Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarishni ta’minlash loyihasi amalga oshirilmoqda

O‘zbekistonda xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarishni ta’minlash loyihasi amalga oshirilmoqda

1 may kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda hamda Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida «Xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish bo‘yicha texnik ko‘mak» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi texnik hamkorlik bo‘limi rahbari Vim Riyepma, FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Umarov, vazirlik va idoralar vakillari, xalqaro tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, milliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Seminar davomida loyihaning maqsad va vazifalari taqdim etildi. Ishtirokchilar loyihaning ko‘lami, konsepsiyasi va kutilayotgan natijalar bilan tanishtirildi.

«O‘zbekistonda ilk bor xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarishga qaratilgan loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha doirasida O‘zbekistonda tegishli qonunchilik tamoyillarini amalga oshirish, umuman olganda, kelajakda xavfli kimyoviy moddalardan to‘g‘ri foydalanish maqsad qilingan, — dedi Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov. — Ma’lumki, sobiq ittifoq davrida yurtimizda paxta yetishtirish davomida juda xavfli pestitsidlar ishlatilgan. 450 dan ortiq kichik-kichik aeroportlar bo‘lgan va juda katta miqdorda xavfli moddalar yig‘ilib qolgan. Bundan tashqari, ayrim korxonalarda ham kimyoviy moddalar mavjud. Loyihada ana shu zararli moddalarni suv va tuproq tarkibidan ajratib olib, ularni qayta ishlash texnologiyalarini joriy qilishga katta e’tibor qaratilmoqda».

Ma’lumot uchun, BMTning Atrof-muhit bo‘yicha 6-Assambleyasida (UNEA-6) 11-rezolyusiya qabul qilingan bo‘lib, unda qishloq xo‘jaligida o‘ta xavfli pestitsidlarni muomaladan chiqarish va muqobillarga o‘tishni rag‘batlantirish hamda ularning mavjudligini ta’minlash uchun samarali choralar ko‘rishga e’tibor qaratilgan.

Agroekologik amaliyotni takomillashtirish va ularni integratsiyalashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan «2030 yilgacha atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi», «Qishloq xo‘jaligini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi», «Organik qishloq xo‘jaligi va organik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» qabul qilindi.

«O‘zbekiston hukumati va FAO bilan hamkorligimiz eskirgan chiqindilarni tozalash, chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish va pestitsidlar chiqindilarini ishlab chiqarishni qisqartirish orqali atrof-muhit va aholi salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha jamoaviy majburiyat namunasidir. Biz hamkorlikda kimyoviy chiqindilarni boshqarishdan ham ko‘proq ishlarni amalga oshiramiz. Zararkunandalarga qarshi kompleks kurash, salomatlik va ekologik xavflardan xabardorlik sog‘lom, ekologik toza va iqtisodiy jihatdan foydali qishloq xo‘jaligi sektori kafolatidir», — dedi Vim Riyepma.

Ta’kidlash joizki, keyingi yillarda mamlakatimizda eskirgan yoki taqiqlangan pestitsidlar zaxiralari va zaharli kimyoviy moddalar saqlanadigan idishlar ko‘milgan 8 ta ob’yektda konservatsiya ishlari olib borildi, yana 2 ta ob’yektda konservatsiya ishlari boshlandi va bitta ob’yektda rekonstruksiya ishlari olib borildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring