Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Doniyor Ro‘zmetov

O‘qiganim va bilganim sari o‘qimaganim va bilmaganim qanchalar ko‘p ekanligini tushunib xijolat tortamen!

Salomat bo‘ling, siz go‘zalsiz!

Salomat bo‘ling, siz go‘zalsiz!

Foto: otempo.com.br

2006-yilning 2-avgust kuni urugvaylik 22 yoshli model qiz Luisel Ramos «Modalar namoyishi»da chiqish qilgach, o‘zini yomon his qiladi va kechqurun shifoxonada jon beradi. Unga yurak xuruji tashxisini qo‘yadilar. Yurak xurujining sababi esa asabiy anoreksiya kasali bo‘lgan. U vafot etganida uning bo‘yi 175 santimetr, vazni 44 kilogram bo‘lgan. Tana vaznining indeksi (TVI): 14,5.

Shu yili 25-oktyabr kuni braziliyalik 18 yoshli model qiz Ana Karolina Reston shifoxonaga olib kelinadi. U noyabr oyida buyragi ishlamay qolib vafot etadi. Buyragi ishlamay qolishiga asabiy anoreksiya kasalligini sabab qilib ko‘rsatadilar. U vafot etganida bo‘yi 174 santimetr, vazni 40 kilogram bo‘lgan. TVI: 13,4.

2007-yilning 13-fevral kuni avgustda vafot etgan Luisel Ramosning model singlisi Eliana Ramos 18 yoshida xuddi opasi kabi asabiy anoreksiya oqibatida yuz bergan yurak xuruji natijasida vafot etadi. Uning ham bo‘yi opasiniki kabi 175 santimetr bo‘lgan va u ham ayanchli TVI ko‘rsatkichi bilan o‘lgan.

Bu uchta misol dunyodagi minglab misollar orasidan tanlab olingan.

Ma’lumot uchun — asabiy anoreksiya kasalligi ovqat yemasdan va boshqa usullar yordamida ozishga harakat qilish tufayli kelib chiqadigan ruhiy kasallikdir. Agar o‘zingiz yoki tanishlaringizning orasida berilib ozishga harakat qilayotgan, chiroyli bo‘lish uchun ovqat yemasdan tinkasi quriguncha och yurgan insonlar bo‘lsa, ularni xavfdan ogohlantirishingizni so‘rayman...

Dunyoda bir milliardga yaqin inson ochlikdan aziyat cheksa, semirib ketgan va vazni me’yoridan ortiq insonlar soni ikki milliarddan ko‘p. Bu dunyodagi har uch kishidan birida ortiqcha vazn muammosi bor degani.

Semizlarga odatda boshqacha qarashadi. Masalan, maktabda semiz bolalarni ko‘pincha o‘rtoqlari masxara qilishadi. G‘arbdagi statistik ma’lumotlarga ko‘ra 20 yoshli semizlarning 30-40 yoshgacha bo‘ydoq bo‘lib qolish xavfi «me’yordagi» insonlarga nisbatan ikki barobar ko‘proq bo‘larkan. Ishga kirishdagi suhbatlarda semizlarning ishga olinish imkoniyati ancha kam bo‘lar ekan. Hatto ayrim aviakompaniyalar og‘ir vaznli yo‘lovchilarni ikkita chipta sotib olishga majburlaydilar...

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tana vazni indeksi(TVI)ni quyidagicha belgilab chiqqan:

  • 16,5 dan past: anoreksiya yoki tananing ozuqasiz qolishi;
  • 16,5-18,5: ozg‘inlik;
  • 18,5-25: tananing me’yordagi vazni;
  • 25-30: ortiqcha vazn;
  • 30-35: semizlikning boshlang‘ich bosqichi;
  • 35-40: jiddiy tus olgan semizlik;
  • 40 dan baland: kasallik darajasidagi yoki o‘ta kuchli semizlik.

Indeks qanday hisoblanadi? Bu juda oson. Uni matematikadan xabari bo‘lgan har bir inson hisoblay oladi. Xullas, indeksning formulasi quyidagicha:

TVI = vazn/bo‘yning kvadrati.

Misol uchun: sizning vazningiz 80 kg va bo‘yingiz 1,75 m. Dastlab 1,75 ning kvadratini chiqarib olasiz: 1,75 x 1,75 = 3,0625. Keyin 80 ni o‘sha natijaga bo‘lasiz: 80 / 3,0625=26,12. Demak, sizning TVIngiz — 26,12, ya’ni sizda ortiqcha vazn bor...

Dunyoda qomatning mukammal ko‘rinishi yo‘q va go‘zallik nisbiy tushunchadir. Bir zamonlar ozg‘inlik «kasallik» va «kambag‘allik»ni, semizlik esa «sog‘lomlik» va «boylik»ni bildirgan bo‘lsa, yana qaysidir davrlarda semiz insonlarni kasalmand, dangasa va noinsof, ozg‘inlarni halol, mehnatkash, sog‘lom deb tasvirlaganlar.

Asrlar davomida san’at va adabiyot qomatning va go‘zallikning ijtimoiy birlik sifatida shakllanishiga o‘z hissasini qo‘shgan. Bir tomondan Alpomish va Farhodlar baland bo‘yli, muskullari bo‘rtib chiqqan, alpqomat qilib, boshqa tomondan ayol va qizlar chumoliday xipchabel, oqbadan, suv ichsa tomog‘idan ko‘rinadigan, yuzlaridan nur yog‘ilib turadigan qilib tasvirlangan.

G‘arbda haykaltarosh va rassomlar erkak va ayollarning jinsiy farqlarini bo‘rttirib ko‘rsatishga harakat qilganlar. Buning natijasida jamiyatda barcha insonlar «ideal erkak» va «ideal ayol» qiyofasiga o‘xshashga harakat qila boshlagan. Bo‘yi pastlar o‘zlarini bo‘ydor, semizlar o‘zlarini ozg‘in, ozg‘inlar esa semizroq qilib ko‘rsatishga, nimjonlar sport bilan shug‘ullanib muskullarini chiqarishga, yuzlari tekis bo‘lmagan ayollar yuzlariga atir-upa surib «kamchiliklarini to‘g‘rilashga» harakat qilgan.

Tasviriy va kommunikatsion texnologiyalarning rivoji sababli so‘nggi yillarda moda va go‘zallik kompaniyalari insonlarning ongini boshqarishni kasb qilib oldilar. Endilikda qanday qomat go‘zal va qanday qomat xunuk deb hisoblanishini ular belgilaydi. Buning nomini ba’zan umumiy qilib «ommaviy madaniyat» ham deydilar.

Yuzlariga kilolab atir-upa surayotgan, ko‘kraklarini, dumbalarini plastik jarrohlik yordamida kattalashtirayotgan ayollar, har xil «dori-darmon»larni ichib olib, sport zallarida soatlab ishlab, muskullarini shishirayotgan, yonidan ayollar o‘tib ketayotganda qornini ichiga tortib, o‘zini ozg‘in qilib ko‘rsatishga intilayotgan erkaklar mana shu ommaviy madaniyatning bevosita qurbonlari hisoblanadi. Bu narsalarni ular o‘zlari uchun emas, o‘zgalarga yaxshi ko‘rinish uchun qiladilar. Aslida bundan ularga umuman foyda yo‘q, aksincha, bu bilan o‘zlarining sog‘lig‘iga zarar qiladilar xolos.

Bunga misol qilib ko‘pchilikka tanish bo‘lgan bir holatni eslatib o‘tishim mumkin. 1970 — 1980-yillarda sobiq Sovet ittifoqida tilla va kumush tish qo‘ydirish urfga kirgan va buning natijasida millionlab insonlar soppa-sog‘ tishlarini oldirib tashlab, ularning o‘rniga tilla va kumush tish qo‘ydirgan. Mana endi zamonlar o‘zgarib, «tilla tishlar»ning davri o‘tib ketdi va o‘sha insonlar oq tishli insonlarning orasida kamsonli «tilla tishli o‘zga sayyoralik»day bo‘lib qoldi. Ularning ayrimlari chaqqonlik qilib, tezda tilla tishlarini oldirib tashlab, o‘rniga oq keramika tishlarni qo‘ydirib olishdi. Lekin hech birining oldirib tashlagan sog‘lom tishi endi qaytib kelmaydi...

Qomat va tana go‘zalligi degan tushunchalar nisbiy bo‘lib, ular hech qachon turg‘un bo‘lmaydi. Dunyoda 7 milliarddan ortiq inson bo‘lsa, demak, shuncha go‘zallik mavjud. Har kim o‘z qomati, o‘zining vazni va bo‘yi, o‘zining morfologik o‘ziga xosliklari bilan go‘zaldir. Bu bizning dunyoga va insonlarga qanday ko‘z bilan qarashimizga bog‘liq. Shuning uchun san’at, adabiyot, jamiyat yaratgan «ideallar»ga o‘xshashga harakat qilish va o‘zining xususiyatlariga to‘g‘ri kelmaydigan qoliplarga tushib olishga intilish ahmoqlikdan boshqa narsa emas.

Insonning birinchi maqsadi go‘zallik emas, balki tana va ruhining salomatligi bo‘lishi kerak. Buning uchun to‘g‘ri va me’yorida ovqatlanish, muntazam jismoniy harakatda bo‘lish, etika va estetika qoidalariga amal qilish kifoya.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring