Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda vagonlarni skaner qiluvchi inspeksion-ko‘rik majmua foydalanishga topshirildi

Buxoroda vagonlarni skaner qiluvchi inspeksion-ko‘rik majmua foydalanishga topshirildi

Foto:Buxoro viloyati bojxona  boshqarmasi matbuot xizmati

Buxoro viloyati bojxona  boshqarmasi «Xo‘jadavlat» temir yo‘l bojxona postida Xitoy Xalq Respublikasining «Nuctech Co LTD» kompaniyasi granti asosida jihozlangan inspeksion-ko‘rik majmuasi foydalanishga topshirildi. Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi matbuot kotibi Durdona Qayumova xabar berdi.

Bildirilishicha, Buxoroda mazkur temir yo‘l vagonlarini skaner qiluvchi inspeksion-ko‘rik majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan. Bunda Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev hamda Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Murotjon Azimov hamda «Nuctech Co LTD» kompaniyasi vakili Chang Zung Choular qatnashgan.

«Nuctech Co LTD» kompaniyasi hamkorligida ishga tushirilgan ushbu texnik jihozlar mazkur davlat granti doirasida mamlakatimiz bojxona organlariga taqdim etiladigan beshta yirik hajmdagi skaner qurilmadan biridir. Temir yo‘l vagonlarini skaner qiluvchi inspeksion-ko‘rik majmuasi yordamida juda qisqa vaqt ichida katta hajmli yuklarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish imkoni yaratildi. Mazkur texnika yordamida katta hajmli transport vositalari yoki konteynerlar ichidagi tovarlarning joylashgan shaklini ko‘rish imkoni mavjud. Zamonaviy inspeksion-ko‘rik majmua bojxona nazorati sifatini oshiradi hamda vaqtni tejaydi. Shu bilan birga, turli bojxona qoidabuzarliklarni aniqlash, jumladan, bojxona chegarasidan tovarlarning noqonuniy olib o‘tilishining oldini olish, bojxona chegarasini kesib o‘tayotgan transport vositalari va yashirin yuklarning ko‘rigini ta’minlash, kontrafakt tovarlar yoki kontrabandaning oldini olishda muhim o‘rin tutadi»,-dedi viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i, bojxona xizmati podpolkovnigi Doniyor Salimov.

Mazkur texnik qurilma tovarlarning deklaratsiyada ko‘rsatilganligiga mosligi, kontrabanda predmetlari bor-yo‘qligini nazorat qilishdan tashqari, xavfni boshqarish  tizimi orqali bojxona nazorati samaradorligini oshiradi, eksport va import jarayonlarini yanada tezlashtiradi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring