Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Nega robotmasligimizni isbotlash uchun svetoforlar va chorrahalarni kirityapmiz? CAPTCHA qayerga yo‘qoldi?

Nega robotmasligimizni isbotlash uchun svetoforlar va chorrahalarni kirityapmiz? CAPTCHA qayerga yo‘qoldi?

Foto: ACS Information Age

Kompyuterlardan ko‘pdan buyon foydalanayotganlar yaxshi bilishadi: ilgari ayrim tizimlarga kirishda robot emasligimizni isbotlash uchun rasmdagi matn (CAPTCHA )ni kiritish talab etilardi, hozir esa rasmdagi qing‘ir-qiyshiq yozuvlar o‘rnini svetoforlar, chorrahalar, ko‘priklar, avtobuslar, velosipedlar va hokazolar egallagan. Xo‘sh, biz bilgan kapcha qani, bunga neyrotarmoqning nima daxli bor?

Kapcha (CAPTCHA — inglizcha Completely Automated Public Turing test to tell Computers and Humans Apart qisqartmasi — Kompyuterlar va odamlarni farqlash uchun to‘liq avtomatlashtirilgan Tyuring ochiq testi) — foydalanuvchi odam yoki kompyuter ekanini aniqlashda ishlatiluvchi kompyuter testi.

Bu testning asosiy g‘oyasi shuki, foydalanuvchiga odam oson yechadigan, ammo kompyuter juda qiynaladigan vazifa topshiriladi. Kapcha 2000-yilda paydo bo‘lgan. 10 yil oldin dunyoda kuniga taxminan 320 million marotaba kapcha kiritilgan.

Kapcha joriy etilgan paytlarda o‘qish qiyin so‘zdan iborat rasm edi — uni matn qilib kiritish talab etilardi. 2007-yilda Karnegi instituti foydalanuvchiga 2 ta suratni ko‘rsatish taklif qilingan loyihani ishlab chiqdi: ularning biridagi matn yoki raqamlarni tizim bilardi, ammo ikkinchi suratdagi bo‘laklar unga notanish edi (bular kutubxonalardagi kitoblar va gazetalardan olingan skanerlar bo‘lib, ularning bo‘yoqlari chaplanib ketgani yoki skanerlash paytida qog‘oz buklanib qolgani uchun ayrim so‘zlarni o‘qib bo‘lmasdi) — va buni rekapcha deb nomlashdi. Agarda bir bo‘lak uchun 10 foydalanuvchining 9 nafari bir xil matn kiritsa, tizim uni aniqlangan sifatida belgilab qo‘yardi. Shu tarzda kuniga taxminan 100 milliontagacha so‘z raqamlanar, bu yiliga 2,5 milliontagacha kitobni tayyor holatga keltirishda foyda bergan.

O‘sha 2007-yilda rekapchani Google sotib oldi. Ammo uch-to‘rt yil bo‘ldi, robot emasligimizni isbotlash uchun rasmga qarab matn kiritish so‘ralmayapti, balki rasmdagi velosipedlar, avtobuslar, svetoforlar va boshqalarni belgilash talab qilinyapti. Bunga sabab quyidagilar:

Yiliga millionlab so‘zlarni aniqlash neyrotarmoqqa topshirilgandi: u bir necha yil ichida hatto g‘ijimlangan qog‘ozlardagi yoki bo‘yoqlari chaplanib ketgan so‘zlargacha o‘qiy oladigan bo‘ldi. Bir tomondan, neyrotarmoq, ya’ni robot rekapchani buzib kira oladigan bo‘ldi, yana bir tomondan esa, millionlab foydalanuvchilar o‘zlari bilmagan holda sun’iy intellektni istalgan matnni o‘qiy oladigan qilib qo‘yishdi. Endi bo‘lsa foydalanuvchilarning bilvosita ishtirokida yangi neyrotarmoq yo‘ldagi ob’yektlarni avtomat tarzda tanishga o‘rgatilmoqda. Neyrotarmoq yo‘lda duch keluvchi deyarli hamma narsa — avtobuslar, velosipedlar, chorrahalar, ko‘priklar va boshqalarni avtomat (oson) farqlay oladigan darajaga yetsa, undan avtomobillardagi avtopilotlarni boshqarishda foydalanish rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring