Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Notiqlik san’ati bo‘yicha qo‘llanma nashr etildi

Notiqlik san’ati bo‘yicha qo‘llanma nashr etildi

«Yangi kitob» nashriyotida taniqli adabiyotshunos olim, mahoratli notiq, so‘z ustasi Rahimboy Jumaniyozovning «Pedagogik mahorat va kommunikativ kompetentlik» nomli o‘quv qo‘llanmasi nashrdan chiqdi.

Ta’lim va tarbiyaga jamiyat taraqqiyotini belgilovchi asosiy omil sifatida qaraladi. Negaki, usiz ma’lum bir yutuqqa erishish, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin olish mushkul. Har qanday ta’lim-tarbiya asosida esa til, nutq, imlo va savodxonlik masalalari turadi. Ayni shu jarayonda esa o‘qituvchi-muallimning o‘rni beqiyos. Bu haqda ko‘p va xo‘p yozilgan. Lekin davrlar o‘tishi bilan ta’lim berishning usul va vositalari o‘zgarib boradi, tarbiyaning yangicha talqinlari yuzaga keladi. Izlanuvchan, mohir pedagoglarimiz yosh avlod qalbini egallaydigan, ularga ma’naviy oziq beradigan yangi, innovatsion metodlarni ishlab chiqadilar. Rahimboy Jumaniyozov ham bu borada o‘ziga xos asarlar yaratgan shaxslardan biri. Chunki uning «Eski o‘zbek yozuvi», «Xalq ijodi – haq ijod», «Turkiy savod», «Nutqiy mahorat», «Muomala madaniyati», «Siz notiq bo‘lmoqchimisiz?» kabi o‘nlab kitoblari allaqachon xalqimizning ma’naviy mulkiga aylanib ulgurgan, minglab odamlarni savod sari boshlagan.

Yaqinda muallifning «Pedagogik mahorat va kommunikativ kompetentlik» nomli o‘quv qo‘llanmasi nashrdan chiqdi. Mazkur kitobda ta’lim-tarbiya, zamonaviy pedagogika, notiqlik san’atining dolzarb masalalari o‘zaro bog‘liq holda yoritib berilgan. To‘g‘ri, pedagogik mahorat masalalari bo‘yicha bir qator kitoblar: darslik va o‘quv qo‘llanmalar, uslubiy tavsiyanomalar yaratilgan. Biroq ushbu o‘quv qo‘llanmada pedagogik mahorat va kommunikativ kompetentlik muammolari o‘qituvchining notiqlik mahorati misolida ochib berilgan. Muallif o‘z bilimi, tajribasi va pedagogik mahoratidan kelib chiqqan holda pedagogik jarayondagi har bir hodisaga o‘ziga xos tarzda ijodiy-kreativ yondashgan. Pedagog ishining samarasi, asosan, uning nutqi bilan bog‘liqligi ishonarli dalillar bilan ko‘rsatib berilgan.

Mazkur qo‘llanmaning tuzilishi ham o‘ziga xos. Unda pedagogik mahorat, aniqrog‘i, notiqlik san’ati qadimgi davrlardan hozirga kunga qadar qanday bosqichlardan o‘tgani, shaxs tarbiyasida notiqlik san’atining o‘rni, notiqlik san’ati va o‘qituvchining nutqiy mahorati izchil tarzda ochib berilgan. Masalan, pedagogik mahoratning muhim omillari haqida gapirar ekan, muallif shunday yozadi: Xo‘sh, pedagog mahoratining yana qanday omillari bo‘lishi mumkin? Sub’yektga munosabat zamirida ob’yektning ergashtira olish qobiliyati yotadi. Ergashtira olish albatta, qiziqtirishni talab etadi. Qiziqtirish esa nutqiy mahoratni talab etadi. Shundagina o‘quvchining diqqat-e’tiborini tortish mumkin. Teran tafakkur, sezgirlik, tezfahmlik, badihago‘ylik, intuitsiya va idrok etish pedagogda umumlashgan bo‘lishi kerak.

Qo‘llanmadagi har bir bo‘lim va mavzularda yangicha bir qarash, yangicha bir yondashuv namoyon bo‘ladi. Masalan, «O‘qituvchining kommunikativ qobiliyati» bo‘limida zamonaviy pedagogikaning qonuniyatlariga tayangan holda kommunikativ qobiliyatning notiqlik san’ati bilan tutash nuqtalari tilga olinadi. Binobarin, pedagogning kreativ kompetentligi uning faoliyatida ijodkorlik, izlanuvchanlik, bunyodkorlik, tashabbuskorlik va tashkilotchilik fazilatlarini talab etadi. Bu esa ta’limningg sifati samarasiga ijobiy ta’sir etadi.

Qo‘llanma muallifi pedagogik jarayonning har bir qismi, har bir jihatiga professional notiq sifatida nazar tashlaydi, zamonaviy pedagogikaning yutuqlaridan unumli foydalanadi hamda o‘z xulosa va tavsiyalarini ilgari suradi. Masalan, «Nutqiy kompetensiyaning tarkibiy qismlari va muhim omillari» bo‘limida ham notiq va mahoratli pedagogning jo‘yali fikrlari ilgari suriladi. Uning yozishicha, nutqiy kompetensiyaning tarkibiy qismlarini puxta o‘zlashtirmasdan turib har qanday o‘qituvchi nutq ravonligiga ham, notiqlik san’atiga ham erisha olmaydi. Bular tinglab tushunish, so‘zlash, o‘qish va yozishdir. Xuddi shu to‘rtta asos o‘z o‘rnida go‘zal va ravon bo‘lishi uchun bir qator omillar zarur.

Yuqorida ta’kidlanganidek, Rahimboy Jumaniyozov o‘ta mahoratli notiq, mashhur so‘z ustasi. Bu darajaga yetish uchun qancha mehnat va zahmat chekkaniga biz guvohmiz. Nazarimizda, bularning hammasi uchun nutq texnikasini puxta egallash talab etiladi. Qo‘llanma muallifi ayni shu jarayonni juda puxta o‘zlashtirgan, bu borada izlanishlar olib borgan, yangicha yo‘nalishga asos solgan. Mazkur qo‘llanmadagi materiallar yuqorida bildirilgan gapimizni tasdiqlaydi. Binobarin, nutq texnikasi va vositalari bo‘yicha berilgan amaliy mashg‘ulotlar kitobning ilmiy va amaliy qimmatini yanada oshirgan. Masalan, pedagog nutqining to‘g‘riligi, aniqligi, mantiqiyligi, tozaligi, ta’sirchanligi, soddaligi, qisqaligi va sh.k.lar o‘ta ishonarli bo‘lib, hammaga birdek tushunarli tarzda yozilgan.

Qo‘llanmaning amaliy jihatdan yana bir afzalligi shundaki, unda notiqlik san’atidan ham mashg‘ulotlar berilgan, pedagog-notiqning ko‘p yillik tajribalari asosida jamlangan, hayot sinovida toblangan fikr-mulohazalar tavsiya qilingan. Notiqlik san’ati bo‘yicha berilgan topshiriq-mashqlarning nomlanishi ham o‘ziga xos: xosu mosini top, uzib-ulash, rostu yolg‘on, vaziyat va aziyat, ismim-jismim, oq va qora, tashqaridan mehmon, ichkaridan mezbon va h.k.

Muallif pedagogik mahorat borasidagi nazariy fikrlarni yaxshi o‘rganib chiqqach, imkon qadar notiqlik san’atiga e’tibor qaratadi, o‘z uslubini bayon etadi. Kitobda boshqa asarlardan ko‘chirmalar kamroq bo‘lishi mumkin, lekin, eng muhimi, muallif o‘z so‘zini ayta olgan, pedagogik mahoratning inson nutqi, notiqlik san’ati bilan chambarchas bog‘liqligini o‘z tajribalari  asosida bayon etgan. Buni «Ko‘zlashdan so‘zlashga», «Quyidagi suratlarni mantiqan bog‘lab matn tuzing, nomlang va so‘zlab bering» kabi bo‘limlarda berilgan materiallardan ham bilib olish mumkin.

Muallif bayon etilgan materiallar asosida muhim xulosalar chiqargan va kitobxonga tavsiya etgan. Kitobda foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati ham asar muallifining qanchalar ko‘p adabiyotlardan xabardorligini ko‘rsatadi. Bu ro‘yxat pedagogik mahorat va notiqlik san’ati bo‘yicha muhim manbalardan biri sanaladi. Qisqacha aytganda, R.Jumaniyozovning «Pedagogik mahorat va kommunikativ kompetentlik» nomli o‘quv qo‘llanmasi bugungi kun talablariga to‘liq javob beradigan, peagogik ta’limga qo‘shilgan munosib hissa hisoblanadi.

Ravshan Jomonov,
O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi professori, filologiya fanlari nomzodi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring