Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Doniyor Ro‘zmetov

O‘qiganim va bilganim sari o‘qimaganim va bilmaganim qanchalar ko‘p ekanligini tushunib xijolat tortamen!

Ko‘chirmachilik taraqqiyotimiz oyog‘iga urilgan boltadir!

Ko‘chirmachilik taraqqiyotimiz oyog‘iga urilgan boltadir!

Foto: «Xabar.uz»

Omadim kelib, dunyoning nufuzli oliy ta’lim dargohlarida ta’lim olish nasib qilgan. Shulardan biri Oksford, Kembrij, Kolumbiya universiteti bilan bir qatorda turuvchi Parij shahri siyosiy fanlar instituti bo‘ladi. Ushbu «Oliy toifali dargoh» deb ataluvchi institutda Fransiyaning barcha prezidentlari, vazirlari va kompaniyalar rahbarlari o‘qib ketganlar. Hatto Fransiyaning sobiq prezidenti — Nikola Sarkozi o‘qishni bitira olmasdan, o‘qishdan haydalib ketganligi institutning nufuzi balandligiga isbot bo‘la oladi. Nokamtarlikka yo‘ymangku, lekin rostdan ham u oliygohga kirishni dunyoda ko‘pchilik talabalar hatto orzu qilishga botina olishmaydi.

Tan olaman, institutda o‘qish oson bo‘lmagan. Begona davlatda hayot kechirish va begona o‘qish tizimida o‘qish juda qiyin kechgan. Bu haqda boshqa safar aytib berishga harakat qilaman. Hozir esa boshqa narsani aytib bermoqchiman.

Dunyodagi xalqaro tashkilotlarga bag‘ishlangan darsimiz bor edi. O‘sha darsning ilk kunida o‘kituvchi barcha talabalarga semestr davomida qilishlari kerak bo‘lgan vazifalarni bo‘lib berdi. Men va bitta nemis o‘rtog‘imga «Barqaror taraqqiyotga hissa qo‘shuvchi xalqaro tashkilotlar» haqidagi mavzu tushdi. Ya’ni ikkalamiz birgalikda taxminan 15 varaqcha kurs ishi yozishimiz va navbatimiz kelganda uni og‘zaki gapirib berishimiz kerak edi. Kurs ishini topshiradigan kungacha 2 oy, ya’ni yetarlicha vaqt bor edi. Nemis o‘rtog‘imning bilimi kuchli bo‘lsa-da, fransuz tilini mendan yaxshi bilmasdi. Shu sababdan u men bilan bitta jamoaga tushganidan xursand edi. Men esa, o‘zbek bo‘lib turib, nemislardan ustun tomonlarim bor ekanligidan g‘ururlanardim ...

... Men har doim she’r, kuy va qo‘shiqlarni o‘g‘irlaganlarni o‘g‘rilar deb hisoblab kelganman. Ilgari hindcha, turkcha, forscha va arabcha qo‘shiqlarning kuylarini o‘g‘irlab, o‘zbekchalashtirib aytishsa ensam qotar edi. Keyinchalik, afsuski, bunday o‘g‘irlab aytishlar «san’at»imizning ajralmas bir qismiga aylanib qoldi. Eng achinarlisi, bu holatlar ta’lim sohasida ham yuz berardi. Biz o‘rta maktabdaligimizdayoq, o‘quvchilarning uyga vazifalarni bir-birlaridan ko‘chirishlari oddiy holat edi.

Toshkentda oliygohga borgach, bu talabalarning oddiy kundalik tartibi ekanligiga guvoh bo‘ldim. «Konspekt»lar kitoblardan ko‘chirilardi, referatlar kitoblardan ko‘chirilardi, imtihonlar esa kitoblardan va konspektlardan ko‘chirilardi. Hatto o‘qituvchilarning o‘zlari dars o‘tishning o‘rniga kitoblardan o‘qib, talabalarga konspektlar yozdirardilar. Bu «haqiqat»ni domlalar ham, talabalar ham yashi bilardilar, lekin hech kim hech narsa demas edi. Shu sababdan, ko‘chirmachilik deyarli tabiiy, «normal» holatga aylanib ulgurgan va bundan hech kimning vijdoni ham qiynalmasdi. Jumladan mening ham ...

...Kurs ishi uchun «Xalqaro tashkilotlar» haqida internetdan ma’lumot qidirayotgan edim, bitta tayyor matn chiqib qoldi. Matn qandaydir ixtisoslashgan tashkilotning saytida yozilgan bo‘lib, juda mukammal yozilgan edi. Men qancha harakat qilsam ham, unday matnni yoza olmasligim aniq edi. O‘ziyam xuddi men uchun yozilganday, matnning uzunligi 8-9 varaq chiqar edi. Men sharttda matnni ko‘chirib, «WORD»ga tashlab oldim-da, nemis o‘rtog‘imga men kurs ishining o‘zimga tegishli qismni ishlab bo‘lganligimni xabar qildim. O‘rtog‘im umumiy ishning yarmi tezlikda bitganligi uchun men bilan bitta jamoaga tushganligidan yanada xursand bo‘lib ketdi. Chunki u o‘sha paytda o‘z qismini yozishga qiynalib, bir-biridan qiyin kitoblarni o‘qish bilan ovora edi.

Kurs ishini topshiradigan kuni, ikkalamizning qismlarimizni birlashtirib, uni meyldan domlaga yuborish uchun o‘rtog‘im bilan institutda ertalab ko‘rishdik. Kurs ishini jo‘natish uchun oxirgi muddat kechqurun edi. Ikkalamiz yozgan matnlarni ko‘ra turib, nemis o‘rtog‘im «iya, sen hali «snoska»laringni yozmabsanku, bibliografiyangni ham yozmabsan» deb qoldi. Men «Bular kerak bo‘lmasa kerak deb o‘ylagan edim. Bu shunchalik muhimmi?» deb so‘radim. Chunki matnni o‘zim yozmaganimdan keyin, tabiiyki, menda uning bibliografiyasi ham yo‘q edi. Nemis o‘rtog‘im «Albatta muhim, axir bu ilmiy kurs ishi-ku» deb turib oldi.

Nima qilishimni bilmay, o‘ylanib turganimni ko‘rib, nemis o‘rtog‘im menga yordam berishga qaror qildi. «Xafa bo‘lma, hozir internetdan qidirib, sen yozgan fikrlarning ayrimlarini kimga tegishli ekanligini bilib olib, bibliografiya tayyorlaymiz» dedi. Men osonlikcha qutulayotganimga xursand bo‘lib ketdim. O‘rtog‘im, men «yozgan» matnni olib, «gugl»ga tashlagan edi, shundoq men ko‘chirib olgan sayt eng birinchi bo‘lib chiqib kelsa bo‘ladimi? U dastlab matn ko‘chirilganligini tushungani yo‘q. «Mana, senikiga o‘xshash matn bor ekan», deb o‘sha saytni ochdi. Saytdagi matnning bir qismini o‘qidi-da, «bu seniki bilan bir xil-ku, ko‘chirmaganmiding?» deb so‘radi. «Yo‘g‘-ye, nima deyapsan, o‘zim yozdim» dedim.

U o‘qishda davom etdi va oxirigacha o‘qib bo‘lgach, menga ayblovchi ohangda qaradi-da, «Sen ko‘chiribsan-ku!» dedi. O‘zbekistonda bitta talaba biron narsani ko‘chirsa, ikkinchi talaba «buni qayerdan ko‘chirding, mengayam ayt, men ham ko‘chiray» deb so‘rashiga o‘rganib qolgan ekanman. Nemisning menga qilayotgan muaomalasiga ensalarim qotib ketdi. «Nemis bo‘lsang o‘zinga» deganday ohangda, «Ha, ko‘chirdim, hamma ko‘chiradi-ku» dedim. O‘zbekistonda emasligim esimdan chiqib ketgan edi. U «yo‘q, bunaqasi ketmaydi, bu matnni domlaga jo‘nata olmaymiz» deb qoldi. «Tomi ketganmi buning?» deb o‘yladim. Shunday dardi bor ekan, shuni jo‘natadigan kuni aytadimi? Ikki oy oldin aytganida, bemalol o‘zim yozishga ulgurardim-ku.

Shunday deb o‘ylab turib, bir qarasam, o‘rtog‘imning ko‘zlari yoshlanyapti. «Endi ikkalamiz ham o‘qishdan haydalamiz va «plagiat» (ko‘chirmachilik) uchun endi bizni 5 yilgacha hech qayerga o‘qishga olishmaydi» deb qoldi. Ana shundagina men qilgan «ahmoqligim» qanchalar qimmatga tushishi mumkinligini his qildim. O‘zimni o‘qishdan haydashsa, balki indamasdan ketaverishim mumkin edi. Lekin men o‘zimdan tashqari bitta begunoh insonning kelajagini ham xavf ostiga qo‘yib qo‘ygan edim. Eng yomoni, ko‘chirmachilikning g‘irt O‘FRILIK ekanligini o‘shanda birinchi marta tanamda his qildimu, yer yorilmadi, men yerga kirib ketmadim. Biz o‘zbeklar deyarli barcha sohalarda ko‘chiraverib, bizga bu narsalar oddiy holatga aylanib qolgan. Hatto ayrim insonlar o‘z ilmiy dissertatsiyalarini ko‘chirib yozib, himoya qilgan holatlarni ham eshitganmiz. Lekin bitta nemis talabasining vijdoni «oddiy ko‘chirmachilik»ni qabul qila olmay ko‘ziga yosh olganligini ko‘rib, o‘zimdan uyalib ketdim. Ana shunda nima sababdan dunyoda nemislar rivojlanib ketishganligini-yu, nimaga ularning ko‘plab maxsulotlari dunyoda tengsiz ekanligini tushunib yetdim.

Men muddat hali tugamaganligini aytib, nemis o‘rtog‘imni tinchlantirdim. Kechgacha o‘zimning qismimni yozib tugatishga va hammasi joyida bo‘lishiga va’da berdim. U menga ishonmagan bo‘lsa ham, boshqa iloji yo‘qligi sababli, rozi bo‘ldi. Men uyat, mas’uliyat, millatimiz sha’ni, yaxshi baho olish istagi va hokazo tuyg‘ularimning barchasining bosimi ostida zo‘rg‘a diqqatimni bir joyga jamlab, va’da qilganimday, aytilgan vaqtgacha o‘z qismimni yozib tugatdim. Ikki oyda qilmagan ishimni bir kunda qilishimga to‘g‘ri keldi. Men yozib bo‘lgunimcha, nemis o‘rtog‘im xavotirdan yonimda to‘xtamasdan borib kelib turdi. Kurs ishini domlaga jo‘natib xotirjam bo‘lgach, buni qila olishimga ishonmagan nemis o‘rtog‘im menga qayta va qayta rahmatlar aytdi. Men bir kunda aybdordan xaloskorga aylanib oldim.

Biz yuborgan yozma kurs ishimizni, navbatimiz kelganida, sinf oldida og‘zaki gapirib berdik va ikkalamiz ham yaxshi baho oldik. Nemis o‘rtog‘im bilan ikkalamiz bir-birimizga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdik. Men qilgan ishim uchun undan yana bir bor uzr so‘radim. Bo‘lib o‘tgan voqea men uchun bir umrga saboq bo‘lib qoldi. O‘sha kundan boshlab O‘zbekistonda ko‘chirmachilarning soni bittaga kamayib, ko‘chirmachilikning ashaddiy dushmanlarining soni bittaga ko‘paydi!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring