Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

MDH Hukumat rahbarlari majlisida erkin savdo zonasining to‘liq ishlashi muhimligi ta’kidlandi

MDH Hukumat rahbarlari majlisida erkin savdo zonasining to‘liq ishlashi muhimligi ta’kidlandi

Foto: «Gov.uz»

2020-yil 6-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi raisligida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Matbuot xizmati xabar berdi.

Videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan majlisni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov olib bordi.

Tadbirda Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirlari, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi va Bosh vaziri, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri ishtirok etdi.

Majlis qatnashchilari asosiy e’tiborni MDH doirasidagi iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalariga, shuningdek, koronavirus infeksiyasining tarqalishiga samarali qarshi kurashish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarga qaratdilar. Bunda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi erkin savdo zonasining to‘liq ishlashi muhimligi ta’kidlandi.

Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar xalqlarining farovonligi va turmush sifatini oshirish uchun yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish asosida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.

Hukumat rahbarlari Hamdo‘stlikdagi iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashadilar, 2030-yilgacha bo‘lgan davrda MDH iqtisodiy rivojlanish strategiyasining birinchi bosqichini (2021-2025-yillarda) amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar rejasini muhokama qildilar.

MDH mamlakatlari savdo-iqtisodiy hamkorligining bazaviy tamoyillari va asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan ushbu hujjat Hamdo‘stlikka a’zo davlatlarning iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshirish, yuqori texnologik transport tizimlarini yaratish, agrosanoat kompleksini mustahkamlash, iqtisodiyotni raqamlashtirishni rivojlantirish, ilmiy-texnikaviy va fan-ta’lim salohiyatini yuksaltirish hamda moliyaviy va ijtimoiy-iqtisodiy singari sohalarda hamkorlikni taraqqiy ettirishga qaratilgan.

MDH Hukumat rahbarlari kengashi majlisi yakunlari bo‘yicha transport, energetika, qurilish, ta’lim, madaniyat, turizm, jismoniy tarbiya va sport sohalarini, shuningdek, yoshlar siyosatini rivojlantirishga oid jami 23 hujjat imzolandi.

Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish, innovatsiyalar, urush qatnashchilari – mahalliy mojarolar ishtirokchilari va ularning oilalari hayotini yaxshilashga oid dasturlar;

mintaqalararo va transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish hamda qishloq xo‘jaligi muhandisligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish konsepsiyasi;

transport xavfsizligi va MDHga a’zo davlatlarning gumanitar sohadagi hamkorligini ta’minlash bo‘yicha harakatlar rejalari;

jamiyatning raqamli rivojlanishi va radioaktiv materiallarni transchegaraviy tashish sohasidagi o‘zaro munosabatlarni tartibga soluvchi shartnomalar shular jumlasidan.

MDH Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi 2021-yil 28-mayda Belarus Respublikasi raisligida Minsk shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring