Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ukraina ham 20 yil avval yo‘lovchi samolyotni urib tushirgandi. Bu qanday bo‘lgan?

Ukraina ham 20 yil avval yo‘lovchi samolyotni urib tushirgandi. Bu qanday bo‘lgan?

Tu-154. Foto: «Wikimedia.org»

Joriy yil 8 yanvar kuni Tehronda Ukraina aviakompaniyasiga qarashli samolyot halokatga uchradi. Uchoqqa mingan 176 kishidan (167 yo‘lovchi va to‘qqiz nafar ekipaj a’zosi) birortasi tirik qolmadi.

Ilk kunlardanoq samolyot urib tushirilgani ehtimoli keng muhokama etilayotgan edi. Bu taxmin Kanada va Buyuk Britaniya bosh vazirlari tomonidan ham aytildi. Dunyo jamoatchiligining kuchli bosimi ostida Eron rahbariyati yo‘lovchi samolyoti xato tufayli harbiylar tomonidan urib tushirilganini tan oldi. Mamlakat rahbari Hasan Ruhoniy halok bo‘lganlarga hamdardlik bildirarkan, uzrxohlik izhor qildi. Asosiy jabrdiyda mamlakatlardan biri – Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy rasmiy Tehrondan o‘z aybini to‘liq tan olish, rasman kechirim so‘rash, aybdorlarni jazolash va tovon puli to‘lashni talab qildi. Taftish-tekshiruv va aybdorlarni aniqlash jarayoni hali ko‘p oylarga cho‘zilishi aniq. Negaki, bu o‘rinda gap 176 insonning xuni va jiddiy huquqiy oqibatlar haqida ketmoqda.

Harbiylar tomonidan yanglishuv tufayli yo‘lovchi uchoqlarini urib tushirish holatlari, afsuski, bot-bot ro‘y beradi. Ayni paytda Ukraina Erondan domangir bo‘lib turibdi. Bundan 19 yil avval esa Ukraina harbiylari aynan eronlik hamkasblari kabi mudhish xatoga yo‘l qo‘ygan edi.

2001 yil 4 oktyabr. Rossiyaning «Sibir» aviakompaniyasiga qarashli Tu-154 uchog‘i Novosibirskdan Tel-Avivga yo‘l oladi. Ammo uchoqdagi 78 kishiga (66 yo‘lovchi va 12 nafar ekipaj a’zosi) o‘z manziliga yetib olish nasib etmagan edi. Samolyot Qora dengiz uzra halokatga uchraydi.

Tu-154

11 sentyabr voqealariga hali bir oy ham o‘tmagani sabab dastlab terakt versiyasi keng muhokama etiladi. Ukraina harbiylari ham halokatga aloqador ekanliklarini rad etadilar. Ammo bir necha kundan keyin oyni etak bilan yopib bo‘lmasligiga ishonch hosil qilgan rasmiy Kiyev samolyot xato tufayli urib tushirilganini tan oladi. Xalqaro aviatsiya qo‘mitasi xulosasiga ko‘ra, Tu-154 uchog‘i Qrim yarimorolida harbiy mashg‘ulot o‘tkazayotgan Ukraina havo hujumidan mudofaa raketasi bilan «bexos» nishonga olingan.

Halokat chizmasi. Foto: «TV Sentr»

O‘shanda Ukraina prezidenti Leonid Kuchma mamlakat harbiylarining qilmishi uchun uzr so‘rab, mudofaa vaziri Aleksandr Kuzmukni ishdan bo‘shatadi. Tekshiruvlar ortidan Ukraina Qurolli kuchlarining uch generali hamda bir qator zobitlari iste’foga chiqariladi. Ammo ularning birortasi mahkamaga tortilmaydi.

2003 yilda Ukraina hukumati Rossiya va Isroil hukumati bilan bitimga asosan (halok bo‘lganlar ushbu ikki davlat fuqarolari edi) vafot etgan har bir yo‘lovchining oilasiga 200 ming dollardan tovon puli to‘lasa-da, halokat uchun yuridik javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi. «Sibir» aviakompaniyasining da’vo arizalari turli darajadagi sudlar tomonidan rad etiladi.

 Leonid Kuchma aviahalokat haqida: «Bunday xatolar butun dunyoda ro‘y berishi mumkin. Biz bu borada birinchi ham, oxirgi ham emasmiz». Foto: «112.ua»

Tehronda halokatga uchragan samolyot borasida ham shunday vaziyat kuzatilsa ajab emas. Eron rahbariyati jarbdiydalarning oilasiga tovon puli to‘lasa-da, katta ehtimol bilan yuridik javobgarlikni zimmasiga olmaydi. Negaki, yuridik javobgarlikni bo‘yinga olish «samolyotni atayin urib tushirdik», deb tan olish bilan barobar...

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring