Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eslaysizmi, zulfiyachilardan avval tursunoychilar bor edi?

Eslaysizmi, zulfiyachilardan avval tursunoychilar bor edi?

Tursunoy Oxunova degan qahramon ayol bo‘lganini eslatib o‘tmoqchimiz. Tarixni unutishga haqqimiz yo‘q.

Foto: «wcu.uz»

O‘tgan asrning 90-yillarda O‘zbekiston radiosiga ishga keldim. Ko‘p o‘tmay menga «Qatag‘on qurbonlari» degan eshittirish tayyorlash topshirildi. Rejaga ko‘ra nafaqat 1930-yillar, balki 1980-yillar qatag‘onlari haqida ham eshittirish tayyorlashim kerak edi. Shu jumladan, Tursunoy Oxunova va uning qizi Hilola haqida. O‘shanda Chinoz tumani hokimiyatidagilar Hilolaning boshqa tumanga ko‘chib ketganini aytishib, masalaga nuqta qo‘yishgan edi. Bugun bilsam, o‘shanda hokimiyatdagilar yolg‘on aytishgan ekan. Ezgulikning erta-kechi yo‘q deganlaridek, oradan 22 yil o‘tib Hilola bilan suhbatlashish imkoni tug‘ildi.

1981-yilning fevral oyida Moskvada KPSSning navbatdagi 26-s’yezdi bo‘ladi. Odatga ko‘ra Bosh kotibning ma’ruzasi tinglanadi va ma’ruza yuzasidan chiqishlar bo‘ladi. Ammo bu anjuman avvalgilaridan bir jihati bilan farq qiladi. S’yezd delegatlarini oktyabryat va pionerlar tabriklaydi. Ular orasida o‘zbek qizi Hilola ham bor edi. U 5 daqiqa gapiradi. Uning «men ham onamga o‘xshab mexanizator bo‘laman» degan so‘zlari besh ming kishilik zalni oyoqqa turg‘izadi. Hilola ikki marta Sotsialistik mehnat qahramoni, birinchi o‘zbek mexanizator ayoli bo‘lmish Tursunoy Oxunovaning 11 yoshli qizi edi.

«Kremlning S’yezdlar saroyini titratgan qizning keyingi taqdiri nima bo‘ldi?» degan savol meni qiziqtirib kelardi. Hilola bilan uchrashib, suhbatlashishga qaror qildim. Suhbat samimiy bo‘ldi. Hilolaning o‘ta ma’naviyatli, madaniyatli ekani menga yoqdi.

Keling, suhbatimizni sizni mashhur qilgan anjumandan boshlasak. Kremlda qanday paydo bo‘ldingiz?

— Aslida s’yezdga bir oy tayyorgarlik ko‘rganmiz. Har bir pioner va oktyabryat ustida tinimsiz ish olib borilgan. Chiqishimiz tugab, sahna ortiga o‘tganimizda delegatlar uchun banket tayyorlab qo‘yishgan edi. Bizni ham taklif qilishdi.

Maktab qanday kutib oldi? Yulduzlik kasaliga chalinmadingizmi?

— Oilamizda tarbiya yaxshi berilgan. Hech qachon Tursunoy Oxunovaning qiziman deb maqtanmaganman.

27-o‘rta maktabda o‘qirdim. 700-800 talab xat kelardi. Hammasiga ham javob yozmasdim. Otryadimiz vojatiy(yetakchi)lari yordam berardi. Har kuni bo‘ladigan lineyka(maktab hovlisida bo‘ladigan majlis)da o‘qib berishardi. Jon quloqlari bilan tinglashardi.

O‘qishlarim yaxshi edi. Raqsga qiziqardim. Raqqosalarning hammasini tanirdim.

Otam Sulton Shermatov kolxoz raisi edi. Uyga kelib gazeta o‘qib, keyin ovqatlanishga o‘tirardi. Asosan «Vremya» va «Axborot» ko‘rilardi. Tungi 10 da yana dalaga ketardi. Ish tartibi har kuni bir xil edi. Halol ishlagan. Ko‘pincha ish joyida ovqatlanardi.

Tursunoy Oxunovaning muzeyi bo‘lardi. Hozir ham bormi?

— Yo‘q, muzey keyinchalik yo‘q qilindi. Kimga kerak bo‘ldi ekan? Muzey eksponatlari omborga olib borildi. Muzey binosi hozir qishloq fuqarolar yig‘ini binosi bo‘lgan.

Jismoniy tarbiya o‘qituvchimiz Usmon aka keyinchalik maktabga direktor bo‘ldi. O‘sha kishidan minnatdorman. Muzeyni saqlab qolishga ancha urindi. Har bayramda, onamning tug‘ilgan va vafot etgan kunlarida byust poyiga gul qo‘ydirar edi.

Internetdagi ma’lumotlarga qaraganda Tursunoy Oxunovaning Dilfuza ismli qizi bor. Ammo Hilola haqida ma’lumot berilmagan.

— Buning o‘ziga yarasha tarixi bor. Mening ismimni Sharof Rashidov qo‘ygan ekan. Tug‘ilganimga 40 kun bo‘lganida Sharof Rashidov (onam Sharof Rashidovni «ota» der edi) shiyponga keladi. Onam meni ham dalaga olib chiqqan ekan. Asli ismim Dilfuza. Sharof Rashidov meni ko‘taribdi-da, ismimni so‘rabdi. «Dilfuza» degan javobni eshitgach, «Hilola bo‘lsin» debdi. Shu-shu ismim Hilolaga aylangan. Hujjatda Dilfuzaligimcha qolganman. 16 yoshimda Dilfuza Shermatova ism-familiyasi bilan pasport oldim. 2007-yilda pasport almashtirganimda ismimni Hilola, familiyamni onamning hurmati uchun Oxunova deb o‘zgartirdim.

Davr farzandi bo‘lmish Tursunoy Oxunova 22 yoshida Sotsialistik myehnat qahramoni unvonini olgan. Aslida Lenin ordeni berilishi haqida farmon chiqadi. Oradan bir necha kun o‘tib, bu farmon bekor qilinadi va «Sotsialistik mehnat qahramoni» unvonini berish to‘g‘risida yangi farmon chiqadi. 1978-yilda esa ikkincha marta qahramon bo‘ladi. Savolim og‘ir botsa avvaldan uzr — onangizning so‘nggi kunlari haqida nimalar deya olasiz? U kunlarni eslash albatta og‘ir.

— 1983-yilda onamning ahvoli kutilmaganda og‘irlashib qoldi. Sharof Rashidovning sa’y-harakatlari bilan maxsus samolyotda onamni Moskvaga, hukumat shifoxonasiga yuborishdi. Meni chaqirib oldilar. Onam meni yaxshi ko‘rardi. Onam 3 oy Moskvada davolandi. Keyinchalik bir narsani bilgan bo‘lishsa kerak, shifokorlar onamga ruxsat berishdi.

«Men onamni yaxshi ko‘rardim. Traktorlarini ham yaxshi ko‘rardim...»

Onamning kasalliklarini juda kech bildik. Oldinroq bilganimizda onamni saqlab qolarmidik?!.

Onamda kasallik soatlab traktorda, majlislarda o‘tirishlari tufayli paydo bo‘lgan. Onam kecha-yu kunduz, yuragining tagida jajji yurakchalar paydo bo‘lganda ham, qo‘lida yosh bolalar bo‘lganda ham dalada mehnat qilgan. Halol ishlagan, birovning haqiga ko‘z olaytirmagan. Men shunday insonning farzandi bo‘lganimdan faxrlanaman.

Onamning «mendan keyin senga kim qaraydi?» degan gapi hamon quloqlarim ostida. Axir men o‘shanda atigi 13 yoshda edim. Hozir onam yoshida — 46 daman. Onamni yo‘qotish men uchun qiyin bo‘lgan.

Onam tarbiyada qattiqqo‘l edi. Biz farzandlar onam bilan mehmonga borsak dasturxonga aslo qo‘l uzatmaganmiz. Haftasiga o‘sha zamon puli bo‘yicha bir so‘m berardi. Klubga hindcha kino kelsa navbatda turib chipta olardik. Kolxoz raisining, Tursunoy Oxunovaning farzandimiz deya hech qachon maqtanmaganmiz. Yolg‘onni yomon ko‘rar edi.

Mahalla va brigada xotin-qizlari bilan inoq edi. Ular tayyorlagan har qanday taomni, hatto achchiq-chuchukni ham bugun boshqacha bo‘libdi deb maqtab-maqtab tanovul qilardi.

Dala shiyponida barcha sharoitlar yaratilgan edi. Bolalar bog‘chasidan tortib tibbiy punktgacha bor edi. Hamshira ishlardi. Odamlar buxanka non yemasin degan niyatda shiyponda tandir qurilib, non yopilardi.

To‘g‘ri, Navro‘z deb aytilmasa-da, ammo har yili sumalak qilinardi. Goh bir qozon, goh ikki qozon sumalak pishirilib, chelaklarda kolxozchilarga tarqatilardi.

Xotin-qizlar o‘zlarining sharoitlariga qarab dasturxon uchun u-bu narsa pishirib kelishardi. Rosmana bayram bo‘lardi. Keyin dala yumushlari boshlanib ketardi. Kuzda hosil yig‘ib-terib olingach, yana bayram bo‘lardi. Bir yilda ikki marta xaqiqiy bayram uyushtirilardi. Qishda «Ikarus» avtobusi buyurtma qilinib Chimyonga sayohat uyushtirardilar.

Toshkentdan tez-tez mashhur artistlar, san’atkorlar kelishardi. Ayniqsa raqqosalarga talab kuchli bo‘lardi. Otarchilarning o‘yinchilariga o‘xshab har xil kiyimda kelib kolxozchilarni aldab ketishlariga yo‘l qo‘ymasdi. San’atni yaxshi tushunardi.

Har gal Moskvaga borib qaytsa qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘larga kichik bo‘lsa-da «mozorbosdi» deb sovg‘a olib kelar edi. Hammani yaxshi ko‘rardi.

Qishloq to‘ylari onamsiz o‘tmasdi. Yo‘l-yo‘riq ko‘rsatar edi. Lekin onam hammanikiga ham boravermasdi. Xijolat bo‘lardi. «Meni qay maqsadda chaqirayapti?», — der edi.

Byusti ochilganda ancha xijolat bo‘lgan edi. «Axir men tirikman, nima sababdan byust o‘rnatishayapti?», — deganlari esimda. Lekin yuqorining topshirig‘i bo‘lgani uchun byust o‘rnatilishiga rozi bo‘lgan edi (o‘sha vaqt qonunlariga ko‘ra ikki marta Sotsialistik mehnat qahramoni bo‘lganlarga o‘z yurtida byust o‘rnatilardi). Lekin har gal byust oldidan o‘tganida o‘zini boshqacha sezib, xijolat bo‘lgani aniq. Bir so‘z bilan aytganda, byusti bo‘lishini xohlamagan edi.

Men onamni yaxshi ko‘rardim. Traktorlarini ham yaxshi ko‘rardim. Har gal «meni ham dalaga olib keting» deya xarxasha qilardim. Aniq esimda, yoshligimda onam meni dalaga olib ketdi. Traktorning asbob-uskunalari saqlanadigan qismga ko‘rpacha solib meni o‘tqazib qo‘ydi. O‘shanda men mazza qilgan edim. Bu gapimda aslo mubolag‘a yo‘q. Traktorga minishdek zavqni boshqalar his qilmas, men o‘shanda his qilganman. Sevinganman. Bu tuyg‘u hamon yodimdan ko‘tarilmagan.

Faqat egat boshiga borib, traktorni qaytarayotganida qo‘rqib ketganman. O‘shanda paxta terish mashinasini erkaklardek boshqarayotgan onamga tan berganman. Traktorni mahorat bilan boshqarar edi.

Qahramon sifatida Tursunoy Oxunova chet elda ko‘p bo‘lganmi?

— Chet ellarda necha marta bo‘lgani aniq yodimda yo‘q. Ammo men bilganim otam bilan 1981 yilda xorijga chiqishgan. Kemada bir oy dunyo bo‘ylab sayr qilib kelganlar.

Mexanizatorlar haqida gap borganda, ularning moy bosib ketgan korjomasi tushuniladi...

— Fikringizni tushundim. Onam mexanizator bo‘lishiga qaramay juda ozoda kiyinardi, bizning ham ozoda kiyinishimizga e’tibor qaratardi. Axir onam avvalambor tarbiyali oila farzandi edi. Ikkinchidan, kutilmaganda Toshkentdan nozik odamlar (amaldorlar, jurnalistlar, yozuvchilar, sanatkorlar) kelib qolardi. Ularga moy bosgan kiyimda ko‘rinish uyat edi. Uchinchidan, onam ayol edi. Ayollar har qanday sharoitda, hamisha o‘zlariga qarab yurishlari kerak. Onam hamisha ozoda bo‘lgan. Mana shu ozodaliklari uchun ham Tursunoy bo‘lgan.

Shu o‘rinda Tursunoy Oxunova nima sababdan mexanizatorlik kasbini egallagan deb o‘ylaysiz?

— Onam oilada katta qiz edi. Otalarini poyezd urib ketganidan so‘ng barcha mas’uliyat onamning zimmasiga tushadi. Traktor ovozini yoshlikdan yaxshi ko‘rgani bois mexanizatorlikka o‘qiydi.

Internetdagi xabarlarda «Tursunoy Oxunova mexanizatorlikka Qirg‘izistonning Qorasuv tumanida o‘qidi» degan gaplar bor. Ammo bu xaqiqatdan ancha yiroq. Chunki O‘zbekistonda o‘sha vaqtda hunar-texnika bilim yurtlarida yaxshi o‘qitishardi. Paxta terish mashinalari ham o‘zimizda chiqqan bir vaqtda boshqa respublikaga borib o‘qishiga hojat bo‘lmagan...

Hilola bilan suhbatimiz uzoq davom etdi. Kamtarligi yoqdi. Dilidagi hamma gapni, jumladan, oila a’zolaridan faqatgina o‘zi oliy ma’lumot ololmaganini aytdi. Ammo ayrim gaplarni e’lon qilmasligimni iltimos qildi. Va’daga vafo qilib, ko‘p gaplarini yozmadim.

Biz Tursunoy Oxunova degan qahramon ayol bo‘lganini eslatib o‘tmoqchi edik. Tarixni unutishga haqqimiz yo‘q. Adibimiz aytganidek, moziyga qarab ish ko‘rmoq xayrlidir. Bir vaqtlar Kommuna Ismoilovaning «Tursunoy bo‘lay deyman, tonnalab paxta teray deyman» degan qo‘shig‘i bo‘lardi. Kuz boshlanishi bilan har kuni televideniye va radioda berilardi. Bu qo‘shiq hozir fonotekada saqlanib qolgan-qolmaganini bilmayman.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring