Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Davlat budjetining 2019-yilgi xarajatlari ma’lum qilindi

Davlat budjetining 2019-yilgi xarajatlari ma’lum qilindi

Foto: «parliament.gov.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar O‘zbekiston Respublikasining 2019-yilgi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining budjetlari hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdilar.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — moliya vaziri J.Qo‘chqorov ma’ruza qildi.

Qayd etilishicha, 2019-yilda Davlat budjetining xarajatlari 107,1 trln. so‘mni tashkil etadi. Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 1,4 baravar ko‘p bo‘lib, bunda Davlat budjetining xarajatlari asosan ijtimoiy sohalarga yo‘naltiriladi. 

Jumladan, ijtimoiy soha xarajatlari 57,8 trln. so‘mni yoki umumiy xarajatlarga nisbatan 54,0 foizni tashkil etadi. Bunda ushbu xarajatlarning o‘sishi avvalgi yilga nisbatan 34,4 foiz ko‘payadi.

Maktabgacha ta’lim muassasalarini moliyalashtirishga 4,0 trln. so‘m, umumiy ta’limga 17,1 trln. so‘m yo‘naltiriladi, kadrlar tayyorlashga ajratiladigan mablag‘lar 3,8 trln. so‘mni tashkil etadi.

Sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishga esa, 12,1 trln. so‘m yo‘naltiriladi yoki avvalgi yilga nisbatan 30,5 foiz o‘sish bilan umumiy xarajatlarga nisbatan 11,3 foizni tashkil etadi. 

Madaniyatni moliyalashtirish uchun 1,0 trln. so‘m, ilm-fanga 0,8 trln. so‘m yo‘naltiriladi. Ijtimoiy nafaqalar, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam to‘lash va kompensatsiya to‘lovlari uchun xarajatlar o‘tgan yildagiga nisbatan 61,8 foiz oshgan holda 5 267,2 mlrd. so‘mni tashkil etadi. 

«Obod qishloq» va «Obod mahalla» davlat dasturlarini amalga oshirish uchun barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 6,3 trln. so‘m yo‘naltiriladi, bu esa, 478 ta aholi punktida turmush sharoitlari yaxshilanishini ta’minlaydi.

Davlat dasturlarini amalga oshirish doirasida 2019-yilda 372 ta ob’yektda ichimlik suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish hamda modernizatsiyalash, 1 916,1 km. uzunlikdagi suv o‘tkazish tarmog‘ini qurish va rekonstruksiya qilish nazarda tutilmoqda. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida markazlashgan suv ta’minotini qamrab olish 2019-yilda 77,0 foizga yetadi. 

Umuman olganda, 2019-yilgi Budjetnomada nazarda tutilgan daromadlarning izchil o‘sishi, soliq siyosatida joriy etilayotgan tub o‘zgarishlar aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatli ekani ta’kidlandi.

Majlisda Budjetnoma hamda uning asosiy yo‘nalishlari deputatlar tomonidan har tomonlama muhokama etildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov so‘zga chiqdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring