Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Muhammad Mursiyning o‘limi tafsilotlari ochiqlandi

Muhammad Mursiyning o‘limi tafsilotlari ochiqlandi

Foto: «AP»

Muhammad Mursiy (Misrning sobiq prezidenti) vafot etgani haqida kecha xabar bergandik. Bugun ushbu voqea tafsilotlari ochiqlandi.    

Muhammad Mursiy yurak xuruji oqibatida dunyodan ko‘z yumgan — tibbiyot sohasidagi manbalariga asoslangan Misr televideniyesi shunday xabar tarqatdi.

Harbiylar 2013-yili hukumatdan ag‘dargan Mursiy kecha, 17-iyun dushanba kuni josuslik ishi ko‘rilayotgan sud majlisi chog‘i vafot etdi. U 68 yoshda edi.

Mamlakat bosh prokurorining bildirishicha, sud majlislari oralig‘idagi tanaffus chog‘i panjara ortida o‘tirgan Mursiy hushidan ketadi. U sal avval sudya qarshisida besh daqiqa so‘zga chiqqandi. Behush Mursiyning joni kasalxonada uzilgan.

Mursiy va uning «Musulmon birodarlar» harakatidagi sheriklari Mursiy hukumat tepasida turgan payti Misr davlatini kuchsizlantirish maqsadida uning armiyasi va maxsus xizmatlari haqidagi o‘ta maxfiy hujjatlarni Qatar razvedkasiga berganlikda ayblanayotgan edi. Biroq Mursiy va boshqa sudlanuvchilar bu sudga ishonmasliklarini, u yangi hukumat irodasini ifodalashini bir necha marta ta’kidlashgan.

Misrda 2013-yilda «Musulmon birodarlar» boshqaruvidan xalq noroziligi ortib, g‘alayonlar avjiga chiqqan bir pallada armiya Mursiyni hukumatdan chetlatib, o‘tish davrini e’lon qiladi. Mursiy tarafdorlari uni yana prezidentlikka qaytarishni talab qilib, namoyishga chiqishdi. Tartibsizliklar, to‘qnashuvlardan yuzlab misrliklar o‘lim topdi.

Siyosatdan chetlatilib, panjara ortida saqlanayotgan Mursiyga qarshi  hukumat beshta jinoyat ishi ochgandi: uning tarafdorlari va qarshilar o‘rtasida 2012-yil dekabrida prezident saroyi oldida yuz bergan to‘qnashuvlar, Qatar va HAMAS foydasiga josuslik, 2011-yildagi ommaviy tartibsizliklar chog‘i qamoqdan qochishga urinish, sudyalarni haqoratlash.


P.S. Muhammad Mursiy bugun, seshanba kuni Qohira sharqidagi Madinat Nasr tumanida dafn etilgan. Bu haqda Mursiyning advokati ma’lumoti asosida «Frans Press» agentligi xabar berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring