Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Eng katta tumandagi eng kam aholi haqida. Tomdida nimalar ko‘rdik?

Eng katta tumandagi eng kam aholi haqida. Tomdida nimalar ko‘rdik?

Foto: Xabar.uz

Navoiy shahridan Tomdi tumaniga yo‘l olsangiz, oz emas, ko‘p emas, salkam 300 kilometr yurishga to‘g‘ri keladi. Ha, Navoiy O‘zbekistondagi eng yirik viloyat — salkam beshdan biri. Masalan, Toshkentdan g‘arb tomonga otlansangiz, 300 kilometrdan so‘ng vodiyga yetib borasiz, sharq tomon yursangiz — vohaga. Navoiyda esa shuncha yo‘l bosib, ming mashaqqat bilan tumandan tumanga o‘tasiz holos.

Albatta yo‘lovchining foydasiga ham gapirib qo‘yaylik —Tomdiga bora-borguncha cho‘l tarovatidan bahramand bo‘lib borasiz — qum barxanlari, saksovul, yulg‘un, shuvoq, sho‘ra, yantoq. Tabiat bor bo‘yi bilan namoyon bo‘ladi. Yo‘l uzoqligi ham bilinmaydi, tomosha qilib, manzilga yetib borganingizni bilmay qolasiz.

Ammo oddiy yo‘lovchiga zavq bag‘ishlaydigan bu manzara mahalliy aholi uchun azobdan o‘tgan azob. Tomdida deyarli har bir kun qaysidir mashaqqatga qarshi turish kerak.

Ma’lumot uchun: Tumanda 2308 ta xonadon mavjud bo‘lib, 14 337 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Aholi uchun eng katta muammo — ichimilik suvidir. Faqat tuman markaziga bir soat suv beriladi. Asosiy aholi istiqomat qiladigan chekka ovullarga esa suv tashib olib boriladi. Tekinga emas, bir tonnasi uchun 19 500 so‘m to‘lash kerak.

Aholining asosiy tirikchilik manbai chorva bo‘lib, mol-holga yozning jaziramasida suv, qishning izg‘irinida esa yem-xashak yetkazib berish oson ish emas.

Tomdiliklar o‘n yillardan buyon shunday muammolar girdobida yashaydi. To‘g‘ri, yaqindan boshlab fuqarolarni qiynayotgan muammolarga yechim topish bo‘yicha harakat boshlandi. Uch yilda ancha-muncha o‘zgarishlar bo‘ldi. Ammo qilinadigan ishlar ham yetarli. Yo‘q, yetarli emas, balki oshib-toshib yotibdi. Keling, shu masalani bitta ovul misolida ko‘raylik...

***

Navoiydan 300 kilometr yo‘l bosib, Tomdi tumani markaziga yetib olgandan so‘ng, «Suketti»ga borish uchun yana 70 kilometr cho‘l oralab ketish kerak.

Ovulda 108 ta xonadon mavjud bo‘lib, 528 fuqaro istiqomat qiladi. Kambag‘al oilalarni hisobga olish boshlanganda 22 ta xonadon «Temir daftar»ga kiritilgan edi. Bugungi kunga kelib ro‘yxatda 8 ta oila qolgan. Qolganlarga yordam pullari berildi va kredit ajratildi. Asrlar davomida asosiy tirikchiligi chorva bo‘lgan aholi bu pulga ham mol-qo‘y sotib olmoqda.

Ovulda yashaydigan Sherimov Manarbek va Musayev Boyqosim 33 million so‘m kredit olishdi va 19 ta qo‘y xarid qilishdi. Fermanov Davlat ham 10 000 000 so‘mga 10 ta qo‘y sotib oldi. Hamma ham o‘zi yaxshi tushungan ishni yo‘lga qo‘yishni istaydi, ammo afsuski Tomdida boshqa tumanlarga hos bo‘lgan issiqxona, ishlab chiqarish va boshqa sohalarda tadbirkorlik qilish imkoniyati deyarli yo‘q. Keyin, imkon topib pomidor-bodring ekkan bilan, eng yaqin ovulgacha 50-60 kilometr bo‘lgach, mahsulotni kimga ham sotardingiz?

«Suketti»da 528 kishi yashashini aytdik. Uzr-ku, shahardagi uncha-muncha ko‘p qavatli uyda bundan ko‘proq odam yashasa kerak.

***

Tomdi tumanida iqtisodiy-ijtimoiy ko‘rsatkichlar yaxshi emas. Raqamlarga qaragan odam buni oson ilg‘ab oladi. Ammo faqat tumanga borgachgina mashaqqatlar sababini tushunib olish mumkin.

Tomdida rasman 2 308 ta oila mavjud bo‘lib, 14 337 kishi istiqomat qiladi. Eng muhimi — bolalar ta’limi. Tumanda 17 ta maktab, 1 ta maktab-internat va 1 ta bolalar uyi mavjud. Birlamchi ehtiyoj uchun haftada bir marta bozor tashkil etiladi.

***

Tumanni rivojlantirish uchun nima qilsa bo‘ladi? Avvalo aytish lozim, bu borada ish allaqachon boshlab yuborilgan. To‘g‘ri, uzoq yillar davomida tumanga e’tibor bo‘lmagandir, balki, ammo so‘nggi yillarda xalq roziligi uchun bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Hokimlik ishlamoqda, sektorlar rahbarlari harakat qilyapti. Bitta misol — avvalgi qiyinchiliklar tufayli ko‘chib ketgan oilalardan 180 tasi oxirgi bir yilda Tomdiga qaytdi. Yaqin kelajakda aholi soni yana-da oshishi kutilmoqda.

Tomdi aholisining umidi bepoyon cho‘l bag‘rida yotgan boyliklarni yuzaga chiqarishga qaratilgan. Bir qarashda qahrli ko‘ringan bu zamin aslida juda boy — uning bag‘rida kvars, fosfor, granit, marmar, travertin kabi noyob boyliklar bor. Birgina kvarsning o‘zi ko‘pgina muammolarni hal qiladi. Uning sifati shunchalar yaxshiki, shunchaki oyna emas, balki qimmatbaho telefonlar uchun sensor ekran tayyorlashda foydalanish mumkin.

Buning uchun albatta vaqt kerak. Ammo eng muhimi — ish boshlab yuborilgan. Xorijdan investorlar bor, loyihalar tuzilgan va yaqin vaqtlar ichida hammasi o‘zgarib ketishiga umid bor. Ishonch bor.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring