Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

Samarqandda quloqchinli sayyohlar qanday paydo bo‘ldi? (foto)

Samarqandda quloqchinli sayyohlar qanday paydo bo‘ldi? (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Audiospektaklli sayohatning muvaffaqiyati siri haqida hikoya qilamiz.

Samarqandning Temuriylar davri tarixiy hududida har biri quloqchin taqib olgan, ko‘zlarida hayajon bilan yurib borayotgan sayyohlar guruhiga duch kelish odatiy hol bo‘lib qolgan.

«Invisible Samarkand» loyihasidagi sayohat Bibixonim masjidi hovlisidan boshlanadi. Haftaning ma’lum kunlarida, bu yerda loyiha mas’ul xodimlari belgilangandan yarim soat oldin kelib quloqchinlarni stol ustiga yoyadilar, ularning har biri texnik holatini tekshiradilar.

Ushbu loyiha yo‘lboshchisi Shohruh To‘rayevning mutaxassisligi tarixchi. U bevosita mehmonlarni sayohat boshlanishi nuqtasida kutib oladi, ular bilan birgalikda hikoyani tinglaydi va qadimiy shahar ko‘chalarini kezadi. Shohruh O‘zbekistonda birinchi marta qo‘llanayotgan sayohat tarixi haqida shunday deydi:

— «Silk Road Destinations» firmamiz vakillari qaysi mamlakatda bo‘lmasin, sayyohlik xizmatidagi o‘ziga xosliklarni o‘rganadi. Audiospektakl yaratish g‘oyasi xorijda xuddi shunday loyihaga guvoh bo‘lgan xodimlarimiz taklifidan paydo bo‘ldi. Shu maqsadda Rossiyadan mutaxassislarni taklif qildik va hamkorlikda ma’lum syujet asosidagi hikoya ssenariysi va uning ovozli varianti tayyorlandi. Ilk marta quloqchinli sayyohlarni sayohat qildirgan kunimiz 2022 yilning 5 sentyabri edi. O‘shanda, ko‘pchilik chetdan qarab buni audiogid  deb o‘ylashgan.

Loyihaga ko‘ra, sayyoh ekskursiya davomida Samarqandda tug‘ilib, shu yerda aqlini tanigan, lekin, uning oilasi 20 yil muqaddam, u bolaligidayoq xorijga ko‘chib o‘tgan, shuncha vaqtdan so‘ng ona yurtini sog‘inib kelgan Saidning hikoyalari orqali shaharni kashf qiladi. Bosh qahramon, o‘zining o‘g‘li Samarqandga kelganida, otasining ovozi  orqali uning bolaligini xayolida jonlantirishi uchun xotiralarini diktafonga yozib olganini aytadi. Saidning hikoyasi Samarqand tarixi haqidagi ma’lumotlar bilan yo‘g‘rilib boradi.

Bibixonim masjididan boshlanadigan ekskursiya, bir vaqtlar yahudiylar yashagan mahalla oralab davom etadi. So‘ng yo‘l-yo‘lakay hunarmandlar markaziga kirishadi. Keyin Registonda Ulug‘bek madrasasi tarixi, bu yerda qanday fanlar, qay tarzda o‘tilgani haqida gapiriladi. Bosh maydonda, moviy gumbazlar, osmono‘par minoralarning manzarasida suratga tushadilar. Keyin Amir Temur maqbarasi tomon yo‘l oladilar...

Ozroq tin olishlar bilan kechadigan ikki soatlik sayohatda 4 kilometr yo‘l bosiladi.

Shohruhning aytishicha, 25 nafargacha sayyohni jamlaydigan guruhga bir necha xodim hamrohlik qilishi muhim.

— Guruh qayerda ekanidan kelib chiqib, ular nimani tinglayotgan bo‘lsa o‘sha ob’yektni ko‘rishlari kerak. Deylik, aniq bir joy yoki narsa, masalan, uy yoki daraxt haqida gap ketayaptimi, sayyohlar aynan shu lokatsiyada bo‘lishi kerak. Ssenariydan oldin yoki orqada qolmasliklarini ta’minlash bizning vazifamiz. Guruhdagilarga ekskursiya beradigan taassurot ularning harakat joyi va hikoyadagi voqealar muvofiq kelishi bilan jonlanadi, kengayadi.

Bundan tashqari, yo‘lboshlovchilar guruhdan kimdir Samarqandning qadimiy tor ko‘chalarida adashib qolmasligi, boshqa ko‘chaga kirib ketmasligi, voqealar ichiga sho‘ng‘ib ketganda oyoq ostidagi ariq yoki deylik, orqadan kelayotgan transport haqida sekin ogohlantirishga ham mas’ul hisoblanarkan.

 

Audiohikoya ingliz va rus tilida taqdim etiladi. Menejer Laylo To‘raqulovaning ma’lum qilishicha, «Invisible Samarkand» loyihasini kengaytirish, italyan, nemis va fransuz tillaridagi variantlarni ham yaratish, shuningdek, Buxoro va Xivada ham xuddi shunday audiohikoyali ekskursiyalarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring