Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ekologiya uchun zararsiz: O‘zbekistonga ilk bor chiqindi tashiydigan elektromobil olib kelindi

Ekologiya uchun zararsiz: O‘zbekistonga ilk bor chiqindi tashiydigan elektromobil olib kelindi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusi bilan endi yurtimizda chiqindi tashishda elektrda yurishga mo‘ljallangan texnika vositasidan foydalaniladi. Elektromobil «Eko House» chiqindi klasteri tomonidan Xitoydan keltirildi.

«Bugungi kunda ekologiya, xususan, chiqindi sohasida yangi texnologiyalar joriy qilinmoqda, — dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov. — Xitoyning «Chengdu Shiny Technology Co Ltd» kompaniyasi bilan hamkorlikda olib kelingan elektrotexnika vositasi, avvalo, atmosferaga zaharli tashlamalar chiqarmasligi bilan ahamiyatli. Ya’ni bu mashina ekologiyaga zarar yetkazmaydi».

Xitoy kompaniyasi mutaxassisi Vey Go xonim ushbu elektromobil atmosferaga zararsiz ekanligini, O‘zbekiston ham aynan shu jihatga e’tibor qaratganini ta’kidladi.

«Elektromobil Xitoyning Chenju shahrida ishlab chiqarilgan. Ekologik jihatdan zararsiz. O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorlikdan mamnunmiz va kelajakda chiqindi tashiydigan elektromobillarni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz», — dedi Vey Go.

Elektromobil dastlab Jizzax viloyatida sinovdan o‘tkaziladi. E’tiborli tomoni, u tor ko‘chalarda ham yurishga mo‘ljallangan.

«Mashina to‘liq quvvatda 300 kilometr masofani bosib o‘tadi. Bu esa kun davomida aholi yashash punktlaridan chiqindilarni olib, maxsus poligonlarga tashish imkonini beradi. Shuningdek, 3 tonnagacha yukni bemalol ko‘tara oladi», — dedi «Eko House» chiqindi klasteri rahbari Jahongir Xudoyberdiyev.

Ma’lumot uchun, 2023 yilda Ekologiya vazirligi tashabbusi bilan aholi yashash punktlaridan chiqindilarni olib ketishning signal usuli o‘rniga musiqali usul joriy qilingan edi. Aholi chiqindi yig‘adigan maxsus texnika vositalarining baland signalidan norozi bo‘lgani inobatga olinib, ushbu tadbir amalga oshirilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring