Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya razvedkasi: AQSh yana bir davlatda inqilob uyushtirishga hozirlik ko‘rmoqda

Rossiya razvedkasi: AQSh yana bir davlatda inqilob uyushtirishga hozirlik ko‘rmoqda

Rossiya tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin.

Foto: TASS

Rossiya tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin AQSh Moldovada ham inqilob uyushtirishga hozirlik ko‘rayotganini ma’lum qildi.

S.Narishkinning ta’kidlashicha, Vashington Moskva bilan do‘st mamlakatlarning ichki ishlariga aralashishda davom etmoqda. Bunga misol sifatida Belarus hamda Qirg‘izistondagi ommaviy namoyishlar keltirilgan.

Rossiya tashqi razvedka xizmati iddaosiga ko‘ra, AQSh Davlat departamenti Moldovaning amaldagi rahbari Igor Dodon 1 noyabr kuni o‘tadigan saylovda qayta saylangudek bo‘lsa, muxolifatni ommaviy norozilik namoyishlari o‘tkazishga da’vat etmoqda. Mamlakat kuchishlatar tizimlariga esa norozilik aksiyalariga qarshilik qilmaslik uqtirilmoqda.  

S.Narishkinga ko‘ra, Moldovaga AQShdan «rangli inqiloblar» bo‘yicha mutaxassislar kelishi kutilmoqda. «Ular (Qo‘shma Shtatlar nazarda tutilmoqda – tahr.) MDH mamlakatlari, shu jumladan, Rossiya bilan konstruktiv aloqalarni qo‘llab-quvvatlayotgan amaldagi davlat rahbari I.Dodonni xushlamaydi», – deb bayonot bergan S.Narishkin.

Ammo Moldova prezidenti Igor Dodon Rossiya tashqi razvedka xizmati rahbarining shov-shuvli iddaosini deyarli rad etdi. I.Dodonga ko‘ra, saylov arafasida turgan Qo‘shma Shtatlar rahbariyatining hozirgi sharoitda Moldovada inqilob qilishga vaqti ham, imkoni ham yo‘q.

I.Dodon Moldova va Belarusdagi vaziyat turlicha ekaniga ham e’tibor qaratgan. Qayd etilishicha, Moldovada, Belarusdan farqli o‘laroq, barcha muxolif nomzodlarga saylovda qatnashish imkoni berildi.  

«Qolaversa, bizdagi saylovda ko‘p sonli xorijiy va mahalliy kuzatuvchilar qatnashadi va, menimcha, vaziyatni beqarorlashtirish uchun sabab ham tug‘ilmaydi. Boz ustiga, bizda Belarusdagi kabi norozilik salohiyati ham yo‘q», – degan Moldovaning amaldagi rahbari.

Joriy yil 1 noyabr kuni Moldovada navbatdagi prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Davlat rahbari lavozimi uchun 8 nomzod, jumladan, mamlakatni 2016 yil 23 dekabrdan beri boshqarib kelayotgan Igor Dodon kurashadi. 45 yoshli I.Dodon rossiyaparast arbob o‘laroq baholanadi. Ammo siyosatchi o‘zini rossiyaparast emas, balki sovetparast ekanini ta’kidlagan.

Moldova respublikasi boshqa sho‘ro o‘lkalari kabi 1991 yilda SSSRdan mustaqil bo‘lgan. Kuzatuvchilarga ko‘ra, Moskva 3,5 million nufusli respublikani o‘z ta’sir doirasida saqlashga urinib keladi.  

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring