Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Terrorchilar Ahmad Yassaviy maqbarasini portlatmoqchi bo‘ldi

Terrorchilar Ahmad Yassaviy maqbarasini portlatmoqchi bo‘ldi

Joriy yil Qozog‘istonda ikki yirik teraktning oldi olindi. Bu haqda mamlakat Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ruslan Seysembayev ShHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi kengashida ma’lum qilgan.

Tengrinews.kz xabariga ko‘ra, terrorchilar Turkiston shahridagi Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasini portlatmoqchi bo‘lgan. Shuningdek, poytaxt Ostonada odamlar gavjum joyda qurolli hujum rejalashtirilgan. Qozog‘iston huquq idoralari har ikki teraktning oldini olgan.

Qayd etilishicha, so‘nggi uch yil davomida ShHT davlatlari hududida kamida 80 ta terakt sodir etilgan. Joriy yil esa qo‘poruvchilik harakatlari keskin oshgan.

«2022 yilda 18 ta terakt sodir etilgan bo‘lsa, 2023 yilda ular soni 47 taga yetgan. Terrorchilar qo‘lida 400 dan ziyod tinch aholi vakillari halok bo‘lgan, 940 kishi jarohatlangan. Zo‘ravonlik harakatlarini bartaraf etish uchun kuchishlatar tuzilmalar va huquq idoralari tomonidan 300 dan ziyod yirik aksilterror amaliyotlari o‘tkazilgan. 1600 nafar terrorchi va ularning gumashtalari qo‘lga olingan. Vakolatli idoralarga qarshilik ko‘rsatgan 60 nafar jinoyatchi yo‘q qilingan», – deydi Ruslan Seysambayev.

Terrorchilar ko‘z tikkan Turkiston shahridagi Ahmad Yassaviy maqbarasi nafaqat Qozog‘iston, balki butun Markaziy Osiyo uchun qadrli ziyoratgoh sanaladi.

XII asrda yashagan atoqli mutasavvif va turkiyzabon shoir Ahmad Yassaviy qabri ustida dastlab mo‘’jaz daxma tiklangan. XIV asrning oxirlarida esa Amir Temurning buyrug‘i bilan mahobatli maqbara barpo etilgan. Sohibqiron bino loyihasini ishlab chiqishda shaxsan ishtirok etgani aytiladi. Keyingi asrlarda majmuani kengaytirishga boshqa hukmdorlar ham hissa qo‘shgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring