Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoro prokurori 6 yoshli bola akasi tomonidan qiynoqqa solingani haqida gapirdi

Buxoro prokurori 6 yoshli bola akasi tomonidan qiynoqqa solingani haqida gapirdi

Yaqinda Buxoroda bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari viloyat kengashi 94-sessiyasida yangi tayinlangan prokuror Ulug‘bek Hamdamov o‘z ma’ruzasida Buxoro shahrida o‘z akasi tomonidan 6 yoshli bola qattiq qiynoq ostida tilanchilikka majburlanganini ma’lum qildi.

«Konstitutsiyamizning 77-moddasida davlat yetim hamda ota-ona qarmog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash, ularning ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishini ta’minlashi belgilagan. Biroq, voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilish, ular o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishga mas’ul bo‘lgan idoralar o‘z  vazifalarini lozim darajada bajarmaganliklari oqibatida bu borada bir qator qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Noto‘g‘ri ma’lumotlar bergan 125 nafar mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bular orasida 73 nafari mahalla raislari, 52 nafari ta’lim muassasa rahbarlari», — dedi Buxoro prokurori.

Ulug‘bek Hamdamovning bildirishicha, Buxoro shahrida yashovchi fuqaro N.A. takroran o‘g‘irlik jinoyati uchun 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Uning 3 nafar voyaga yetmagan farzandi qarovsiz qolib ketgani haqidagi ma’lumotlar Olimxo‘ja mahallasi fuqarolar yig‘ini raisi tomonidan yashirib kelingan. Viloyat prokurori bu kabi holatlarni boshqa mahallalar misolida ham kuzatish mumkinligini aytib o‘tdi.

Ta’kidlashicha, vasiy va homiylarning o‘z majburiyatlarini bajarish ahvoli vasiylik va homiylik organlari tomonidan biror marta o‘rganilmagan. Oqibatda voyaga yetmaganlar qarovsiz qolib, achinarli holatda jinoyat qurboni bo‘lishgan.

Holatga ko‘ra, fuqaro I.Q. Buxoro shahar hokimining qarori bilan 6 yoshar o‘gay ukasi A.Q.ni o‘z vasiyligiga olgan. Uni tarbiyalash, ruhiy-ma’naviy, axloqiy kamol toptirish o‘rniga uni tilanchilik qilishga majbur qilib kelgan. Uni muttasil ravishda urib, olovda qizdirilgan oshxona qoshig‘i bilan tana a’zolarini kuydirib, tan jarohati yetkazgan.

«Ushbu holat yuzasidan I.Q.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi, 2-qismi bilan u ehtiyot chorasi tariqasida qamoqqa olindi va unga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlandi», — dedi Ulug‘bek Hamdamov.

Bundan tashqari, viloyat prokurori voya yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazidan qaytgan 48 nafar voyaga yetmagan shaxsni kelgusida qarovsiz va nazoratsiz qolishi, ular tomonidan huquqbuzarlik yoki jinoyatlar sodir etilishining oldini olish va jinoyat qurboni bo‘lishining oldini olish bo‘yicha ham amaliy profilaktik tadbirlar o‘tkazilmaganiga to‘xtaldi.

«Mazkur markazga voyaga yetmagan, onasi Rossiya Federatsiyasida bo‘lgan M.Sh. ismli qizning joylashtirilganiga besh kun bo‘lgan bo‘lsa-da, mas’ul xodimlar ko‘zlangan natijaga erishilganini o‘rganmay turib, uni onasining kafilligiga uyiga yuborishgan. Vazirlar Mahkamasining 490-sonli qaroriga ko‘ra, markazda voyaga yetmaganlar ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish natijasiga erishgunga qadar 45 kungacha saqlanishi belgilangan. Afsuski, markazdan uyiga qaytib kelganidan ikki kun o‘tib, nazoratsiz qolgan  14 yoshli voyaga yetmagan qiz jinsiy turdagi jinoyat qurboni bo‘lgan. Garchi ushbu holat yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlangan bo‘lsa-da, bu kabi voyaga yetmagan qizlarning kelgusidagi taqdiri barchani birdek tashvishga solishi shart va zarur», — dedi viloyat prokurori.

Ayni kunlarda viloyatda voyaga yetmaganlarning nazoratsiz va qarovsiz qolishlarining oldini olishga qaratilgan ishlar prokuratura organlari tomonidan alohida nazoratga olinib, qat’iy tartibdagi amallar bajarilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 fevralida Buxoroda yangi prokuror tayinlangan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring