Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Isroil masalasida ikki yirik musulmon davlatining fikri bir joydan chiqdi

Isroil masalasida ikki yirik musulmon davlatining fikri bir joydan chiqdi

Isroil G‘azodagi qatliom uchun Xalqaro jinoiy sudda javob berishi shart. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on va Jazoir yetakchisi Abdulmajid Tebbun ishtirokidagi matbuot anjumanida ta’kidlandi.

Ikki yirik musulmon davlati rahbarlari Isroilning minglab tinch aholi vakili qoni to‘kilgan harbiy amaliyotini keskin qoraladi.

«Biz Isroilning jamoaviy jazolashga aylangan va urush jinoyatlarini tashkil etuvchi hujumlarini aslo qabul qilmaymiz. Shifoxonalar, ibodatxonalar, maktablar kabi har jihatdan himoya qilinishi kerak bo‘lgan maskanlarni nishonga olish, odamlarni ko‘chib ketishga majburlash vijdonsizlik va vahshiylikdir. Bizning ustuvor vazifamiz G‘azoda doimiy o‘t ochishni to‘xtatish va mintaqaga gumanitar yordamni to‘siqsiz yetkazilishidir», – dedi Erdo‘g‘on.

Jazoir prezidenti esa Isroil tomonidan ishg‘ol ostidagi G‘arbiy sohilda amalga oshirilayotgan terror siyosati to‘xtatilishi kerakligini urg‘uladi.  

Qayd etilishicha, Falastin masalasiga adolatli-siyosiy yechim topmay mintaqada doimiy tinchlik o‘rnatish imkonsiz.

«Yaqin Sharq qaynab turgan vulqonga o‘xshaydi. Yo bu masala (mustaqil Falastin davlati tashkil etilishi – tahr.) hal bo‘ladi, yo ziddiyat boshqa yo‘nalishga ham yoyiladi», – degan Abdulmajid Tebbun.

«1967 yilgi chegaralar bo‘yicha poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan Falastin davlatining barpo etilishi endi muqarrardir. Biz bu yo‘nalishda qo‘limizdan kelganini qilishda davom etamiz», – degan ikki davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, 21 noyabr kuni BRIKS davlatlarining ham Yaqin Sharq, xususan, G‘azodagi vaziyat yuzasidan onlayn sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda ma’ruza qilgan JAR prezidenti Siril Ramafosa ham Haagadagi Xalqaro jinoiy sudni Tel-Aviv sodir etgan harbiy jinoyatlarni tergov qilishga chaqirdi. Siyosatchiga ko‘ra, G‘azoda tinch aholi vakillari o‘ldirilayotgani, aholi suv, oziq-ovqat, dori-darmon va yonilg‘idan mahrum etilgani harbiy jinoyat va genotsidga tengdir.

BRIKS davlatlari fikricha, G‘azo aholisini ommaviy tarzda jazolash amaliyotiga chek qo‘yish va o‘t ochishni to‘xtatish vaqti allaqachon keldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring