Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Davlat hokimiyati va organlari rahbarlariga xususiy OAV ta’sis etish taqiqlanadi

Davlat hokimiyati va organlari rahbarlariga xususiy OAV ta’sis etish taqiqlanadi

Foto: «Xabar.uz»

Bugun «Poytaxt» biznes markazida «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha taklif etilayotgan huquqiy hujjat loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan mazkur tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Adliya vazirligi, xalqaro tashkilot ekspertlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Ta’kidlandiki, mamlakatimizda jamoatchilik nazorati va ochiq matbuotning o‘rni, so‘z erkinligi ahamiyati oshib borishida axborot sohasining rivojlanish sur’atiga mutanosib qonuniy bazani ham muntazam takomillashtirib borish zarurati yuzaga kelmoqda. Amaldagi «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunga 2018-yilda ham zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan edi. O‘tgan ikki yil vaqt oralig‘ida sohada o‘ziga xos yangi davr boshlandi, axborot makoni ishtirokchilari talab va ehtiyojlari anchayin o‘sdi. Davlat organlari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi munosabatlar ham oshkoralik prinsipi asosida shakllanmoqda. Bu esa qonunni yana-da takomillashtirish ehtiyojini paydo qilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, xususiy sektorda sog‘lom raqobatni vujudga keltirish maqsadida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbar xodimlariga xususiy ommaviy axborot vositalari ta’sis etishni taqiqlash, ommaviy axborot vositalarining chiqish ma’lumotlariga OAV ta’sischisi va homiylari to‘g‘risida ham ma’lumot joylashtirish taklif etilmoqda. Shuningdek, Ommaviy axborot vositasi bosh muharririning mansab maoshi miqdori uning muassisi (muassislari) rahbar xodimlari maoshidan keskin miqdorda farq qilishi mumkin emas. Ushbu talab ommaviy axborot vositasi muassisi va bosh muharriri sifatida bir shaxs faoliyat yuritganda tatbiq etilmaydi.

Loyihaning muhim jihatlaridan yana biri ommaviy axborot vositasi ustav fondiga (ustav kapitalidagi) davlat tashkiloti muassis bo‘lib kirganda qo‘shimcha majburiyatlar ham yuklanishi nazarda tutilmoqda. Qo‘shimcha majburiyatlar deganda ommaviy axborot vositasini moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash va modernizatsiya qilish,  kontenti sifatini oshirish, shuningdek, ularni internetda o‘z veb-saytlarini yaratish orqali ilgari surish va ommalashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish, ommaviy axborot vositasini rivojlantirishda amaliy yordam ko‘rsatish kabi vazifalar kiradi.

Yana bir e’tiborli jihati — loyihada ommaviy axborot vositalarining erkinligini buzish deb topilishi mumkin bo‘lgan holatlarga aniqlik kiritilgan. Ya’ni:

a) fuqarolar, davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslari, jamoat birlashmalari tomonidan tahririyatlar, ommaviy axborot vositalari tarqatuvchilarining, shuningdek jurnalistlarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish;

b) senzura;

v) tahririyat faoliyatiga noqonuniy aralashish va uning ixtisoslashuv erkinligining buzilishi;

g) ommaviy axborot vositalarining noqonuniy tugatilishi yoki to‘xtatib turilishi;

d) tahririyatning ma’lumot so‘rash va olish huquqi buzilishi;

ye) bosma nashrni chop etishning noqonuniy to‘xtatilishi, uning bir qismi yoki to‘liq adadining yo‘q qilinishi;

j) qonuniy asosda faoliyat ko‘rsatayotgan ommaviy axborot vositasi mahsulotining tarqatilishiga to‘siq qo‘yish, davriy nashrlar bosma nashrlarning chakana savdosiga noqonuniy cheklovlar qo‘yish;

z) jurnalistni axborotni tarqatish yoki uni tarqatishni rad etishga majbur qilish ommaviy axborot vositalari erkinligini buzish deb topilishi ko‘zda tutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring