. Jonli manzaralar yaratuvchi, da’vatkor kuchga ega so‘zning o‘rni katta. To‘p-u zambaraklar, behisob qo‘shin eplay olmagan ishni oddiy so‘z bajara olganiga tarix shohid.

Boburning nutqiy mahorati haqida mufassal ma’lumotni shoh va shoirning qizi Gulbadanbegimning «Humoyunnoma» asaridan olish mumkin. 

1527 yili Boburning Hindistonda Rano Sango bilan jangi oldidan qo‘shinlari orasidagi vaziyat aziyatga sabab bo‘ladi. Boshi qovushmagan jangchilar orasida  ixtilof va tarqoqlik boshlanadi.

Shunda Bobur lashkarga qarata jonli, ta’sirchan nutq irod qiladi. Gulbadanbegim «bunga majlisdagilarning hammasi rozi bo‘lishib..., tomirimizda bir tomchi qonimiz qolguncha kurashamiz, deb qasam ichadilar...» degan dalilni keltiradi: «Har kimki hayot majlisiga kiribtur, oqibat ajal paymonasidin ichkusidir va har kishikim, tiriklik manziliga kiribtur, oxir dunyo g‘amxonasidin kechkusidur, yomon ot bilan tirilgandin, yaxshi ot bilan o‘lgan yaxshiroq... Tangri taolo bu nav’ saodatni bizga nasib qilibtur va mundoq davlatni bizga qariyb aylabtur. O‘lgan shahid va o‘ldurg‘on g‘oziy, barcha Tangrining kalomi bilan ont ichmak kerakkim, hech kim bu qatoldin yuz yondirur xayol qilmay, to badandin joni ayrilmag‘unicha, bu muhoriba va muqotiladin ayrilmag‘ay...»

Boburning ushbu otashin, jangovar nutqidan so‘ng barcha askarlar yakdil holda, jam bo‘lib, jangga kirishgan.

Jang oldidan lashkarni ruhlantirish, g‘alabaga nisbatan ishonch tuyg‘usini uyg‘otish tajribali qo‘mondonlarning faoliyatida sinashta bo‘lgan.  Napoleon Bonapart jangga kirishishga tayyor turgan qo‘shinga qarata shunday deyishi odat bo‘lgan. «Jangda o‘lishni hamma eplaydi. Mard va jasur jangchilargina tirik qoladi. Menga o‘ligingiz emas, tirigingiz kerak. Shunday ekan, barchangizga o‘lmaslikni buyuraman, olg‘a!» deya xitob qilarkan.

Boburning notiqlik mahoratiga misol sifatida shunga o‘xshash yana bir holatni  kuzatish mumkin. Hindistonda davlatchilik siyosatini mustahkamlash, mayda-mayda feodal, rojaliklarga bo‘linib ketgan yurtni yaxlit davlatga aylantirish, o‘lka viloyatlarini markaziy saltanatga birlashtirishda ham u ritorik san’atning imkoniyatlaridan foydalangan.

Bobur Mirzoning harbiy mahorati va notiqlik san’ati imkoniyatlarini bilishi jang-u jadallarda qo‘l kelganiga Hind va Afg‘on zamini sari harbiy yurishlarida yaqqol ko‘rinadi. 1525 yilda Bobur Rano Sango bilan ittifoq tuzib, Shimoliy Hindistonni egallash maqsadida Ibrohim Lo‘diyga qarshi jangga kirdi. 1525 yil kech kuzda Bobur Panjobni bo‘ysundirdi, 1526 yilda Panipat qishlog‘i yaqinidagi birinchi jangda Boburshoh qo‘shini Dehli sultoni Ibrohim Lo‘diyning ukasi Mahmud Lo‘diy qo‘shini ustidan g‘alaba qozonib, Bengal shohi Nusratshoh bilan do‘stona aloqalarni o‘rnatdi.

1526 yil apreldagi Panipat jangida Bobur asosiy raqibi, Dehli sultoni Ibrohim Lo‘diyning 100 ming kishilik qo‘shinini o‘zining 12 minglik askari bilan tor-mor qilishi aqlga sig‘maydigan hol. O‘n ikki ming askar orasida yuz ming qo‘shinga qarshi jangga kirish mushkul ekanini o‘ylab, talmovsirash boshlanadi. Uy-joyini qo‘msab, oila va farzandlari diydorini ko‘rmasdan behuda o‘lib ketish xavfi askarlarni cho‘chitadi.

Jangga kirishdan bo‘yin tovlaganlari ham bo‘ladi. Bundan achchiqlangan Mirzo Bobur o‘z jahlini sezdirmasdan ot ustida tikka turgani holda askarlariga shunday mazmunda murojaat qiladi. «Oralaringizda o‘lmaydigan, abadiy tirik qoladiganingiz bormi?» Hamma jim. U davom etadi. «Quyosh botish uchun chiqadi, odamzot o‘lish uchun tug‘iladi. Bu ayni haqiqat. It ham o‘ladi, yigit ham o‘ladi. Lekin ularning o‘limi orasida farq bor. It nafsi sabab o‘lsa, yigit hamiyatini, yurtini, or-nomusini himoya qilib jon taslim etadi. Yigit kishi o‘z elini, vatanini, shon-shavkatini, din-diyonatini, ona tuprog‘ini ko‘z qorachig‘idek asrash yo‘lida vafot etsa bu sharafli o‘limdir. Avlodlarning erki, tinch va osoyishta yashashidan ulug‘ ne’mat bormi, o‘zi. Yengsak g‘oziymiz, mabodo, qazo qilsak shahid hukmidamiz».  Buni tinglagan askarlar bir necha soniya jim turishadi. Birozdan keyin butun olamni tutgudek na’ra tortishadi. «Biz janggga tayyormiz, biz albatta yengamiz!» Askarlar qilich va nayzalarini baland ko‘tarib jangga shayligini bildirishadi. Ana shu nutqiy xitob, jangovarlik ruhi bilan sug‘orilgan da’vatnoma nutq Dehlini egallashga, 1527 yil martda Bobur Sikri yaqinidagi jangda rajputlar sardori Rano Sango qo‘shinini tor-mor etib, butun Shimoliy Hindistonni bo‘ysundirishiga sabab bo‘ladi.

Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo notiqlik san’atini mukammal egallagan bo‘lib, u nafaqat harbiy notiqlikda, balki umuman voizlik san’atida yuqori cho‘qqiga erishgan mahorat sohibidir. Bobur o‘zi va so‘zi joiz bo‘lgan voizdir. U kimga, nima haqda, qachon, qayerda, qanday qilib, muhimi, qancha aytishni taqozo qiladigan san’at mohiyatini bilgan va amalda qo‘llay olgan shoh va shoirdir. Uning nazarida insonning o‘zligi uchun ko‘zgu uning so‘zligidir.

Co‘zingkim hizr suyidin nishondur,
Vale ul suv kibi mendin nihondur.
Har vaqtke ko‘rgasen mening so‘zumni,
So‘zumni uqub anglagaysen o‘zumni.

Anglashilayaptiki, kishining nutqi uning xulqining ko‘zgusidir. Chunki insonning o‘ziga qarab kutishni, so‘ziga qarab kuzatishni xalqimiz juda yaxshi biladi.

Bobur ta’biricha, «...o‘zni yondoshturub o‘zing birla, so‘zni chirmashturub so‘zung birla...»; o‘zgani o‘zingga «yondoshtirishing» g‘alaba garovi, «insonlik nishoni so‘zlamoq» ekanligini u chuqur idrok etadi.

O‘zining ijodiy faoliyatida ham voizlik san’atining muhim bir bo‘g‘ini ritorik murojaat she’riy san’atidan ham unumli va o‘rinli foydalandi. Navoiy poetikasi bo‘yicha yirik mutaxassis Yoqubjon Isoqovning mazkur san’at haqidagi fikrlarida ham shunga ishora bor: «Ritorik murojaat – qadimgi davrlarda (Yunon-Rim) notiqlik san’atining muhim jihatlaridan biri bo‘lgan. Ritorik murojaat badiiy adabiyotda uslubning hissiyligini ta’minlovchi omillardan biriga aylangan». Anglashilayaptiki, Ritorik murojaatdagi tinglovchiga qaratilgan nido, xitob tarzidagi poetik murojaatlar Bobur ijodiga ham jilo bergani rost.

Adabiy merosimizda qo‘llanilgan Olloh, Yo Rab, falak, soqiy, mug‘anniy, sabo, oshiq, ma’shuqa, ag‘yor kabi an’anaviy xarakterdagi ritorik murojaatlar fonida Bobur mirzo yurt sog‘inchi, ilmga da’vat, jangovar xitob, raqibga qarshi da’vat mazmunini ham singdirgan.

Jangovar va tinchlik sharoitida ham nutqning o‘rni borasida so‘z ketarkan, Bobur mirzoning hayotiy va ijodiy faoliyati bunga misoldir. Strategik maqsadlarni amalga oshirish tilni qo‘llash taktikasi bilan bog‘liq bo‘lgan ayni zamonda Bobur mirzo qarashlari ijtimoiy mohiyat kasb etishi tayin.

Rahimboy Jumaniyozov,
«Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universiteti dotsenti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring