Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zsanoatqurilishbank» ATB xalqaro kapital bozorini korporativ emitentlar uchun ochib berdi

«O‘zsanoatqurilishbank» ATB xalqaro kapital bozorini korporativ emitentlar uchun ochib berdi

London fond birjasida listingga kiritilgan va xalqaro kapital bozorlarida sotuvga chiqarilgan «O‘zsanoatqurilishbank» ATBning 300 million AQSh dollari miqdoridagi xalqaro obligatsiyalari investorlar tomonidan yuqori baholandi.

Mamlakatimizda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash hamda xususiy, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni, respublikadagi loyihalarga keng jalb qilish uchun xalqaro kapital bozorlari muhim rol o‘ynaydi. Bu borada joriy yil fevral oyida mamlakatimiz tarixida ilk bora O‘zbekiston Respublikasining 1 milliard AQSh dollariga teng suveren obligatsiyalarining xalqaro kapital bozorlarida muvaffaqiyatli joylashtirilishi yurtimizdagi tijorat banklari va korxonalar uchun yangi imkoniyat yaratdi.

«O‘zsanoatqurilishbank» ATB tomonidan korporativ xalqaro obligatsiyalar chiqarish bo‘yicha JP Morgan, Citigroup, Commerzbank, Raiffeisen Bank singari xalqaro investitsiya banklari (moliyaviy konsultantlar) tavsiyalari asosida tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Joriy yilning 18-22-noyabr kunlari Syurix, Frankfurt va London shaharlarida 60ga yaqin investorlar bilan uchrashuvlar va muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Bo‘lib o‘tgan muzokaralarda investorlarga respublikada, jumladan bank sohasida olib borilayotgan islohotlar, O‘zR Tiklanish va Taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan yirik tijorat banklarining kapitalizatsiyasi va kreditlarni mazkur jamg‘armaga o‘tkazish borasidagi Hukumat strategiyasi, O‘zbekistondagi banklarni xususiylashtirish istiqbollari, xalqaro obligatsiya mablag‘larining qaysi loyihalarga yo‘naltirilishi, bankning boshqa resurs bazasini shakllantirish manbalari, transformatsiyadan keyin kutilayotgan aktivlar holati, kredit siyosati, muammoli aktivlar dinamikasi to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etildi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, yirik investorlar tomonidan bankning transformatsiya jarayoni (jumladan, xususiylashtirishga tayyorgarlik) va unda Xalqaro moliya korporatsiyasining ishtiroki hamda korporativ boshqaruv tizimining takomillashtirilishi ijobiy holatlar sifatida e’tirof etildi.

Bankning biznes modeli tijorat faoliyatini yanada mustahkamlashga va bosqichma-bosqich xususiylashtirishga qaratilayotgani tufayli, «O‘zsanoatqurilishbank» ATB investorlar tomonidan davlat banki emas tijorat banki sifatida qabul qilindi hamda Rossiyaning «Moskovskiy kreditniy bank» (5 yillik 5,3%), Gruziyaning «TBC Bank» (5 yillik 5,75% kupon), Turkiyaning «Akbank» (5 yillik 6%) kabi banklariga taqqoslandi.

Joriy yilning 25-noyabr kuni investorlarning takliflariga asoslangan moliyaviy konsultantlarning tavsiyasiga ko‘ra bankning 5 yillik xalqaro obligatsiyalari uchun ilk daromadlilik stavkasi 6,50% etib belgilandi va London vaqti bilan soat 08:23da tranzaksiya e’lon qilindi. Buyurtmalar hajmi soat 10:00da 300 mln. dollar (tranzaksiya to‘liq qoplandi) va 12:10da 800mln. dollarni (tranzaksiya 2,5 barobar to‘liq qoplandi) tashkil etdi.

Soat 12:25da obligatsiyalarning daromadlilik stavkasi 0.125%ga pasaytirildi va yangi stavka 6,375% e’lon qilindi. Mazkur strategiya investorlarga ma’qul keldi va 13:05ga kelib buyurtmalar hajmi 1 mlrd. dollardan oshdi. Soat 14:00da buyurtmalar kitobi 1,2 mlrd. dollar bilan, ya’ni tranzaksiyani 4 barobardan yuqori qoplagan holda yopildi.

Ushbu yuqori darajadagi talab tufayli moliyaviy konsultantlar daromadlilik stavkasini 6%ga tushirishga muvaffaq bo‘lishdi. Tranzaksiya London vaqti bilan soat 17:00da 5,75% kupon stavkasi bilan yakunlandi.

Mazkur tranzaksiya O‘zbekiston Respublikasidagi islohotlarning, ayniqsa bank tizimi islohotlarining xalqaro investorlar tomonidan ijobiy qabul qilinganidan dalolat beradi. Qolaversa, O‘zbekiston tarixida ilk bora «O‘zsanoatqurilishbank» ATB tomonidan chiqarilgan korporativ xalqaro obligatsiyalar boshqa tijorat banklari va korxonalar uchun «benchmark» bo‘lib xizmat qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring