Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh yana Falastin yo‘lida to‘g‘anoq bo‘ldi

AQSh yana Falastin yo‘lida to‘g‘anoq bo‘ldi

AQSh vakili Robert Vud rezolyusiyaga qarshi ovoz bermoqda.

Foto: Reuters

18 aprel kuni BMT Xavfsizlik kengashida Falastinning BMTga to‘laqonli a’zoligi to‘g‘risida rezolyusiya loyihasi yuzasidan ovoz berish o‘tkazildi.

Xavfsizlik kengashining 12 a’zosi Jazoir tomonidan tayyorlangan hujjatni yoqlab ovoz berdi. Buyuk Britaniya va Shveysariya betaraf qoldi. Birgina AQSh veto huquqidan foydalangan holda rezolyusiya loyihasini yo‘qqa chiqardi.

E’tiborga molik jihati, Qo‘shma Shtatlarning Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi ittifoqchilari bu gal Falastinning BMTga to‘laqonli a’zoligini dastaklagan.

Falastinning BMTdagi elchisi Riyoz Mansur rezolyusiyaning rad etilishi falastinliklar irodasini buka olmasligini ta’kidladi.

«Isroil Falastin davlati suverenitetiga to‘g‘anoq bo‘lish, Falastin xalqini vatanidan surgun qilish yoki uni umrbod istilo qilish yo‘lida barcha choralarni ishga soladi... Falastin davlati tuzilishi muqarrar va realdir. Ehtimol, ular davlat tuzilishini uzoq muddatda deb xayol qilishar, ammo biz uni yaqin deb bilamiz», – dedi diplomat.

Falastin joriy yil aprel oyi boshida BMT rahbariyatiga tashkilotga to‘laqonli a’zolik borasida ariza bilan murojaat qilgan edi.

Falastin ayni paytda BMTda doimiy kuzatuvchi davlat maqomiga ega. Bu maqom egasi tashkilotning barcha majlislarida qatnashsa-da, asosiy tuzilmalarda ovoz berish huquqidan mahrumdir.

Mustaqil Falastin davlati tuzish g‘oyasiga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqayotgan Isroil ma’muriyati BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lish yo‘lidagi urinishlarni ham AQSh kabi ittifoqchilari ko‘magida yo‘qqa chiqarib kelmoqda. 2011 yilda bo‘lib o‘tgan ovoz berishda ham shunday holat kuzatilgan edi.

2012 yil 29 noyabr kuni BMT Bosh assambleyasi Falastinga kuzatuvchi davlat maqomini berish to‘g‘risidagi rezolyusiyani ma’qullagandi. O‘shanda ham 138 davlat qo‘llab-quvvatlangan hujjatga AQSh qarshi chiqqan edi. Ammo Vashington Bosh assambleyada veto huquqiga ega bo‘lmagani bois hujjat qabul qilingandi.

G‘azo sektorida qirg‘in davom etayotgan bir paytda Falastin ma’muriyati xalqaro hujjatlarda kafolatlangan mustaqil davlat tuzish huquqini talab qilmoqda.

G‘azo sektorida 2023 yil  oktyabrdan buyon Isroil bombardimonlarida 33970 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 76770 nafari jarohatlandi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga ko‘ra, shu muddat ichida G‘azoda 250 ga yaqin xalqaro insonparvarlik tashkilotlari vakillari, jumladan, 180 nafar BMT xodimi halok bo‘ldi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring