Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bosh prokuror o‘rinbosari Chiroqchi va Andijondagi qiynoq holatlarini «ketmas dog‘» deb atadi

Bosh prokuror o‘rinbosari Chiroqchi va Andijondagi qiynoq holatlarini «ketmas dog‘» deb atadi

Foto: Bosh prokuratura

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari A.Xolmaxmatov raisligida «Respublikada jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish samaradorligini oshirish»ga bag‘ishlangan tezkor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari A.Xolmaxmatov ma’ruza qilib, hozirgi kunning dolzarb va og‘riqli, davlatimiz rahbari va xalqimizning asosli noroziligiga sabab bo‘layotgan muammo – huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hodimlari tomonidan fuqarolarga tazyiq o‘tkazish, urish – do‘pposlash, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr – qimmatni kamsituvchi harakatlar sodir etilishiga chek qo‘yilmayotganligiga alohida to‘xtaldi.

Chiroqchi tumani va Andijon shahrida ichki ishlar xodimlari tomonidan fuqarolar urib, kaltaklanib, qiynoqqa solinishi oqibatida vafot etganligi «ichki ishlar organlari»ning, qolaversa, butun huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning nomiga ketmas dog‘ tushushiga sababchi bo‘layotganligi ta’kidlandi.

Shuningdek, yig‘ilishda jinoyatlarni ro‘yxatga olish, jinoyatlarni fosh etish va tezkor qidiruv tadbirlarini o‘z vaqtida va to‘laqonli olib borilishi, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, bu borada prokuror nazoratiga tanqidiy munosabat bildirildi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda yoshlar va ayollar jinoyatchiligi haqida so‘z yuritilib, mahalla va oilalarda o‘zaro totuvlikni ta’minlash, nizo va ziddiyatlarni bartaraf etishning samarasizligi huquqbuzarliklarning kelib chiqishiga omil bo‘lib xizmat qilayotganligi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, shu kunlarda «Chiroqchi voqeasi» aybdorlari ishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi K.Tolliboyev raisligida Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudida ko‘rib chiqilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring