Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fransiya araz qilmoqda

Fransiya araz qilmoqda

Foto: «Gorodovoy.ru»

Kutilmaganda AQSh, Buyuk Britaniya va Avstraliya Fransiyani xafa qilib qo‘ydi. Avstraliya bosh vaziri Skott Marrisonning 2016-yilda Avstraliya va Fransiya o‘rtasida dizel suv osti kemalarini qurish to‘g‘risidagi bitimni bekor qilish mamlakat manfaatlariga javob berishini e’lon qilishi ishni yanada olovlantirib yubordi. Gap oz emas, 66 milliard dollarlik shartnoma haqida ketmoqda.

«Albatta, shartnomaning ikkinchi tomoni hafsalasi pir bo‘lganini va juda g‘azabi qo‘ziyotganini yaxshi tushunaman. Ammo, eng avvalo, Avstraliya manfaatidir. Bizning manfaatimizga esa uch tomonlama sheriklik ko‘proq javob beradi. Men buni Prezident Bayden va Bosh vaziri Jonson bilan shakllantira olishim mumkin», deya intervyu berdi «SBS» telekanaliga.

Morrisonning urg‘u berishicha, u Fransiyaning Naval Group kema qurish kompaniyasiga buyurtma qilingan kemalar har doim ham Avstraliya suveren manfaatlarini himoya qilish uchun yetarlicha bo‘lmasligi haqida xavfni sezib yurgan.

Avstraliya, Qo‘shma Shtatlar va Buyuk Britaniya 15-sentyabrda xavfsizlik va mudofaa sohasida «AUKUS» uch tomonlama sherikligini tuzishini e’lon qildi. Oxirgi bir yarim yil davomida bu uch davlat Avstraliyaga eng ilg‘or texnologiyalarni, jumladan, atom suv osti kemalarini taqdim etish bo‘yicha muzokaralar olib borgan.

«AQSh va Britaniyada kemalar yaqin kelgusida sotib olinadi, Ular Adelaidada quriladi», deya ta’kidladi Avstraliya mudofaa vazirligi rahbari Piter Datton

Fransiya o‘z e’tirozini bildirish uchun AQSh va Avstraliyadan elchilarini chaqirib oldi. Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drianning bildirishicha, «bu inqiroz NATOning yangi strategik konsepsiyasini belgilashiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Ammo bu Parijning NATOdan chiqib ketishini anglatmaydi. Bu orqadan pichoq urish va ishonchga dars ketishidir».

Rossiya tomoni bu kabi salbiy xatti-harakatlar alyans ichida yorilish paydo bo‘layotgani haqida baralla bong urmoqda.

Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen Yevropa davlatlari harbiy sohada AQShga ortiq suyanmasdan, o‘zlarining mustaqil harbiy blokini yaratishni tezlashtirishi kerakligiga urg‘u bermoqda. Afg‘onistondagi vaziyat ham bu rejani jadallashtirishga undagan muhim omil bo‘lgani qayd etildi.

Fransiyaning Yevroparlamentdagi deputati Terri Mariani «Avstraliyaning kelishuvni buzishi, AQShning Fransiyani ikkin darajali davlat sifatida ko‘rishini yana bir bor tasdiqladi. Biz AQShning faqat o‘zini o‘ylashini guvohi bo‘layapmiz va shu sababli Yevropa Ittifoqi Vashingtondan mustaqil siyosat olib borishi shart», deya YouTube-kanalida bayonot berdi.

Shu kunlarda Shveysariya ham Fransiyaning «Dassault» aviakonserni qiruvchi samolyotlarini sotib olishdan voz kechdi va ularning o‘rniga AQSh uchoqlarini olishini bildirdi. Prezident Emmanuel Makronga bu qattiq zarba bo‘ldi va uning vakillari OAQda yaqin oylarda Jenevaga rejalashtirayotgan tashrifi bekor qilinganini e’lon qildi.

Dildora Shomurodova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring