Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Birinchi o‘zbek mexanizator ayoli Tursunoy Oxunovaning xotira maydoni obodonlashtirildi

Birinchi o‘zbek mexanizator ayoli Tursunoy Oxunovaning xotira maydoni obodonlashtirildi

Foto: «Xabar.uz»

Toshkent viloyati Chinoz tumanining «Yaxshi niyat» qishlog‘ida tug‘ilib, kamolga yetgan birinchi o‘zbek mexanizator ayoli, ikki karra Mehnat Qahramoni Tursunoy Oxunova sharafiga ko‘p yillar avval barpo qilingan-u, so‘ng bir qadar qarovsiz qolib ketgan xotira maydoni davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida obodonlashtirilib, go‘zal ma’naviyat maskaniga aylantirildi.

Tursunoy Oxunova byusti restavratsiya qilinib, xotira maydoni qayta qurildi, ancha vaqt qarovsiz qolib ketgan muzey tiklanib, madaniyat markaziga aylantirildi. Shu munosabat bilan Chinoz tumanining «Yaxshi niyat» mahallasidagi mazkur maskanda o‘tgan tadbirda uch avlod vakillari bir nuqtada jam bo‘ldi.

Foto: «Xabar.uz»

Tadbirda Tursunoy Oxunova hayoti va faoliyati bilan bog‘liq ibratli xotiralar yodga olindi.

Oddiy dehqon farzandi Tursunoy Oxunovaga xos mehnatkashlik, fidoyilik, kamtarlik kabi fazilatlar bugungi avlodlar uchun ham ibrat maktabidir.

Mazkur majmuaning yana bir ahamiyatli jihati – bu yerda hududdagi ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun ochiq darslar o‘tkazish uchun ham imkoniyat va sharoit yaratilgani bilan bog‘liq. Bu ta’lim va tarbiyani uyg‘un olib borishga xizmat qiladi.

Foto: «Xabar.uz»

Tursunoy Oxunova muzeyi oddiy dehqon farzandining hayot yo‘lidan so‘zlaydi. Birinchi o‘zbek mexanizator ayoli Tursunoy Oxunova mashaqqatli mehnatlari, irodasi, qat’iyati va kamtarligi tufayli el-yurt hurmatini topdi. Buni tarixga muhrlangan mana bu suratlardan ham bilish qiyin emas.

Muzey binosida tez kunda musiqa va shaxmat to‘garaklari ish boshlasa, ko‘p o‘tmay atrofdagi yerlar ham obodonlashtirilib, katta xiyobon, sun’iy futbol maydoni, mo‘’jaz kutubxonalar barpo qilinadi.

Inson hayoti ham charxpalakka o‘xshaydi. Yillar o‘tadi, avlodlar almashadi, qadriyatlar evriladi. Biroq har qanday davrda ham inson faqat va faqat peshona teri, mashaqqatli mehnat va bunyodkorligi bilan el-yurt hurmatini qozonishi mumkin. Aslida, bunyodkorlikdan maqsad – obodlik. Bu nafaqat hudud, balki ko‘ngil obodligi hamdir. Zotan, bunyodkorlik tuyg‘usi sog‘lom muhitning, sog‘lom muhit barkamol avlodning, barkamol avlod esa buyuk kelajakning mustahkam asosidir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring