Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Boshpanasiz oilaning iftori. Ko‘zga yosh keltiruvchi suratlar

Boshpanasiz oilaning iftori. Ko‘zga yosh keltiruvchi suratlar

Foto: AFP

Suriyaning Ariha shahri. 5 ming yillik tarixga ega ko‘hna kent 2011-yildan buyon davom etayotgan urush tufayli yer bilan yakson bo‘ldi. Ariha «gullar ifori» degan ma’noni bildiradi. Taassufki, bir zamonlar gullar iforiga to‘lgan shaharda bugun porox isi anqiydi. Rim va Vizantiya saltanatlarini ko‘rgan qadimiy imoratlar vayron, ko‘p ming sonli aholining boshpanasi kunfayakun etildi.

Foto: AFP

Vayronalar orasida iftor qilib o‘tirgan – Toriq Abu Ziyodning oilasi! O‘tgan yili Suriya hukumati qo‘shini Rossiya samolyotlari yordamida Arihaga hujum boshlagan paytda Toriq uch farzandi va onasi bilan tug‘ilgan shahridan bosh olib ketdi. Koronavirus tarqalishi ortidan Suriyada jang qilayotgan turli siyosiy guruhlar bir muddat qurolini qo‘yishga majbur bo‘ldi. Muvaqqat sulhdan foydalangan 29 yoshli Toriq oilasi bilan kindik qoni to‘kilgan uyga qaytib keldi.

Foto: AFP

Abu Ziyod oilasi ushbu qadrdon go‘shada necha yillar davomida tinch-osoyishtalikda Ramazonni qarshi olgan. Ammo hokimiyat qutqusiga berilgan kimsalarning kasriga ular Allohning farzini eminlikda ado etish baxtidan mosuvo bo‘ldilar.

Foto: AFP

Ammo imoni mustahkam mo‘minlar qatori Toriq ham bu holdan tushkunlikka tushgani yo‘q. «Bu – Allohning sinovi. Yaqin kunlarda yana dorilmon kunlarda qaytadi», deydi u.

Foto: AFP

Inshaalloh, shunday bo‘lsin! O‘lim sharpasi kezib yurgan vayronalar o‘rnida tez fursatda yana ma’mur shahar qad rostlasin! Toriq Abu Ziyod va uning minglab vatandoshlari kelgusi Ramazonlarni shinam uylarda qarshi olsin...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring