Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putin qo‘l berib ko‘rishgan shifokorda koronavirus aniqlandi. Xo‘sh?..

Putin qo‘l berib ko‘rishgan shifokorda koronavirus aniqlandi. Xo‘sh?..

Vladimir Putin koronavirus yuqtirib olgan shifokor Denis Protsenko bilan.

Foto: «TASS»

Moskvaning Kommunarka mavzesidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Denis Protsenko koronavirus yuqtirib olgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu hodisa kutilgandek mamlakat prezidenti Vladimir Putinning ish faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Negaki, Vladimir Vladimirovich bir hafta avval mazkur kasalxonaga kelgan va bosh shifokor bilan qo‘l berib ko‘rishgan edi.

Xabarlarga ko‘ra, Denis Protsenkoning ahvoli yomon emas va u o‘zi rahbar bo‘lgan shifoxonada ihotalangan holda davolanmoqda.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, ushbu hodisa ortidan Putin turli majlislarni bekor qilib, masofadan turib ishlashga o‘tgan.

Kreml yetakchisi shu kunlarda o‘tishi rejalashtirilgan hukumat a’zolari bilan uchrashuvni ham telekonferensiya formatida o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

OAV, shuningdek, Rossiya rahbari so‘nggi kunlarda qo‘l berib ko‘rishmaslikni ma’qul ko‘rayotganiga ham e’tibor qaratgan.

D.Peskov Kommunarkaga tashrif arafasida davlat rahbari bilan ko‘rishgan shifokorlar avvaldan koronavirus bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmaganini ham tan olgan.

Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga V.Putin bilan birga bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikova, Moskva meri Sergey Sobyanin hamda Dmitriy Peskov ham borgan edi. Ulardan har kuni koronavirusni aniqlash uchun namuna olinmoqda.

Rossiyada koronavirusga chalingan bemorlar soni shiddat bilan o‘sib bormoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha 2777 kishi ushbu virusni yuqtirib olgan, 24 kishi undan vafot etgan. Infeksiya mamlakatning 75 mintaqasiga tarqalgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring